«O‘zbekiston ovozi»: Avval test, so‘ng tanlov – bu tamoyil qanday ishlaydi?

 

Oliy ta’limga navbatdagi o‘quv yili uchun hujjat topshirish fursati tobora yaqinlashmoqda. Shu kunlarda maktabni bitirgan, mustaqil hayot yo‘liga chiqqan yuz minglab yoshlarimiz talabalik orzusida o‘z kelajagiga umid ko‘zi bilan qarayapti, bor kuch-g‘ayrati bilan oldinda turgan sinov-imtihonlarga tayyorlanyapti.

 

2023 yil 3 iyul kuni davlatimiz rahbarining «Ma’muriy islohotlar doirasida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan edi. Unda 2024/2025 o‘quv yilidan OTMga kirish imtihonlari «avval test, so‘ng tanlov» tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. Bunda abituriyentlarga to‘plagan ballidan kelib chiqib, ta’lim muassasasi, ta’lim yo‘nalishi va shaklini tanlash imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, akademik litseylarga o‘quvchilarni qabul qilishda yozma imtihon asosida dastlabki saralash bosqichi bekor qilinadi, kollej va texnikumlarning ta’lim dasturlariga davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 2 baravarga oshiriladi.

 

Oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotasi

Prezidentning shu yil 25 maydagi «Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq joriy o‘quv yili qabulidan boshlab davlat buyurtmasi parametrlarini davlat oliy ta’lim muassasalari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilindi. Ta’kidlash joizki, bundan oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari mustasnodir. Davlat buyurtmasi bo‘yicha kvotalar taqsimotida muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalariga ustuvorlik beriladi.

Davlat oliy ta’lim muassasalari uchun o‘rnatilgan tartib va shartlar bo‘yicha talabalar qabulini amalga oshiruvchi oliy ta’lim tashkilotlariga davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etishga ruxsat etiladi. Bunda tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bir talaba uchun ajratiladigan mablag‘ moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalarida bir talaba uchun to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajat miqdoridan oshmagan hajmda moliyalashtiriladi.

Davlat granti kvotalarining oliy ta’lim tashkilotlari kesimida taqsimoti tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarning tanlovi va to‘plagan ballariga ko‘ra amalga oshiriladi.

 

Ta’lim granti kimlarga ajratiladi?

Aytish joizki, ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant qonunchilikda belgilangan imtiyoz bo‘yicha davlat granti asosida va maqsadli qabul doirasida talabalikka qabul qilingan talabalarga, shuningdek, tarmoq va sohalarning, davlat organlari va tashkilotlarining grantlari sohiblari uchun ajratiladi.

Ta’lim granti davlat buyurtmasi parametrlari doirasida oliy ta’lim tashkilotiga qabul qilingan talabalar uchun ajratiladi.

Yangi o‘quv yilidan bakalavriat va magistraturaga qabul qilingan talabalarga ta’lim granti bir o‘quv yili uchun ajratiladi. Bunda:

— birinchi kursda ta’lim grantiga kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plagan talabalar loyiq ko‘riladi;

— ikkinchi va undan keyingi kurslarda esa ta’lim granti yuqori akademik reyting ko‘rsatkichlariga erishgan va ijtimoiy faol talabalar orasida OTT tomonidan tabaqalashtirilgan tartibda qayta taqsimlanadi;

— ta’lim granti tabaqalashtirilgan tartibda moliyalashtiriladi va stipendiya faqat to‘liq ta’lim grantini yutgan talabalarga to‘lanadi;

— ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant sohibi bo‘lgan talabalarga davlat granti ularning o‘qish davri uchun to‘liq hajmda taqdim etiladi;

— ta’lim granti asosida tahsil olgan talabalarning o‘qishni tamomlaganlaridan so‘ng kamida 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilinadi.

Davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilishning minimal o‘tish balli tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishining oldingi o‘quv yilidagi o‘rtacha o‘tish ballarini hisobga olgan holda Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi. Hududlar, sohalar va tarmoqlarning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash uchun davlat buyurtmasi parametrlari doirasida maqsadli qabul kvotalari ajratiladi.

 

Tanlov – abituriyent ixtiyorida

Shunday qilib, yangi o‘quv yilidan davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha imtihonlar «avval test, so‘ng tanlov» tamoyiliga muvofiq bir vaqtda o‘tkaziladi. Bunda abituriyentlar o‘z tanloviga ko‘ra test sinovi natijasida to‘plagan ballidan kelib chiqib, dastlab oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga, so‘ng professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi.

Davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda abituriyentlar har yili 5 iyundan 25 iyunga qadar (25 iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat oliy ta’lim muassasasini tanlaydi.

Bunda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha yagona kasbiy (ijodiy) imtihonlar dasturlari va baholash mezonlari tegishli vazirliklar (idoralar) tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. O‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi.

Ikkinchi bosqichda abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi.

2025−2026 o‘quv yili qabulidan boshlab fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan ta’lim yo‘nalishlariga qabul xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikat asosida amalga oshiriladi.

Barcha davlat kollej va texnikumlariga «avval test, so‘ng tanlov» tamoyiliga muvofiq qabul qilishda abituriyentlar kollej va (yoki) texnikumni, kasb va mutaxassislikni hamda ta’lim shaklini oliy ta’lim muassasalariga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng 10 kun muddatda tanlaydi.

 

Magistratura uchun chet tili darajasi talabi pasaytirildi

Shu paytga qadar amalda bo‘lib kelgan tartibga ko‘ra, filologik yo‘nalishlar uchun C1 daraja, qolgan barcha yo‘nalishlar uchun esa B2 daraja talab qilinardi.

Yangi tartib bo‘yicha, magistratura mutaxassisliklari va oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklariga qabul qilishda xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikatlar quyidagi darajalarda talab etiladi:

— xorijiy tillar yo‘nalishlari bo‘yicha – kamida C1 darajasida;

— gumanitar, biologik va turdosh fanlar, matematika va statistika, biznes va boshqaruv, huquq, xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy va xulq-atvorga mansub fanlar, jurnalistika va axborot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ta’lim sohalari bo‘yicha – kamida B2 darajasida;

— boshqa ta’lim sohalari hamda madaniyat va sport mutaxassisliklari (ixtisosliklari) bo‘yicha – kamida B1 darajasida bo‘lishi kerak.

 

O‘qishga kirishda imtiyozlar ham bor

Imtihonsiz qo‘shimcha davlat granti asosida talabalikka tavsiya etish uchun asos bo‘luvchi imtiyozga ega abituriyentlar Davlat komissiyasining qaroriga asosan ta’lim shaklidan qat’i nazar, ro‘yxatdan o‘tishda imtiyoz amal qiladigan doirada tanlagan birinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Alohida qabul parametrlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun asos bo‘luvchi imtiyozga ega abituriyentlar bor. Ya’ni, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda «Mehribonlik» uylari, Bolalar shaharchalari, SOS – bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylari bitiruvchilari bo‘lgan yetim o‘g‘il-qizlar, shuningdek, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar ular uchun ajratilgan alohida qabul parametrlari doirasida, tanlagan birinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi.

Xalqaro sport musobaqalari g‘oliblari jismoniy tarbiya va sport sohasidagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga sport turlarining soha bo‘yicha mos kelishiga qat’iy rioya qilingan holda imtihonsiz qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Imtiyoz bilan davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentga ushbu imtiyozdan takroran foydalanishga ruxsat etilmaydi. Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi, shuningdek, oliy ta’limning tegishli bosqichiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan talabaga ikkinchi marta ta’limning ushbu bosqichi uchun davlat granti ajratilmaydi.

Oliy ta’lim muassasalari, oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari hamda harbiy-akademik litseylarga o‘qishga kirishda imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlarning yagona bazasi har yili 1 iyunga qadar manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus axborot tizimiga kiritish orqali shakllantirib boriladi.

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Laziza SHEROVA tayyorladi.

«O‘zbekiston ovozi», 29.05.2023, №22

 

 

 

 

 
← Roʻyxatga qaytish