G‘oyalarimiz hayotiy, harakatlarimiz besamar ketmayapti

 

Minimal iste’mol xarajatlarining joriy etilishi ijtimoiy to‘lovlar va nafaqalarning eng kam darajasini qayta ko‘rib chiqish imkonini berdi. Bu 2021 yilning o‘zida nogironlar, shuningdek, boquvchisini yo‘qotgan oilalar uchun eng kam pensiya va nafaqalar miqdori 10 foizdan 50 foizgacha oshirilishiga olib keldi. Boshqacha aytganda, faol ijtimoiy siyosat yuritishga zamin yaratildi. Xususan, bugungi kunda 2 mln.dan ortiq odam ijtimoiy nafaqa bilan ta’minlangan.

Kambag‘allik chegarasi belgilandi. Endi kim, nima uchun kambag‘al ekani aniq-ravshan bo‘ldi. O‘z-o‘zidan kambag‘allik darajasini qisqartirish bo‘yicha katta islohotlar amalga oshirila boshlandi. Masalan, rasmiy ma’lumotlarda keltirilgan raqamlarga e’tibor bersak, kambag‘allikka qarshi kurashning yangi tizimi yaratilgan 2021 yilda kambag‘allik darajasi 17 foizni tashkil qilgan. Bu 2021 yilda O‘zbekiston aholisining 6 millionga yaqini kambag‘al qatlamga mansubligini anglatardi. 2023 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 11 foizni tashkil qilmoqda.

Kambag‘allikni qisqartirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar Xalq demokratik partiyasining bu boradagi g‘oya va maqsadlari amalga oshib borayotganini anglatadi.

Odamlarga yoppasiga kredit berish yoki pul tarqatish bilan kambag‘allikni yengib bo‘lmasligini isbotlashga hojat yo‘q, albatta. Aksariyat kambag‘al oilalarda mehnatga layoqatli insonlarimiz bor. Ular ishga joylashsa, bu o‘z-o‘zidan oilalar daromadi oshishiga xizmat qiladi. Shu tariqa oila kambag‘alchilikdan chiqadi. Shundan kelib chiqib, dastlabki vazifasi kam ta’minlangan aholini ishga joylashtirish bo‘lgan “Temir daftar”lar tashkil etildi.

Ayni paytda “Temir daftar”lar oilalarni kambag‘allikdan chiqarish ishlarini rejali tashkil etishda, ro‘yxatdagilarga qarab keyingi ishlarni muvofiqlashtirishda qo‘l kelmoqda. Yoshlar va ayollar daftarlari ham kasb-hunar o‘rgatish, bandlikni ta’minlashda manzilli yondashuvni kuchaytirishga xizmat qilyapti.

Eng muhimi, bu ishlar orqali tushkun kayfiyatda bo‘lgan oilalar boqimandalik ruhiyatidan chiqishi, bandlik darajasi oshishi yo‘lida muhim qadamlar qo‘yilmoqda. Mazkur jarayonda O‘zXDP takliflari inobatga olinib, deputatlarimiz tashabbuslari amalga oshayotgani e’tiborli, albatta. Demak, g‘oyalarimiz hayotiy, harakatlarimiz besamar ketmayapti.

 

Abror QURBONOV,

O‘zXDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i.

«O‘zbekiston ovozi», 17.07.2023, №28

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish