Davlatimiz rahbari 6-iyun kuni Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga bordilar. Tashrif doirasida bir qator muloqot va tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Anqara shahrida ikki davlat rahbarlari raisligida Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Sammit O‘zbekiston-Turkiya davlatlari uchun keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga zamin yaratadi.
So‘nggi yillarda har ikki mamlakat o‘rtasida amalga oshirilgan ishlardan ham ko‘rishimiz mumkin-ki, o‘zaro savdo hajmining 1,5 baravarga, qo‘shma korxonalar soni 2 baravarga, investitsiyalar hajmi 2,5 baravarga oshganligidan yoki har ikki mamlakat o‘rtasida haftasiga 90 ta havo qatnovlarining yo‘lga qo‘yilganligi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Muzokaralar davomida har ikki mamlakat o‘rtasida savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish, uchinchi mamlakatlar bozoriga birgalikda chiqish, kelgusida yangi o‘sish nuqtalari va maxsus sanoat klasterlarini yaratish bo‘yicha tizimli ishlashga kelishib olindi.
Shuningdek, mazkur uchrashuv davlatimiz rahbari mamlakatlarimiz o‘rtasida energetika, tog‘-kon, elektrotexnika, to‘qimachilik, qurilish, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va farmatsevtika sanoati, sog‘liqni saqlash, turizm, ta’lim va madaniyat sohalarida hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish borasidagi intilishlar qat’iy ekanligini bildirib, ikki mamlakat hukumatlariga logistika va tranzit imkoniyatlarini rivojlantirish, mavjud transport yo‘laklaridan samarali foydalanish va biznes aloqalarini jadallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash kabi muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Bundan tashqari, uchrashuvda davlatimiz rahbari qo‘shma Ishbilarmonlar kengashini ta’sis etish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligini va uning ilk yig‘ilishi ikki davlat rahbarlari boshchiligida o‘tkazilganligini ham ta’kidlab o‘tdi.
Tashrif davomida bir qator muhim uchrashuvlar, tadbirlar o‘tkazilishi har ikki mamlakatlar uchun manfaatli bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki, uchrashuvlarda madaniy-gumanitar almashinuvni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Xalqlarimiz o‘rtasidagi yaqinlikni mustahkamlash maqsadida o‘zaro madaniyat haftaliklari, ta’lim va tibbiyot forumlari, ko‘rgazmalar o‘tkazish va turistlar oqimini oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Barcha kelishuvlarni to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirish uchun alohida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
Bugungi kunda nafaqat boshqa sohalarda hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Balki, parlamentlararo munosabatlar ham yangi bosqichga chiqayotganligi tahsinga loyiq. Men ham Turkiya do‘stlik guruhi a’zosi sifatida bir necha bor parlamentimizda ulardan kelgan delegatsiya a’zolari bilan uchrashuvda ishtirok etganman. Ular ham muloqot davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni va o‘zaro parlamentlararo munosabatlar yaxshi yo‘lga qo‘yilganligini bir necha bor e’tirof etganligi bor haqiqat. Bizning Qonunchilik palatasining deputatlari ham bir necha bor Turkiya davlatiga borib, forumlar va tadbirlarda ishtirok etib kelishi, har ikkala parlamentlar o‘rtasida munosabatlarning yangi bosqichga chiqishiga xizmat qilmoqda.
Bizning o‘zaro munosabatlarimiz azal-azaldan uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Xalqlarimizning tili, urf-odatlari va qadriyatlari bir-biriga yaqinligi kelgusida ham bu an’analarimiz davom etishiga zamin yaratadi.
Davlatimiz rahbarining Turkiya Respublikasining oliy davlat mukofoti bilan taqdirlanishi bizning mamlakatga juda katta e’tibor va e’tirofning amaldagi ifodasidir. Bu yuksak mukofot xalqimizning o‘zaro hamkorligining bardavom bo‘lishiga xizmat qiladi.
Mavjuda Hasanova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.