Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya a’zolari ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdi.
Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi hamda O‘zbekiston Respublikasining 7 ta qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, og‘ir ahvolga tushib qolgan va bunday xavf yuqori bo‘lgan shaxslar va oilalar manfaatlari bo‘yicha sudga murojaat qilinganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilish ko‘zda tutilmoqda. Ijtimoiy himoya milliy agentligining xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda. O‘zgalar parvarishiga muhtoj, yolg‘iz yashovchi keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning biometrik pasportini almashtirib berishda yengilliklar yaratilishi nazarda tutilgan.
Qonun loyihasi Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlarini himoya qilishga qaratilganligi sababli ham deputatlar hujjatni yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va fikr-mulohazalar bildirilgach, bir ovozdan ma’qullashdi.
Yig‘ilishda “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham deputatlarning diqqat e’tiborida bo‘ldi. Loyihada bolalarga nisbatan zo‘ravonlik tushunchasiga keng ta’rif berilgan. Moddama-modda muhokama qilingan qonun loyihasi yuzasidan bahs-munozaralar yuzaga keldi.
Bugungi kunda bolalarga xavf solayotgan ijtimoiy, iqtisodiy, maishiy va global masalalarga e’tibor qaratilgan holda, savollar berilib, hujjatni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar berilgach, deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Savol
Yelena Babenko,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:
– Qonun loyihasi bo‘yicha savollar, bir-biriga mos kelmaydigan jihatlar ko‘p. Vasiylik idoralarining vazifalari deyarli ko‘rinmayapti. Meni hayron qoldirgani jinsiy erkinlik jumlasining paydo bo‘lganidir. 41-moddada sog‘liqqa, jinsiy erkinlikka, oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlar sodir etgan shaxslarning huquqlarini cheklash haqida gap bormoqda. Jinsiy erkinlik nima o‘zi? Qanday tushunish kerak? Bolalar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunda bunday tushuncha yo‘q. Mazkur qonun loyihasida ham tushuntirish berilmagan.
Javob
Dilnoza Husanova,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Ijtimoiy himoya milliy agentligi mas’ul xodimi:
– Mazkur tushuncha Jinoyat kodeksidan olingan. Bu yerda gap voyaga yetmagan bolalarga nisbatan jinsiy ekspluatatsiya qilishni cheklash haqida ketmoqda. Jinsiy daxlsizlik va jinsiy erkinlik tushunchalari yonma-yon qo‘llaniladi.
Yig‘ilishda Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2023 yil yakunlarini ijrosi hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2024 yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar tinglandi va ma’qullandi.