Uy-joy subsidiyasi: Fraksiyamiz a’zosi savol qo‘ydi, vazir muddat so‘radi

 

Har bir o‘zbekning, har bir o‘zbekistonlikning hayotga, baxtga nisbatan o‘ziga xos qarashi bor. Aksariyat odamlarda ular bir-biriga o‘xshash bo‘ladi. Shaxsiy, oilaviy baxtning markazida ko‘pincha uy-joy, vatan turadi. Xotirjamlikning asosi o‘z uyi, boshpanasi bo‘lishda, degan dunyoqarash asrlar davomida shakllangan. «O‘z uying – o‘lan to‘shaging» naqli ham mavzuga yana bir xarakterli misol.

 

Bosh qomusimizning 47-moddasi shunday bayon qilinadi:

Har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga ega...

Davlat uy-joy qurilishini rag‘batlantiradi va uy-joyga bo‘lgan huquqning amalga oshirilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan ta’minlash tartibi qonun bilan belgilanadi.

Yurtimizda aholining uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasini oshirishga qaratilgan islohotlar zarurati qonunlarimizda ham mujassam. Asosiy e’tibor subsidiya va ipoteka kreditlari ajratish bilan birga, uy-joy qurilishi davlat tomonidan rag‘batlantirilishiga qaratilgan. Demografik o‘sishning shiddati ham mazkur yondashuvning hayotiyligini oshirgani bor gap.

3 iyun kuni Davlat budjeti ijrosi muhokama etilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yig‘ilishida O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Dilbar Mamadjanova 2023 yilda ipoteka subsidiyasi uchun ariza topshirganlarning bor-yo‘g‘i 5 foizi imkoniyatdan foydalangani, ajratilgan mablag‘ to‘liq o‘zlashtirilmaganini aytib, hukumat vakillaridan izoh va kelgusida qanday chora-tadbirlar ko‘rilishi haqida so‘radi.

Deputatimizning savoliga javob bergan vazir o‘rinbosari Ahadbek Haydarov Iqtisodiyot va moliya vazirligi subsidiyalarni cheklamasligini aytib, kelgusi yillarda mablag‘larning to‘liq o‘zlashtirilishi uchun bu yil 7 ming oilaga o‘z uylarida qurilish qilishi uchun mablag‘ ajratish ko‘zda tutilayotgani va shu yildan boshlab to‘liq respublika budjetidan mablag‘ ajratish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Sababi, o‘tgan yilda umumiy summaning bir qismi respublika budjetidan, yana bir qismi mahalliy budjetdan qoplash ko‘zda tutilgan edi. Natijada mahalliy budjetda muammolar bo‘lganligi sababli pul ajratishda muammolar bo‘lgan.

Vazirlik vakilining javobidan keyin palata spikeri masala juda muhimligini bildirib, qo‘shimcha izoh so‘radi:

– To‘g‘ri, vazirlik moliyalashtirib beradi, – dedi Nuriddin Ismoilov. – Lekin umumiy ariza topshiruvchilarning bor-yo‘g‘i 5 foizi subsidiya olgani, 500 mlrd. so‘m o‘zlashtirilmay qolgani uchun sabablar bo‘lishi kerak. Balki, komissiyalar juda yaxshi ishlar, balki, qandaydir byurokratik to‘siqlar bordir. Bizga shuni kimdir tushuntirib bersin.

Spikerning savolidan keyin Bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘zi tushuntirish berishni joiz deb bildi. Ko‘tarilgan masala dolzarbligini aytib, tizimda byurokratik to‘siqlar borligi, yangi tayinlangan vazir o‘rinbosari shu masalani o‘rganayotgani, mablag‘lar to‘liq o‘zlashtirilishi uchun takliflar tayyorlayotganini bildirdi. Bu bo‘yicha batafsil axborot berish uchun bir oy vaqt so‘radi.

Endi mazkur muhokamaga sabab bo‘lgan raqamlarga to‘xtalsak, ipoteka kreditlari bo‘yicha 2023 yilda Davlat budjetidan 30 ming nafar fuqaroga 1,6 trln so‘m subsidiya to‘lab berilishi belgilangan edi.

O‘tgan yil 1 mayidan 1 dekabriga qadar 329 998 nafar fuqarodan ariza kelib tushib, shundan 30 ming nafariga ijobiy xulosa berilgan.

2024 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, 15 204 nafar fuqaroga 1 100,7 mlrd so‘mlik mablag‘ to‘lab berilgan.

Rejaga muvofiq, ijobiy xulosa olgan arizachilarning 15 mingtasiga respublika budjetidan, yana 15 mingtasiga mahalliy budjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan subsidiya berilishi nazarda tutilgan.

Ko‘rinib turibdiki, reja bajarilmagan, bor mablag‘ o‘zlashtirilmagan. Vaholanki, subsidiyaga ehtiyoj sezayotgan fuqarolar oz emas.

Ma’lumotlarga ko‘ra, subsidiya uchun to‘langan umumiy summaning 35 foizi 3 ta hudud hissasiga to‘g‘ri keladi. Bular – Samarqand viloyati, Toshkent shahri va Namangan viloyati.

Mazkur hududlar doimiy yashovchi aholi soniga ko‘ra mamlakatimizdagi eng yirik hududlardan hisoblanadi.

Eng kam subsidiya mablag‘lari Sirdaryo viloyati (22,7 mlrd), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (26,8 mlrd) va Toshkent viloyati (39,7 mlrd) hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu jami summaning 8 foizi, degani.

E’tiborimizni tortgani Toshkent viloyati doimiy aholi soni bo‘yicha respublikamizda eng yuqori ko‘rsatgichga ega hudud bo‘lishiga qaramasdan subsidiya olish ko‘rsatgichlari yuqori emas.

Ariza topshiruvchilarning bor-yo‘g‘i 5 foizi subsidiya olgani va ajratilgan mablag‘ning 500 mlrdi o‘zlashtirilmay qolganiga aniq sabablar borligi va mas’ullar buni aniqlab asosli takliflar tayyorlashiga ishonamiz.

Masalan, belgilangan maksimal summa real uy-joyning narxidan past ekanligi, ikkilamchi uylarga nisbatan subsidiya tatbiq etilmasligi, subsidiya muddatining kamligi, subsidiyali uylarning ipotekali uylarga nisbatan qimmatga aylanishi ham muammo tug‘dirayotgan bo‘lishi mumkin.

Aslini olganda, 15 mingdan ortiq fuqaroning davlat ko‘magi bilan uy-joyli bo‘lishi katta masala. Lekin bir yilda o‘rtacha 280 mingdan ortiq yangi nikohlar qayd etilayotgan mamlakat uchun bu kamdek, go‘yo.

Yetarli daromadga ega bo‘lmagan, farzandlarini yolg‘iz katta qilayotgan ayollar, endi katta hayotga qadam qo‘yayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlash masalasi turibdi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir oyda yangi tashabbus va yechimlar taklif qilishini kutamiz.

 

Ahmad QURBONOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 5.06.2023, №23

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish