Sog‘lom farzand oila mustahkamligi va bardavomligi, jamiyat mustahkamligi va ma’naviy yetukligining garovidir. Chunki davlatning taraqqiy etishi – birinchi navbatda bilimli, xalq, millat, vatan taqdiri uchun jonini tika oladigan insonlar qo‘lida. Bunday insonlar qatorida bo‘lish uchun inson eng avvalo har tomonlama sog‘lom bo‘lishi zarurdir.
Keyingi yillarida sog‘lom farzandlarning dunyoga kelishi, ularning sog‘lom turmush tarzida ulg‘ayishi va kamol topishi, bilimli bo‘lishi hukumatimizning davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi tashabbusi bilan 1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida “Birgalikda onkologik va gematologik kasalliklarga chalingan bolalarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashamiz” shiori ostida Respublika bolalar onkologiya, gematologiya va klinik immunologiya markazida xayriya aksiyasi o‘tkazildi.
Unda partiyamizning Markaziy Kengashi va Toshkent shahar kengashi xodimlari bilan birga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Yoshlar parlamenti a’zolari, partiya faollari, talabalar hamda “Medical Clowns” ko‘ngillilar jamoasining vakillari faol qatnashdi.
Dastlab, onkologik va gemotologik kasalliklarga chalingan bolalar uchun Donorlik aksiyasi tashkil etdi va unda partiyaning 50 dan ziyon ko‘ngilli faollari qon topshirdi. Amaliy yordamdan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari, partiya Markaziy Kengashi va Toshkent shahar kengashi mas’ullari, mahalliy Kengash deputatlari markazga kirib, bu yerda davolanayotgan bolajonlar holidan habar olishdi. Yaqindan suhbatlashishdi.
Bugun yurtimizda o‘g‘il-qizlarimizning sog‘lom unib-o‘sishlari, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmay voyaga yetishlari yo‘lidagi sa’y-harakatlar ustuvor ahamiyatga ega. Har birimiz bu yorug‘ olamda umrguzaronlik qilar ekanmiz, hayotimiz davomini farzandlarimiz iqbolida ko‘ramiz. Ularga munosib ism tanlaymiz, yaxshi ustozlar qo‘liga topshiramiz va dilbandlarimizning baxtu kamolini ko‘rish orzusi bilan yashaymiz. Bolajonlar va ularning ota-onalari bilan suhbat chog‘ida hayot kurashdan iboratligi, ulkan orzular qilish va unga yetishishda ortga chekinmaslik, faqat oldinga qadam tashlash muhimligiga e’tibor qaratilib, farzandlar sog‘lom ulg‘ayishi uchun davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan imkoniyat va sharoitlar xususida, so‘zlab berildi.
Jumladan XDP ijtimoiy adolat va ijtimoiy himoya tamoyillariga asoslangan g‘oyalari orqali mamlakatimizda istiqomat qilayotgan har bir insonning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini ta’minlashda katta hissa qo‘shib kelayotgani ta’kidlandi.
Muloqot so‘nggida partiyamiz tomonidan bolajonlarga o‘quv qurollari, gigenik vositalar topshirildi.