“Mushtumzo‘r”larga javobgarlik kuchaytirilmoqda

 

“Oilaviy (maishiy) zo'ravonliklardan himoyalash choralari kuchaytirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodekslariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish haqida''gi qonun loyihasi quyi palataning navbatdagi majlisida ko'rib chiqildi. O'zbekiston XDP fraksiyasi a'zosi Mavjuda Hasanova deputatlarni loyiha bilan tanishtirar ekan, ba'zi masalalarga ham to'xtalib o'tdi.

— O‘zbek xalqi uchun oilaning muqaddasligini saqlab qolish, uni mustahkamlash davlatimizning eng muhim vazifalaridan biridir. Ming afsuski, oilalarning mustahkamligini ta’minlashga qaratilgan bir qator islohotlar amalga oshirilishiga qaramay, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik holatlari ortib borayotganligi achinarli holat.

Xususan, 2023 yilda oilaviy-maishiy zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga 40 055 ta himoya orderlari rasmiylashtirilgan bo‘lsa, joriy yilning 6 oyida bu ko‘rsatkich 21 818 tani tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga (14 583) nisbatan 3 001 taga yoki 20 foizga ko‘paygan. Shuni inobatga olgan holda, sohadagi mavjud muammo va huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Loyihada quyidagilar nazarda tutilmoqda, birinchidan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 592-moddasi (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) va Jinoyat kodeksining 1261-moddasi (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bolaga, vasiylik yoxud homiylik ostida bo‘lgan voyaga yetmagan shaxsga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik bilan to‘ldirilmoqda.

Ikkinchidan, Jinoyat-protsessual kodeksining 583-moddasiga o'zgartirish kiritilib, oilaviy (maishiy) zo'ravonlik bilan bog'liq ishlar yuzasidan yarashuv to'g'risidagi ariza sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud alohida xonaga (maslahatxonaga) kirishidan oldin ya'ni oilaviy (maishiy) zo'ravonlik sodir etgan shaxs faqat sudda yarashuv to'g'risida ariza berish huquqiga ega bo'lishi belgilanmoqda.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi kelgusida oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyat ishlarini har tomonlama, to‘liq va xolisona ko‘rib chiqilishiga, tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsni ijobiy tomonga o‘zgarishga, bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashini oldini olish samaradorligi oshishiga hamda oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhitni, shuningdek xotin-qizlar va bolalar huquqlariga oid xalqaro indekslarda mamlakatimizning o‘rnini yaxshilashga xizmat qiladi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish