Qonuniy yechimga muhtoj

 

“O‘zbekiston-2030” strategiyasida taraqqiyotga eltuvchi yo‘nalishlardan biri – barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlashda uy-joy siyosatiga ham muhim o‘rin berilgan.

Bu bejiz emas. Yurtimizda demografik ko‘rsatkichlarning jadal o‘sib borayotgani, qolaversa, xalqimiz shaxsiy uy-joyga ega bo‘lishni munosib hayot kechirishning asosiy shartlaridan deb bilishi ayni masalaga uzoqni ko‘zlagan holda puxta yondashuvni talab qilmoqda.

 

Insonparvarlik tamoyillari bilan yo‘g‘rilgan Bosh qomusimizda ham har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi qat’iy belgilab qo‘yilganki, bu normaning amal qilishi pirovardida har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalar manfaatini ta’minlab, odamlarimizning bugungi kundan, olib borilayotgan islohotlardan rozilik darajasini oshirishga, jamiyatda nekbin kayfiyatning hukm surishiga zamin yaratadi.

Chindan ham insonning hayotiy ehtiyojlari, eng avvalo, muqim va qulay boshpanaga ega bo‘lishdan boshlanadi. Uying bo‘lsa, o‘ying bo‘lmaydi, deydi ko‘pni ko‘rgan nuroniylarimiz. Ko‘ngil tinchligi, ro‘zg‘orning butligi, hayotdagi halovatni uy-joysiz tasavvur qilish mushkul.

Aynan shu omillar so‘nggi yetti yilda uy-joy qurish sohasida tub o‘zgarishlarga turtki berganini bugun respublikamiz shahar va qishloq tumanlarida qad rostlagan hamda qad rostlayotgan yuzlab, minglab zamonaviy turar joylar misolida yaqqol ko‘rib turibmiz.

 

Raqamlar ortidagi haqiqatlar

Uy-joy siyosati dunyo miqyosida global mavzulardan biri, desak yanglishmaymiz. Chunki aksariyat davlatlarda uysizlik o‘tkir ijtimoiy muammo sifatida bo‘y ko‘rsatmoqda. Hozirda sayyoramizda millionlab insonlar vaqtinchalik boshpanalarda, qochqinlar lagerlarida va boshqa muvaqqat manzillarda, noqulay shart-sharoitlarda kun kechirayotgani hamda ular soni tobora oshib borayotgani barchamizga ma’lum. Yana bir milliard odam rosmana uysiz ekani, 150 millionga yaqin bolalar ko‘chada yashayotgani aniq raqamlarda keltirilmoqda. 2050 yilga borib uysizlar soni uch milliardga yetishi taxmin qilinyapti. Uysizlik muammosi asosan arzon turar joylar yetishmasligi, qashshoqlik, ishsizlik, oilalarning buzilishi, giyohvandlik kabi ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, bu muammo rivojlangan davlatlarni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Ushbu o‘lkalarda juda abgor ahvoldagi butun bir boshli uysizlar manzillari bor.

Mamlakatimizda esa, yuqorida keltirganimizdek, uy-joy qurilishi ko‘lami shitob bilan kengayib borayotgani odamlarimiz uchun yangi-yangi imkoniyatlarni yaratib bermoqda. 2017 yildan 2023 yilga qadar yurtimizda naqd 326 mingta yangi uy-joy qurilib foydalanishga topshirilgani, tarixan ko‘z ochib-yumgulik bu vaqt ichida aholining uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi jon boshiga 18 foizga oshgani buning isbotidir. 2024 yilda esa yana 2 ming 152 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo qilib, 100 mingdan ziyod xonadonni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Shu bilan bir qatorda respublikada 53 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlari bunyod etilmoqda. Joriy yil oxirigacha ushbu massivlarda 31,4 ming xonadondan iborat 767 ta ko‘p qavatli uy, shuningdek, 13,5 ming o‘rinli 60 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 48 ming o‘rinli 44 ta umumta’lim maktabi va 33 ta oilaviy poliklinika qurilishi davlat dasturlariga kiritilgan. O‘z navbatida uy-joy qurayotgan pudrat tashkilotlar aylanma mablag‘i uchun budjet hisobidan tijorat banklariga 2023 yilda 192 mlrd so‘m, 2024 yilda esa 500 mlrd so‘m ajratilgan.

Bu raqamlar, shubhasiz, O‘zbekistonda uy-joy siyosati tizimli yo‘lga qo‘yilgani, uysizlikni, kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari dolzarb vazifalarning old qatorida turgani, alaloqibat, odamlarimizning turmush sifati va darajasini oshirishga ustuvor e’tibor qaratilayotganini dalillaydi.

 

Raqobat-ku bor, ammo...

Global bozor axboroti sohasida tahliliy tadqiqotlar olib boruvchi Research and market kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda jahon qurilish bozori hajmi 10,8 trillion AQSH dollaridan oshgan. Bu ko‘rsatkich 2028 yilga kelib 16,5 trillion dollarlik marradan o‘tishi kutilmoqda. Global qurilish bozorining yillik o‘sishi o‘rtacha 8,91 foiz bo‘lishi prognoz qilingan.

O‘zbekistonda ham ushbu yo‘nalishdagi qamrov yildan-yilga o‘sib borayotgani kunday ravshan. Statistika agentligi ma’lumotlari 2023 yilda tarmoqda yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat miqdori 62 trillion so‘mdan ortgani, bu 2022 yilga nisbatan 6,4 foizga ko‘p ekanini ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimizda qurilish ishlari, xususan, uy-joy qurish 2020 yildan e'tiboran nodavlat sektor qo'liga o'tdi va bu aholining turar joyga ehtiyojini to'laqonli qondirishga, sohada raqobat muhitini yuzaga keltirishga xizmat qilmoqda. Bugun deyarli har qadamda bunyodkorlik amalga oshirilayotgani, ayniqsa, zamonaviy infratuzilmaga ega ko'p qavatli uy-joylardan iborat yangi massivlarning paydo bo'layotganida xususiy pudrat tashkilotlarning o'rni va rolini e'tirof etish joiz, albatta. Hozirda O'zbekistonda urbanizatsiya darajasi 51 foizga yetgani, mamlakat aholisining yarmidan ko'pi shaharlarda yashayotgani – bu o'z-o'zidan bo'lgan jarayon emas. Vaholanki, 2018 yilda urbanizatsiya ko'rsatkichi 40 foizga ham yetmagan.

Shaharsozlikni rivojlantirishda, ko‘p xonadonli uy-joylar barpo etishda salohiyatli, boy tajribaga ega xususiy pudrat tashkilotlari safi oz emasligini ta’kidlagan holda aholi mablag‘larini jalb qilgan ayrim tadbirkorlik subyektlarining shartnoma shartlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarmayotgani bilan bog‘liq holatlar ham uchrayotgani taassufli. Boshqacha aytganda, yangi qurilayotgan ko‘p qavatli turar joydagi xonadon uchun boshlang‘ich badal pulini to‘lab, bu uy bitishini yillarki kutayotgan, bor mablag‘ini ijara to‘lovi uchun sarflab, og‘ir moddiy sharoitda qolayotgan oilalar o‘ylaganimizdan ham ko‘p bo‘lishi ehtimolga yaqin. Axir ko‘p qavatli uy-joy qurish bilan shug‘ullanish davomida odamlarni chuv tushirib, firibgarlikda ayblangan qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar haqidagi axborotlarga OAVda, Internet nashrlarida bot-bot duch kelayotganimiz bor gap. Oqibatda esa yillab peshona teri bilan yiqqan pulidan ayrilgan, uysiz qolgan yurtdoshlarimiz o‘z manfaatlarini ta’minlab berishni so‘rab hukumat idoralariga bosh suqmoqda.

 

Eng katta «xufyona iqtisodiyot» – qurilishda

Shu yilning 17 iyul kuni hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha birinchi yarim yillik tahlili hamda yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari “Eng katta “xufyona iqtisodiyot” ham qurilishda”, deya sohada sog‘lom raqobatni yaratishga to‘siq bo‘layotgan omillarga e’tibor qaratdi.

Yodingizda bo‘lsa, bundan avval ham, aniqrog‘i, 16 yanvarda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Prezident qurilishda 50 trillion so‘mlik mahsulot “soyada qolayotgani''ni tanqid qilib, Toshkent shahridagi “BM Group” qurilish kompaniyasi atigi uch nafar xodimi bilan umumiy qiymati 20 mlrd so‘mlik 62 xonadonli turar joy barpo etganini misol sifatida keltirgan edi.

Mana shunday qonunbuzilishlarni bartaraf etish, uy-joy qurish siyosatini samarali ro‘yobga chiqarishda tushov bo‘layotgan muammolarga barham berish uchun sohada sifat va tartibni kuchaytirish kun tartibidagi masala hisoblanmoqda. Shunga ko‘ra, endilikda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi hukumat tarkibiga o‘tkazilib, vakolatlari kengaytirilishi, ruxsatsiz yoki loyihadan chetga chiqib qilinayotgan qurilishlar bo‘yicha jazo choralari kuchaytirilishi, yangi loyihalarda tadbirkorlar uchun elektr va gazdan texnik shartlar olishda inson omili ishtirok etmay, tizim raqamlashtirilishi belgilandi.

Kutilayotgan bunday o‘zgarishlar bugun ham quruvchiga bergan pulini qaytarib olish ilinjida sudma-sud yurgan yurtdoshlarimiz qalbiga mujda ulashgani, uy-joy qurish sohasidagi bo‘shliqlar barham topishiga odamlarimizda umid uyg‘otgani rost.

Lekin masalaning yana boshqa bir tomoni bor: ko‘chmas mulk bozoridagi munosabatlar qonunchilik darajasidagi islohotlarga muhtoj va buning uchun birinchi galda xalq vakillaridan tashabbusni, faollik va yaxshi ma’noda jonsaraklikni kutyapmiz.

 

 

Abdujabbor OCHILOV,

XDP Yunusobod tuman Kengashi deputati:

– Mamlakatimizda 1 iyul holatiga ko‘ra, qurilish sohasida 53 ming 380 ta korxona ro‘yxatdan o‘tgan. Aynan qurilish korxonalari sonida o‘sish dinamikasi yil sayin jadal ko‘tarilib borayotgani erkin bozor sharoitida ularga talab borligini, shunga mos ravishda bunyodkorlik ishlari juda katta qamrov kasb etayotganini ko‘rsatadi. Biroq bu korxonalarning mijozlar oldidagi majburiyatlarini bajarishni qonuniy tartibga solish har qachongidan dolzarb bo‘lib turibdi. “Nima uchun?” degan savol tug‘iladi.

Bilamizki, amaliyotda hali qurilishi boshlanmagan yoki tugallanmagan uy-joylar uchun qurilish korxonasi bilan to'g'ridan-to'g'ri shartnoma tuzish, hali hatto kotlovani ham qazilmagan uy uchun oldindan pul to'lash holatlari uchraydi. Aksariyat hollarda bunday bitimlar umuman sug'urtalanmayapti. Mijozlar ba'zan hech qanday yuridik kuchi ham bo'lmagan shartnomaga ishonib, million-million so'mlarini qurilish korxonasiga topshirib qo'ymoqda. Bunday tavakkalchilik esa ba'zan odamlarning sarsongarchiligiga olib kelyapti. O'sha shartnomani tuzgan qurilish korxonasi negadir birdan bankrot bo'lib qolishi yoki buyurtmachi pullarini talon-toroj qilishi kabi holatlarni inkor etolmaymiz. Yoki yurist sifatida so'nggi paytlarda ''uy-joy quruvchi'' niqobi ostida firibgarlar ko'payganini ham aytib o'tmoqchiman. Ular uy-joyga buyurtma beruvchilar pulini bankdagi o'zining hisobraqamiga o'tkazib olyapti-da, g'oyib bo'lyaptilar. To'g'ri, qonun doirasida ushlanib, javobgarlikka tortilishmoqda, lekin o'rtada asosiy yutqazayotgan - bu oddiy odamlar bo'lib qolyapti. Xullas, mana shunday holatlarga nuqta qo'yishning, iste'molchilar huquqlarini himoyalashning qonuniy mexanizmini takomillashtirish davr talabiga aylandi.

Ko‘chmas mulk sohasida bu muammolarning oldini olish uchun dunyo tajribasidan o‘tgan eskrou tizimini tezroq amaliyotga tatbiq etish, kafolatni bank zimmasiga o‘tkazish kerak.

Eskrou - bu ma’lum shartlar bajarilgunga qadar pul saqlanadigan bankdagi maxsus hisobvaraq bo‘lib, aytaylik qurilayotgan uyga buyurtma beruvchi o‘z pulini eskrou hisobraqamiga qo‘yadi va sotuvchi (qurilish korxonasi) faqat shartnomadagi majburiyatlarini bajarganidan so‘ng uni olishi mumkin. Ko‘rinib turibdiki, uy-joy qurishni eskrou hisobraqami asosida moliyalashtirish aholi manfaatini kafolatlaydi.

Xalq demokratik partiyasining turar joylarni qurishda jalb qilingan aholi mablag‘larini himoya qilish kafolatlarini yaratish maqsadida “Ulush kiritish asosida uy-joy qurishda ishtirok etish to‘g‘risida''gi Qonunni qabul qilish tashabbusi ham ayni shu ezgu maqsadni ko‘zlaydi. Bunda uy xaridorlari pulini maxsus eskrou hisobraqamga joylashtirish va qurilish korxonasining shartnomadagi majburiyatlarini bajarishiga qarab, bosqima-bosqich mablag‘larni olishi tartibini joriy etish qonuniy asosda mustahkamlanadi.

Unutmaylik, odamlarimiz hayotining uzviy hamda ajralmas qismi bo‘lgan uy-joy siyosatida qonun va adolat ustuvorligiga erishish xalqparvarlikning yorqin namunasidir.

 

Farida MAHKAMOVA,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 24.07.2023, №29

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish