Yangi O‘zbekiston muhandislari ilm-fan va ishlab chiqarish drayveriga aylanishi zarur

 

Dunyo ilm-fani rivojlanishning yangi bosqichlariga qadam qo‘yayotgan, ta’bir joiz bo‘lsa, sun’iy idrok hayotimizning barcha jabhasiga faol kirib kelayotgan ayni pallada agrar davlat maqomini bo‘yinga olib yashash taraqqiyotga intiladigan mamlakatga munosib holat emas. Mana shu hayotiy zaruratni o‘z vaqtida anglab, kadrlar tayyorlash o‘zanini zamonaviy talablarga yo‘naltirmagan davlat ham, oliy ta’lim tizimi ham, jamiyat ham muqarrar yutqazadi.

Prezidentimiz raisligida muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi barcha mutasaddilar, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, ilm-fan hamda ishlab chiqarish vakillari uchun tarixiy uchrashuv bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari 2022 yili 20 dekabrda Oliy Majlisga hamda xalqimizga Murojaatnomasida kimyo sanoati, elektrotexnika, transport va energetika sohalarida nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan birga, alohida Muhandislik maktablari tashkil qilinishi, yangi zamon injenerlari tayyorlash tizimi yaratilishi haqida so‘z yuritgan edi. Bugungi yig‘ilish ana shu konseptual maqsadga erishish yo‘lidagi hal qiluvchi qadam bo‘ldi.

Tanqidiy tahlil, yangi g‘oya va tashabbuslarga tayanilgan yig‘ilishda mamlakatimizda zamonaviy talablarga mos muhandis kadrlar tayyorlashning ayni paytdagi holati tanqidiy tahlil etildi. Holatga qaysi tomondan qaramaylik, raqamlar bor holatni ochiq oydin ko‘rsatib turibdi.

Shu o‘rinda davlatimiz rahbari keltirgan faktlarni yana bir karra esga olsak. Yurtimizdagi texnika yo‘nalishidagi 36 ta davlat oliy ta’lim muassasasini har yili 67 ming yigit-qiz bitiradi. Biroq ularning 60 foizi o‘zi o‘qigan yo‘nalish bo‘yicha ishlamayapti. Sababi ularni tayyorlagan oliy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturi va ixtisosliklari bugungi kunda ish beruvchilar talabini to‘laqonli qoniqtira olmayapti.

Oliy ta’lim muassasalari zamonaviy yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash tiziimni yo‘lga qo‘ymasa mahalliy sanoat tarmoqlari katta mablag‘ sarflab, ishchilarini xorijda o‘qitishga yoki chetdan mutaxassis olib kelishga majbur bo‘ladi.

Holbuki, chet eldan jalb qilinayotgan muhandislarning ishini o‘zbek o‘g‘il-qizlari ham uddalashga qodir. Buning uchun ularga zamonaviy ko‘nikma va tajribalar o‘rgatilishi kerak. Holatga eng munosib ta’rif ham yig‘ilishda aytildi: zamonaviy muhandislar tayyorlanmayotganining sababi shuki, OTM va sanoat korxonasi o‘rtasida uzilish yuz bergan. Rektorlar korxonalarga borib, yangi texnologiya va uskunalar bilan tanishmayapti. Ular mutaxassislar tayyorlashda iqtisodiyotning real sektoridagi kadrlarga ehtiyojni inobatga olmayapti.

Davlatimiz rahbari oliy ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash masalasiga to‘xtalar ekan, doim mana shu nozik jihatga alohida e’tibor qaratadi. Nazariy bilim va ko‘nikmaning amaliyotda mustahkamlanishi va asoslanishi, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish zanjirini to‘laqonli integratsiyasini ta’minlashga urg‘u beradi. Bu bejiz emas. Shu yo‘l bilan bitiruvchilarning sifatli bilim olib, kasb-hunar o‘rganib, amaliyotda chiniqib, biror korxona yoki tashkilotga kerakli xodim sifatida shakllanib borishiga erishiladi. Bu jarayonda, shubhasiz, ishlab chiqaruvchilarning kadrlarga ehtiyoji va talabi nihoyatda muhim.

Yig‘ilishda birinchi bosqichda 10 ta oliygohda “Oliy muhandislik maktablari” ochilishi ma’lum qilindi. Ushbu maktablarda ikki yillik amaliy magistratura dasturlari yo‘lga qo‘yilib, ishlab chiqaruvchilar buyurtmasi asosida nomzodlar saralab olinadi. “Tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida har bir oliygohga sanoat hamkori belgilab beriladi. Kelgusida hamkor korxonalarda oliy ta’lim muassasasini kafedralari ochiladi va dual ta’lim yo‘lga qo‘yiladi. Bu jarayonda korxonalar kafedralarni jihozlash, o‘qituvchi va talabalarni rag‘batlantirish choralarini ko‘radi. Talabalarning amaliyoti va bitiruv kursdagi ta’limi ham to‘liq hamkor korxonalarda tashkil qilinadi.

Bu jarayonda tajriba-sinov ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi qonuniy asoslarini takomillashtirish oldimizda turgan muhim vazifalardan.

Zamonaviy OTMlarning daromadi faqat talabaning to‘lov-shartnomasidan tushadigan tushumdangina shakllantirilmaydi. Ayniqsa, texnika-muhandislik yo‘nalishidagi oliygohlar keng qamrovli ish yuritishi, buning uchun huquqiy imkoniyatlar bemalol bo‘lishi muhim.

Ilmiy ishlanmalar, amaliy, innovatsion, fundamental va startap loyihalarni amalga oshirish evaziga ham katta foyda olish mumkin. OTM olimlarining ixtirolari tijoriylashtirilib, ishlab chiqarishga faol joriy etilishi orqali ham salmoqli mablag‘ shakllanadi. Mana shu jarayonni tajriba-sinov ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi muvofiqlashtiradi.

Kechagi yig‘ilishda bildirilgan fikrlar, belgilab berilgan dolzarb vazifalar yurtimizda oliy muhandislik texnika ta’limini yangi bosqichga olib chiqishga, ilm-fan va ishlab chiqarishni bir-biriga yaqinlashtirishga, yaxshi natijalar uchun sherik va hamkorga aylantirishga asos bo‘ladi.

O‘zi o‘ylab ko‘raylik, ilm-fan, texnik-muhandislik bilimi ishlab chiqarish bilan, korxonalar bilan, real hayot bilan bog‘lanmasa, iqtisodiyotga, jamiyatga qachon va qanday samara keltirishi mumkin? Ilm-fandan, muhandislikdan maqsad ishlab chiqarishda, iqtisodiyotda faol bo‘lishdan iborat emasmi aslida?

E’tibor bersak, texnik samaradorlik nuqtai nazaridan eng rivojlangan mamlakatlar o‘z vaqtida shu savollar bilan bog‘liq masalalarga jiddiy e’tibor qaratgan. Ilm-fandan, ishlab chiqarishdan oliy maqsad insonga, turmush farovonligiga xizmat qilishdan iborat bo‘lgan.

Shu ma’noda davlatimiz rahbari o‘tkazgan yig‘ilish, unda ilgari surilgan ilg‘or fikr va tashabbuslar Yangi O‘zbekistonning mazmuni va qiyofasini yana bir bor ko‘z oldimizda gavdalantirdi.

Uchinchi Renessans ezgu orzu, buyuk maqsaddir. Odamlar hayoti bilan, millionlab yurtdoshlarimizning turish-turmushi, mamlakat iqtisodiyoti bilan uzviy bog‘langan ilm-fan uning mustahkam poydevoriga aylanishi zarur.

 

Ulug‘bek Inoyatov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish