Mustahkam hamkorliklar sari

 

Xalqaro maydondagi geosiyosiy vaziyat amaldagi dunyo tartiboti ustunlari darz ketganini ko'rsatmoqda. Bunday jarayonda jahon sahnidagi har bir aktor yangi o'rnatiladigan dunyo tartibotida o'z o'rni va mavqeiga ega bo'lish uchun kurash olib borishi hayotiy masala. Shu olamning ajralmas va teng huquqli a'zosi – O'zbekiston olib borayotgan ichki va tashqi siyosat ezgu maqsadlarga naqadar sodiq ekanimizni ko'rsatmoqda, bunga dunyo guvoh bo‘lmoqda.

O'tgan haftada O'zbekiston Prezidenti ikkita yirik tashkilotning yig'ilishida ishtirok etdi. Bular, Ostonada o'tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti va Ozarbayjonning Shusha shahrida o'tgan Turkiy davlatlar tashkilotining yig'ilishidir.

 

ShHTda yangi hamkor

SHHTning bu galgi yig‘ilishi unga yangi a’zo Belorusning qabul qilinishi bilan o‘zgacha tarixiylik kasb etdi. Endi uning 10 ta teng huquqli a’zosi mavjud. Bu o‘z-o‘zidan Tashkilotning xalqaro maydondagi nufuzining yanada oshishiga olib keladi.

Shu tariqa SHHT dunyo aholisining deyarli 40 foizdan ortig‘ini, umumiy yalpi ichki mahsulotning 4/1 qismini qamrab olgan gigant tashkilotga aylanib ulgurdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning SHHTga a’zo davlatlar bilan savdo aylanmasi 2023 yil yakunlari bo‘yicha 20 foizga, joriy yil boshidan buyon esa yana 15 foizga o‘sgan.

Sammitda so‘zga chiqqan davlatimiz rahbari xalqaro huquq me’yorlari va tamoyillari tez-tez buzilayotganini, tobora kuchayib borayotgan inqiroz va muammolarni hal qilish bo‘yicha jahon hamjamiyatida mavjud bo‘lgan vositalar, afsuski, o‘zining samaradorligini yo‘qotganini ta’kidladi.

Bunday murakkab vaziyatda SHHTning asosi bo‘lgan tamoyillarga sodiqligimizni saqlash va yanada mustahkamlash favqulodda muhimligi, ayni shu tamoyillar Tashkilotni bugungi yutuqlarga yetaklagani aytildi.

Sh.Mirziyoyev kelgusida ham ''Shanxay ruhi''ning mustahkam zamini bo‘lgan tamoyillar – o‘zaro ishonch va manfaat, tenglik, madaniyatlar rang-barangligiga hurmat va umumiy taraqqiyotga intilish, qarorlar qabul qilishda konsensus tamoyilining o‘zgarmasligi va Tashkilotning bloklardan xoli maqomini saqlab qolish, uning ochiqligi, uchinchi mamlakatlarga qarshi qaratilmagani, iqtisodiy, harbiy va siyosiy salohiyatidan qat’i nazar, barcha ishtirokchilarning teng huquqliligi va suverenitetini hurmat qilishga qat’iy rioya etish muhim, deb ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida SHHT oldida turgan eng dolzarb vazifalarga to‘xtaldi. Bular:

Birinchi. Global darajada ishonch taqchilligi misli ko‘rilmagan darajaga chiqqan sharoitda umumiy xavfsizligimizni ta’minlashda yangi yondashuvlarni izlash zarurati o‘sib borayotgani sababli, hozirgi paytda umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi hamjihatlik bo‘yicha O‘zbekiston tomoni ilgari surgan Samarqand tashabbusining ahamiyati har qachongidan ham dolzarbligi ta’kidlandi.

SHHTning Yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik kodeksi qabul qilinishi hozirgi yangi sharoitda muloqotni mustahkamlash va ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish imkonini beradi, dedi Prezidentimiz.

Ikkinchi. Iqtisodiy sohada hamkorlik bo‘yicha strategik yuksalishga erishish.

SHHT doirasida savdo jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha bitimni ishlab chiqish vaqti kelgani, hujjatga savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish, texnik reglamentlar va sertifikatlash, fitosanitariya va veterinariya nazorati tizimlarini yaqinlashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni kiritish mumkinligi sanab o‘tildi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari transchegaraviy elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha jahondagi tendensiyalarni hisobga olgan holda, ushbu sohada amaldagi raqamli savdo platformalari integratsiyasini ko‘zda tutuvchi hamkorlik dasturini tayyorlashni taklif etdi.

Uchinchi. Sanoat kooperatsiyasi dasturlarini qo‘llab-quvvatlash.

O‘zbekiston yetakchisi eng avvalo, infratuzilma, sanoatning yuqori texnologiyali tarmoqlari va xizmat ko‘rsatish sohalarida o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqishni taklif etib, bunda ushbu loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini puxta o‘ylab ko‘rish, SHHT Jamg‘armasi va Taraqqiyot bankini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqishga qaytish muhimligini aytib o‘tdi.

To‘rtinchi. ''Sharq–G‘arb'' va ''Shimol–Janub'' yo‘nalishlari bo‘yicha inklyuziv transport tizimlarini shakllantirish mamlakatlarimiz iqtisodiy salohiyatini samarali rivojlantirish imkonini berishi qayd etildi.

Prezidentimiz transport yo‘laklari ko‘p variantli bo‘lishi – bu butun mintaqa barqaror rivojlanishining eng muhim sharti ekanini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, Logistika jarayonlarini raqamlashtirish rejasini ishlab chiqish, shu jumladan, mamlakatlarimiz chegaralari orqali o‘tadigan mahsulotlar haqidagi ma’lumotlarning elektron almashuvini tashkil etishni taklif qildi.

Beshinchi. SHHT makonida zamonaviy va ishonchli energetika infratuzilmalarini kengaytirish masalasiga urg‘u berildi.

O‘zbekistonda ''yashil'' energetikani jadal rivojlantirish bo‘yicha katta dastur qabul qilingani, yiliga ikki gigavatt quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarining ishga tushirilayotgani, sanoat darajasida ''yashil'' vodorod ishlab chiqarish loyihasi ustida ish boshlangani aytildi.

Davlatimiz rahbari qayta tiklanadigan energetikaga investitsiya va texnologiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish bo‘yicha hamkorlikning kompleks rejasini ishlab chiqishni taklif etdi.

Oltinchi. Jadallashtirilgan raqamli transformatsiya.

Raqamli iqtisodiyotga o‘tish, ''sun’iy intellekt''ni, ilg‘or IT qarorlarni joriy etish mamlakatlarimiz raqobatbardoshligida hal qiluvchi ahamiyatga egadir. Shu borada bilimlar, tajriba va eng yaxshi amaliyotlar almashuvi, IT parklarning tizimli hamkorligini rivojlantirish maqsadida ''SHHT kelajak texnologiyalari'' dasturini ishlab chiqish tarafdorimiz, dedi Prezidentimiz.

Yettinchi. Ijtimoiy rivojlanish va himoya sohasida SHHT mamlakatlari hamkorligi bo‘yicha ''yo‘l xaritasi''ni qabul qilish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif etildi.

Ishonchim komilki, aholi hayot darajasini yuksaltirish va hududlarni, birinchi navbatda, qishloq joylarni rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalarni amalga oshirish 2030 yilgacha mo‘ljallangan eng muhim maqsadlarga erishish yo‘lida umumiy hissa bo‘ladi, deya qo‘shimcha qildi davlatimiz rahbari.

So‘nggi sakkizinchi masalada esa ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ularni yetkazib berish imkoniyatlari nomma-nom aks ettirilgan mamlakatlarimizning agrosanoat sohasidagi salohiyati haqidagi ma’lumotlarni birlashtiradigan ''SHHT oziq-ovqat xavfsizligi atlasi'' qo‘shma elektron platformasini ishlab chiqish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Prezidentimiz nutqi yakunida SHHTni yanada rivojlantirish jarayonlari tarafdori ekanimizni va Tashkilotning faoliyatini takomillashtirish haqidagi taklifni qabul qilishga tayyorligimizni ta’kidladi.

 

TURKIY DUNYO YETAKCHILARI SHUSHADA

Turkiy davlatlar tashkilotining bu galgi yig‘ilishi Ozarbayjonning so‘lim va tarixiy shahri Shushada, ''Transport, o‘zaro bog‘liqlik va iqlim harakati orqali barqaror kelajakni bunyod etish'' shiori ostida o‘tdi.

Turkiy dunyo yetakchilarining aynan Shushada yig‘ilishi ramziy ma’noga ega. Chunki, ushbu shahar uzoq davom etgan kurashlardan so‘ng yana Ozarbayjon tasarrufiga o‘tgan Qorabog‘ning ajralmas qismi hisoblanishi bilan birga mamlakatning tarixiy va madaniy markazlaridan ham sanaladi.

Joriy yil Shusha shahri Islom olamining madaniy markazi, deb e’lon qilinganidan ham uning nafaqat turkiy dunyo, balki Islom olamida o‘z o‘rniga egaligini anglatib turibdi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida Ozarbayjon davlatining asoschisi, Haydar Aliyevning ''Shushasiz – Qorabog', Qorabog'siz Ozarbayjon bo‘lmaydi'', degan fikrini keltirib o‘tdi.

Biz bundan besh yil muqaddam aynan Ozarbayjon zaminida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo bo‘lib kirgan edik. O‘tgan qisqa davrda 30 dan ortiq muhim yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli va keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik, dedi Prezidentimiz.

O‘zbekiston yetakchisi yig‘ilish ishtirokchilarining e’tiborini quyidagi ustuvor masalalarga qaratdi.

 

Birinchi masala.

SAVDO VA TRANSPORT YO‘LLARINI RIVOJLANTIRISH

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tashkilot doirasidagi o‘zaro tovar aylanmasi hajmi 27 foizga oshgan.

Prezidentimiz ''Yagona oyna'' tizimi yo‘lga qo‘yilishidan, bojxona-chegara o‘tkazish punktlarining uzluksiz ishlashi ta’minlanishidan manfaatdorligimizni ta’kidladi.

Qolaversa, Tashkilot doirasida Temir yo‘l ma’muriyatlari kengashini tuzish va uning direksiyasini Toshkent shahrida joylashtirish haqidagi taklifimiz ma’qullanishiga ishonishini aytgan.

 

Ikkinchi masala.

IQLIM O‘ZGARISHLARIGA QARSHI BIRGALIKDA KURASHISH

Davlatimiz rahbari mavjud muammolarni tizimli hal etish uchun vazirlar darajasida Turkiy ekologiya kengashini tuzish va mazkur tuzilma qarorgohini ekologik ofatdan eng ko‘p zarar ko‘rgan hudud – Orolbo‘yidagi yirik shahar Nukusda joylashtirishni taklif qilgan.

 

Uchinchi masala.

MUQOBIL ENERGETIKA

O‘zbekistonda 2030 yilgacha qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini keskin oshirish va energetika balansida ularning ulushini 40 foizga yetkazish maqsad qilingan. Hamkorlikni kengaytirish maqsadida ''Yashil energetika sari turkiy harakat'' konsepsiyasini qabul qilish taklifi ilgari surilgan.

Zamonaviy ''bilimlar iqtisodiyoti''ni qurish, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish uchun raqamli texnologiyalar, blok-cheyn, bulutli, kvant hisoblash texnologiyalari, robototexnika, ''to‘rtinchi sanoat'' kadrlarini tayyorlash sohalarida hamkorlikni kuchaytirishdan manfaatdorligimiz va buning uchun Turkiy davlatlar tashkilotining Inson kapitalini rivojlantirish ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish tashabbusi bildirilgan.

O‘zbekiston yetakchisi mustaqil va ozod Falastin davlatining tashkil etilishi Yaqin Sharqda strategik barqarorlik va tinchlikni ta’minlashning eng asosiy sharti ekanini ta’kidladi.

Sh.Mirziyoyev nutqi davomida ko‘p millionli turkiy xalqlar istiqomat qilayotgan Afg‘onistondagi vaziyat xalqaro hamjamiyat e’tiboridan chetda qolib ketayotganini afsus bilan qayd etib, O‘zbekiston afg‘on xalqiga zarur yordam ko‘rsatishni bundan buyon ham davom ettirishini ma’lum qildi.

Ikkala sammitda ham yangragan takliflar umummanfaatlarni o‘zida aks ettirmoqda. O‘zbekiston olib borayotgan tashqi siyosat hamma uchun ochiq va muzokaralarga tayyorligimizni, xalqaro maydonda sodir bo‘layotgan har bir jarayonga o‘z fikrimiz, pozitsiyamiz borligini yaqqol ko‘rsatmoqda. Aynan shu jihat O‘zbekistonning yangi dunyo tartibotidagi munosib o‘ringa ega bo‘lishini kafolatlashiga shubha yo‘q.

 

Rasmiy xabarlar asosida

Ahmad QURBONOV tayyorladi.

''O‘zbekiston ovozi'', 10.07.2023, №27

 

 

Ekspertlar fikri

 

Ispaniyaning San-Pablo universiteti professori Antonio Alonso "Dunyo" AA uchun intervyusida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonning Shusha shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) norasmiy sammitidagi ishtiroki haqida o‘z fikrlarini bildirdi:

– O‘zbekiston Prezidentining Shusha shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitidagi faol ishtirokini alohida ta’kidlamoqchiman. Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga alohida to‘xtalib, bu umumiy barqaror kelajak sari muhim qadam ekanini ta’kidladi.

Norasmiy sammit chog‘ida O‘zbekiston rahbari transport aloqasi masalalariga alohida e’tibor qaratdi va Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha kutilayotgan chora-tadbirlarni taklif qildi. Jozibador tariflar va biznes uchun "Yagona oyna" tizimini joriy etish taklifi, shubhasiz, yuk tashish hajmini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Ayniqsa, O‘zbekistonda Temir yo‘l ma’muriyatlari kengashini va Inson kapitalini rivojlantirish ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish tashabbuslari innovatsiyalar va "bilimlar iqtisodiyoti"ni rivojlantirish istagidan dalolat beradi.

Nukusda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda birgalikdagi sa’y-harakatlarni birlashtirishga qaratilgan Turkiy ekologiya kengashni tashkil etish taklifi muhim tashabbus bo‘ldi. Qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish va ularning energiya majmuasidagi ulushini 2030 yilga borib 40 foizga oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani O‘zbekistonning yashil kun tartibi va ekologik barqaror rivojlanishga intilishidan dalolat beradi.

O‘zbekiston rahbariyati tomonidan bildirilayotgan taklif va tashabbuslar majmui o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish va butun turkiy dunyo ravnaqini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shishiga ishonchim komil.

 

Li Yunxuei, Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti katta ilmiy xodimi:

— O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatida an’anaviy tarzda faol, konstruktiv rol o‘ynaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning SHHTning Ostona sammitidagi nutqida jahon va "SHHT oilasi" makonidagi bugungi murakkab vaziyatga chuqur baho berilgani buning yana bir tasdig‘idir.

Bunday sharoitda O‘zbekiston rahbarining SHHTning "Shanxay ruhi" va boshqa asosiy tamoyillariga sodiqlikni kuchaytirishga chaqiruvlari har qachongidan ham muhimroqdir. Shuningdek, O‘zbekiston rahbari 2022 yil sentabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida ilgari surgan umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lidagi Samarqand birdamlik tashabbusiga alohida e’tibor qaratmoqchiman. Bu tashabbus Xitoy Raisi Si Szinpinning global sivilizatsiya bo‘yicha tashabbusi bilan hamohangdir. Zamonaviy dunyoda madaniyatlar xilma-xilligiga hurmat bilan yondashish va sivilizatsiyalararo muloqotni rag‘batlantirish chuqur tushunish va amalga oshirishni talab qiladigan strategik muhim vazifalardir.

Shu nuqtai nazardan Prezident Shavkat Mirziyoyevning SHHTning Yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik kodeksini qabul qilish to‘g‘risida bildirgan taklifi dolzarb ahamiyatga ega. Amaliy nuqtai nazardan bu O‘zbekiston rahbarining yangi mintaqaviy siyosati tufayli so‘nggi yillarda mintaqaviy hamkorlik va sheriklikni rivojlantirishda yuqori natijalarga erishgan Markaziy Osiyo davlatlarining ijobiy tajribasiga asoslanishi mumkin.

 

 

 

 

 

 

 
← Roʻyxatga qaytish