Ayol qadri ulug‘langan yurt

 

Yangi O‘zbekistonda ayollarga e’tibor, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab quvvatlash eng asosiy maqsadlarimizdan biri sifatida belgilangan. Mana shunday ezgu ishlarning biri sifatida Farg‘onada ham bir ayol mehnati, uning hayot tajribasi kelajak yoshlarga o‘rnak sifatida davom ettiriladigan bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg‘onaga tashrifi chog‘ida Lolaxon Murotova nomidagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan kasb-hunar maktabi ochildi.

Lolaxon Murotova O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi, “El-yurt hurmati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari sohibasi bo‘lgan. Butun umrini shu sohaga bag‘ishlab, katta muvaffaqiyat va hurmat qozongan.

Opaning mehnatlarini yuksak baholash doimo davlat rahbarlarining e’tiborida bo‘lgan. Shu kunlarda opa oramizda yo‘q bo‘lsada, ularning boy tajribalarini yoshlarga yetkazish, qishloq xo‘jaligida o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash maqsadida ushbu ta’lim dargohi tashkil etildi.

Kasb-hunar maktabi 480 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, unda boshlang‘ich professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlanadi. O‘ttizdan ortiq auditoriyalar, yettita laboratoriya, kompyuter xonalari, faollar zali va muzey barpo etilgan. Shuningdek, 150 o‘rinli turar joy, sport zali, mini-futbol maydonchasi, ustaxona, issiqxona va mashg‘ulotlar uchun avtodrom o‘quvchilar ixtiyorida bo‘ladi.

Quvonarlisi, unda buyurtmachilar mablag‘lari hisobidan fermerlar malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Bu albatta kelajakda qishloq ho‘jaligi sohasini rivojlantirishga hamda jahon bozoriga raqobatbardosh mahsulotlar yetkazib berishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda qaysi bir sohaga qarasak, sohani rivoji uchun xotin-qizlar munosib hissa qo‘shib kelayotganini ko‘rish mumkin. Bu faollik ortida oliy ma’lumotli kadr tayyorlashdagi ularga bo‘lgan e’tiborning samarasi katta o‘rin tutadi. Ayniqsa, magistratura, doktaranturada ham yosh olima ayollarimizni qo‘llab quvvatlab kelinayotgani ham kelajakda Lolaxon Murotovadek fidoyi va mehnatsevar kadrlarni yetkazib berishga zamin yaratadi. Bu esa xotin qizlarimizni Yangi O‘zbekistonning taraqqiyotida munosib hissador bo‘lishlarini ta’minlaydi.

 

Shohista Turg‘unova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish