Tejamkorlik va tartib suv bilan havodek muhim

 

Yildan-yilga energiya iste’moli oshib bormoqda. Energetika vazirligi prognozlariga ko‘ra, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda elektr energiyasi iste’molining yillik o‘sishi 6-7 foiz atrofida bo‘ladi. Yaqin yillarda 22 ta elektr stansiyasi ishga tushirilgan. Elektr energiyasi ishlab chiqarishga xususiy kapital ham jalb qilingan.

Sizu bizga bog‘liq muhim jihat ham bor. Energiyaning isrof bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, tejamkorlikka amal qilish. Uyimizda bir kun chiroq bo‘lmasa, dod-voy qilamiz.

Energiyadan samarali, tejamli foydalanilmas ekan, ishlab chiqarish qanchalik ko‘paytirilmasin, ortib borayotgan talabni qondirish mushkul vazifa bo‘lib qolaveradi.

Davlat rahbari raisligida 10 iyun kuni energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda energetika sohasi obyektlari kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

 

Iqtisod qilish rejasi to‘liq bajarilmayapti

Yig‘ilishda qayd etilganidek, o‘tgan yili elektr va gazni tejash bo‘yicha tumanbay dasturlar qabul qilindi. Xonadonlar va ijtimoiy obyektlarda o‘rnatilgan quyosh kollektorlari hisobiga 20 million kilovatt elektr tejalmoqda. Sanoat korxonalari ham «yashil energiya» manbalarini joriy qilmoqda.

Lekin ayrim hududlarda ishlar sust bo‘lgani uchun elektrni iqtisod qilish rejasi to‘liq bajarilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Yangi ijtimoiy obyektlarni loyihalashtirishda energiya tejamkorlik bo‘yicha qat’iy talab kiritish, ma’muriy binolar, ko‘p qavatli uylar, korxona, savdo va servis binolarida energiya samaradorligi bo‘yicha texnik shartlarni ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda joriy yilda 1 mingta ijtimoiy obyektni kuz-qish mavsumiga tayyorlash topshirildi. Jumladan, 251 ta shifoxona, 292 ta bog‘cha, 393 ta maktab va internat ta’mirlanadi.

Prezident tarmoq rahbarlari va hokimlarning bu yil elektr va gazni tejash rejasi qoniqarsiz ekanini, ular yanada katta marra olishi shartligini ta’kidladi.

Har bir hokimga bittadan tumanni tanlab, elektr va gaz tejash bo‘yicha namuna qilish topshirildi. Ushbu tumanlarda bu yil 750 million kilovatt elektr va 550 million kub metr gaz iqtisod qilinishiga erishish muhimligi ta’kidlandi.

 

Elektromobilni xonadonda quvvatlash rag‘batlantiriladi

Yurtimizda elektromobillar soni oxirgi uch yilda 10 karra oshib, 35 mingtaga yetdi. Jizzaxda elektromobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Shu munosabat bilan elektr tizimini rivojlantirishda yangi zaryadlash quvvatlarini hisobga olish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Endilikda elektromobilni xonadonda quvvatlashni rag‘batlantiradigan tungi tarif joriy qilinadi. Quvvatlash uskunasiga hisoblagich o‘rnatgan aholiga tungi vaqtda quvvatlaganlik uchun arzon tarif qo‘llanadi.

Ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar atrofida 22 kilovattgacha, xonadonda 7 kilovattgacha zaryadlash stansiyasi o‘rnatish mumkin bo‘ladi. Davlat tashkilotlari, savdo markazi, mehmonxona va dam olish maskanlari avtoturargohida quvvatlash stansiyasi o‘rnatiladi.

Yig‘ilishda energetikaning resurs bazasini mustahkamlash masalalari ham ko‘rib chiqildi. Kuz-qish mavsumida aholini issiqlik va ichimlik suvi bilan kafolatli ta’minlash uchun qozonxona va issiqlik tarmoqlarini yaxshilash, suv tarmoqlari va nasoslarni ta’mirlash vazifalari belgilab olindi.

Yig‘ilish davomida tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

 

XDP deputatlari nima deydi?

Shohista TURG‘UNOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Butun mamlakat iqtisodiyoti, xalqimizning ulkan ro‘zg‘ori energiya, elektr bilan bog‘liqdir. Keyingi yillarda yurtimiz katta yaratuvchilik makoniga aylanib ketdi, qayerga bormang, yangi qurilish, yangi bino, yangi ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish manzili yo‘lingizdan chiqadi. Ularning hammasiga energiya kerak, aks holda, o‘zgarishning, o‘sishning imkoni yo‘q.

Iste’molchilarga elektr energiyasini ishonchli va uzluksiz yetkazib berish, bu borada oshib borayotgan talabni qondirish muhim, albatta. To‘g‘risini aytish kerak, shu kungacha biz jiddiy e’tibor bermagan, qaysidir ma’noda amal qilmagan, endi esa iste’mol madaniyatimizda kundalik me’yorga aylanib borayotgan tejamkorlik orqali elektr energiyasining uzluksizligini ta’minlashga hissa qo‘shish mumkin. Kundalik hayotda elektr energiyasini tejashning oddiy qoidalariga rioya qilish orqali har birimiz tabiiy resurslarni oqilona sarflashga hissa qo‘shamiz.

Mutaxassislarning fikricha, milliy iqtisodiyotning energiya sig‘imi rivojlangan mamlakatlarnikidan 2-2,5 baravar yuqori. Energiya resurslarining katta yo‘qotishlari uy-joy sektorida ham yuz bermoqda. Elektr energiyasining o‘rtacha iste’moli uy-joy sektorida jahon miqyosida 23 foizni tashkil etsa, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 40 foizga yetadi. Ya’ni, Yevropada bir kvadrat metr uchun energiya iste’moli yiliga 120 – 150 kVt·soatni tashkil qilgani holda, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 390 kVt·soatdan oshadi.

Shu jihatdan ham Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi, unda belgilab berilgan vazifalar hammamiz uchun ahamiyatli.

Tejash – yo‘qotishlarni kamaytirish, tejamkor texnologiyalarni joriy qilish hisobiga bo‘lishi shart, dedi davlatimiz rahbari.

Rostan ham, energiyani isrof qilmasdan ishlatsak, qanchadan-qancha behuda yo‘qotishlarning oldi olinadi.

 

Nima uchun tejash kerak?

Birinchidan, tabiatga g‘amxo‘rlik qilish uchun. Energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan uy xo‘jaliklari atrof-muhitga kamroq zarar yetkazadi.

Ikkinchidan, energiya samaradorlik oila mablag‘ini tejash imkonini ham beradi. Hisoblagichlar va ishonchli issiqlik kommunikatsiyalari yordamida faqat aslida foydalanilgan energiya uchun haq to‘lanadi.

 

Sherzod RAHMONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Butun dunyoda, mamlakatimizda aholi soni oshgani, iqtisodiyot tarmoqlari kengaygani sari energiyaga talab ham oshib bormoqda. Oxirgi besh yilda yurtimizda elektr energiya iste’moli 20 foizga oshibdi.

Tejamkorlikka amal qilish bizdan mablag‘ so‘ramaydi, katta tashvish tug‘dirmaydi ham. Shunchaki ko‘proq e’tiborli bo‘lish kutiladi, xolos.

Yig‘ilishda bundan buyon ilg‘or tajriba asosida soha va tarmoqlarda energiya samaradorligini baholash bo‘yicha yangicha tizim amal qilishi belgilandi.

Bunda yiliga kamida 4 million kilovatt elektr yoki 375 ming kub metr gaz sarflaydigan yirik iste’molchilar har uch yilda energiya auditidan o‘tadi. Energoinspeksiya har yili yirik iste’molchilar ro‘yxatini e’lon qilib boradi, auditdan o‘tmagan korxonalarga gaz va elektr oshirilgan tarifda yetkaziladi. Mutasaddilarga yil yakunigacha yangi tizim bilan bog‘liq texnik reglament va normativ hujjatlarni ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

Yildan-yilga energiya resurslariga talab oshib borayotgan zamonda ulardan oqilona foydalanish, isrofgarchilikni kamaytirishni hayotning o‘zi taqozo etmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan takliflar, belgilab berilgan vazifalar energiya samaradorligini oshirish uchun muhim, albatta.

Energiya samaradorligi ko‘plab iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik foyda keltiradi. Bu iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, inson salomatligi va hayot sifatiga zarar yetkazuvchi chiqindilar, ifloslantiruvchi moddalarni kamaytirishning eng oddiy hamda tejamkor usullaridan biridir. Energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarning keng qo‘llanilishi kommunal to‘lovlarni kamaytiradi, iqtisodiy afzalliklar yaratadi.

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Laziza SHEROVA yozib oldi.

«O‘zbekiston ovozi», 12.06.2023, №24

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish