Cheklash emas, tenglik zarur

 

Parlamentdagi fraksiyamizning yana bir qonunchilik tashabbusi qo‘llab-quvvatlanadi

Davlat xizmatiga ishga kirishda har doim ham professionallik asosiy o‘rinda turmaydigan, boshqa muhim bo‘lmagan omillar tarozi pallasini bosib ketadigan holatlar ham bo‘ladi. Tenglik, shaffoflik, ochiqlik o‘rnida tanish-bilishchilik, mahalliychilik, korrupsiyaviy holatlar, qarindosh-urug‘chilik kabi illatlar davlat xizmatini rivojlantirishga tushov bo‘lib keldi.

Davlat xizmatini chinakam xalqni rozi qiladigan tizimga aylantirish, boshqaruvda natijadorlik va sifatni oshirish maqsadida 2022 yilda «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida» qonun qabul qilindi.

Davlat xizmatiga kirishda nomzodlarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, huquqlar tengligi yangilangan Konstitutsiyamizning 37-moddasida mustahkamlab qo‘yildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 11 iyun kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida ko‘rib chiqilgan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qoidalarini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham fuqarolarni ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etishni taqiqlash, shuningdek, mehnat huquqlarini ishonchli himoya qilish va mehnat munosabatlarida qo‘shimcha kafolatlar yaratish maqsadlarini nazarda tutadi.

Mazkur loyiha O‘zbekiston XDP fraksiyasining qonunchilik tashabbusi bo‘lib, unga ko‘ra, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz asosida «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi Qonunga va Mehnat kodeksiga qo‘shimcha hamda o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Ta’kidlanganidek, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar izchil amaliyotga tatbiq qilinmoqda. Xususan, Asosiy qonunimizning 28-moddasida «Shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos bo‘lishi mumkin emas», degan qoida bor.

Biroq bugungi kunda jamiyatimiz hayotida fuqarolar yaqin qarindoshida sudlanganlik yoki tugallangan sudlanganlik holati mavjudligi bois ishga kira olmayotgani bilan bog‘liq vaziyatlar ham to‘la barham topgan, deya olmaymiz. Inchunun, davlat xizmatiga bel bog‘lagan nomzodni ishga qabul qilishni ayni vaj bilan rad etish amaliyoti hamon mavjud.

Yuqorida keltirilgan qonun loyihasi esa bunday holatlarga uzil-kesil chek qo‘yish, konstitutsiyaviy normalarning real hayotda ishlashiga erishish, fuqarolarni ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etishni taqiqlash, ularning mehnatga oid huquqlarini ishonchli himoya qilish va mehnat munosabatlarida qo‘shimcha kafolatlarni yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Xususan, «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi Qonunning 10-moddasi «qarindoshining sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinishidagi va uni o‘tashdagi huquqlari cheklanishi uchun asos bo‘lishi mumkin emas», degan jumlalar bilan to‘ldirilmoqda.

Mehnat kodeksining 4-moddasi ikkinchi qismiga «ijtimoiy kelib chiqishi» degan so‘zlardan keyin «qarindoshlarida sudlanganlikning mavjudligi» degan so‘zlar kiritilyapti.

Majlisda deputatlar ushbu qonun loyihasining zaruratiga alohida e’tibor qaratib, unda nazarda tutilayotgan ayrim normalar bo‘yicha o‘z takliflarini, fikr-mulohazalarini bildirdi. Munozaralardan so‘ng qonun loyihasi birinchi va ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Quyi palata yig‘ilishida qizg‘in muhokamalar asnosida ko‘rib chiqilgan yana bir qonun loyihasi seysmik xavfsizlikni ta’minlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritishga qaratilgandir.

Dunyo bo‘ylab seysmik ofatlar tez-tez kuzatilishi barchamizga ma’lum. Mamlakatimizning geografik joylashuvi tufayli bu masalaga shunchaki ko‘z tashlab o‘tib bo‘lmaydi. Seysmik xavfsizlikni ta’minlashda tizimli va rejali islohotlar zarur. Bu borada jahondagi ilg‘or tajribalarga tayanish, shaharsozlik sohasida ilmiy yangilikka va innovatsiyaga asoslangan yondashuvlarni joriy etish pirovard natijada fuqarolar muhofazasini, ularning tinch-xotirjam yashashdek oliy huquqini kafolatlashga xizmat qiladi.

Olimlarning fikricha, seysmik xavf-xatarlarga nisbatan eng yaxshi himoya zilzilabardosh binolarni qurish hisoblanadi. Mamlakatimiz bo‘ylab shaharsozlik ishlari jadal sur’at kasb etgan bir paytda barcha qurilish-pudrat tashkilotlari mazkur masalaga mas’uliyat bilan yondashyapti, deb bo‘lmaydi. Shu boisdan binolar va inshootlarni qurishni hamda ta’mirlashni amalga oshiruvchi tashkilotlarning mas’uliyatini kuchaytirish, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga qat’iy, og‘ishmay rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish – hayotiy zarurat.

Majlisda ko‘rilgan «Seysmik xavfsizlikni ta’minlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasining dolzarbligi ham shunda.

Ushbu loyiha bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga shaharsozlikka oid qonunchilik talablarini buzganlik uchun jinoiy va ma’muriy javobgarliklarni kuchaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, Jinoyat kodeksining amaldagi 2293-moddasining sanksiyalari kuchaytirilib, bosh rejalarga zid ravishda qurganlik, foydalanishga qabul qilish qoidalarini buzganlik, ko‘p kvartirali uylarning yerto‘la va birinchi qavatidagi konstruksiyalarni buzganlik va ruxsat olmasdan qurganlik uchun ma’muriy jarimalar qo‘llanilganidan so‘ng, ushbu huquqbuzarliklarning qayta sodir etilishi jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishi belgilanmoqda.

Ya’ni, mazkur qilmishlarning og‘ir yoki yengilligiga qarab ma’muriy jazo tayinlangandan so‘ng sodir etilsa – 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda. Agar qonunbuzarlik odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa yoki boshqa og‘ir oqibatlarni keltirib chiqargan hollarda – 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.

Shuningdek, huquqbuzarlik va qonunbuzarlik to‘g‘ri kvalifikatsiya qilinishi uchun har bir huquqbuzarlik alohida qism sifatida qayd etilmoqda. Inspeksiya yoki sudlarda sodir etilishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaning oldini olish maqsadida ma’muriy jarimalar miqdorini yagona qilib belgilash, ya’ni, amaldagi ma’lum bir summadan ma’lum summagacha degan normadan voz kechish nazarda tutilmoqda.

Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida mas’ul qo‘mita tomonidan ishchi guruh a’zolari bilan birgalikda bir qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, loyihani birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish davomida berilgan bir qator takliflar ishchi guruh yig‘ilishlarida chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati hujjat matnida aks ettirildi.

Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi shaharsozlik faoliyati sohasida ko‘payib borayotgan noqonuniy qurilishlarning oldini olish, tasdiqlangan bosh rejalarga rioya etilishini ta’minlash, qurilish sifatini oshirish hamda sodir etilgan huquqbuzarliklarni kamaytirib, jazo ta’sirchanligini oshirishga xizmat qiladi.

Majlisda, shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi, «Sudlarda ishlar ko‘rilishida prokuror vakolatini ta’minlash faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi, «Davlat mulkini boshqarish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi, «Xalqaro mehnat tashkilotining To‘liqsiz ish vaqti sharoitlarida ishlash to‘g‘risidagi 175-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1994 yil 24 iyun) ratifikatsiya qilish haqida»gi, amaldagi qonun hujjatlarini yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalariga muvofiqlashtirishga qaratilgan qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlashga yo‘naltirilgan «Tashabbusli budjet» loyihasini yanada takomillashtirish, tanlovda g‘olib loyihalarni aniqlashda inson omilini mumkin qadar qisqartirish borasida ko‘rilayotgan choralar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berish haqida Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri J. Qo‘chqorovga parlament so‘rovi yuborilishi haqida qaror qabul qilindi.

 

Farida MAHKAMOVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 12.06.2023, №24

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish