O‘zini band qilgan odamlar va ularni o‘ylantirayotgan muammolar

 

O‘zbekiston nafaqat tadbirkorlikni rivojlantirish, balki qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishda samarali davlat siyosatini yuritayotgan mamlakat sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida 2024 yilning birinchi yarmida Yalpi ichki mahsulot 6,4 foizga o‘sganligi qayd etildi.

Barchamizga ma’lumki, o‘zini o‘zi band qilish instituti, xususan, fuqarolar tomonidan ijtimoiy soliq to‘lash orqali pensiya uchun zarur mehnat stajini hisobga olish tizimi joriy qilingan. Bu tizim qariyb to‘rt yildan beri fuqarolarimizga kelajakda munosib ijtimoiy himoyaga ega bo‘lish imkonini yaratishga xizmat qilmoqda. Rasmiy sektorda band bo‘lganlar soni yildan-yilga ortib bormoqda.

Bugungi kunda shaxsiy mehnatga asoslangan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan 100 dan ziyod faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari mavjud.

Ro‘yxatga olish xabar berish tartibida o‘zini o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tganlikni tasdiqlovchi matritsali shtrix kod (QR-kod) bergan holda maxsus mobil ilova yoxud soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi hamda vaqtinchalik mehnat guvohnomalarini berish tartibi bekor qilindi.

Joriy yilning 1 aprelidan boshlab oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxslarga 100 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratilishi belgilandi.

2020 – 2023 yillar davomida 2,5 mln dan ziyod fuqaro, shundan 44 foizi (1 105 366 nafari) ayollar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan. Ushbu ko‘rsatkichning 64 foizi (1 639 696 nafarni) 2023 yilda ro‘yxatga olingan shaxslardir.

 

Joriy yilning 6 oy davomida o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar

1,3 mln nafardan (1 333 120 nafar) oshdi va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 162,6 foizga oshgan.

Ko‘rib turganimizdek, mazkur tizim aholi orasida ommalashib bormoqda.

Soha kesimida tahlil qilganimizda 45 foizi maishiy xizmat ko‘rsatishda, 19 foizi qishloq xo‘jaligida, 14 foizi ijtimoiy yo‘nalishda, 10 foizi xalq iste’moli mollari ishlab chiqarishda,

9 foizi sanoat yo‘nalishida, 3 foizi axborot kommunikatsiya yo‘nalishida va boshqa sohalarda bandligi aniqlandi.

Yoshi bo‘yicha tahlil qilinganda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 19 foizni, 30-55 yoshgacha bo‘lganlar 78 foizni hamda 55-65 yoshgacha bo‘lganlar 3 foizni tashkil qilmoqda.

 

Hali ham muammolar bor

Aholi bilan muloqotlar, ularning murojaatlari, joylardagi o‘rganishlar, tarmoqqa oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati va huquqni qo‘llash amaliyotining tahlili ayrim muammo hamda kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Birinchidan, joriy qilingan tizimning mazmun-mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida aholi o‘rtasida yetarlicha targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmayotgani sababli o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olinganlar tomonidan ijtimoiy soliq to‘lash darajasi pastligicha qolmoqda. Xususan, 2020–2023 yillarda ro‘yxatga olinganlarning faqatgina 13 foizi (336 ming, shu jumladan, 131 ming ayol) ijtimoiy soliq to‘lovini amalga oshirgan, xolos.

Shuningdek, 2023 yilda aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 65 mingga yaqin (64 892 nafar) fuqarolarga o‘zini o‘zi band qilish uchun 313 mlrd so‘m subsidiya ajratilgan bo‘lib, daromad olish manbai yaratilgan bo‘lsa-da, ularning 88 foizi ijtimoiy soliq to‘lovlarini amalga oshirmagan.

Ikkinchidan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan kam miqdorda soliq to‘langan hollarda ularga tegishli yil uchun mehnat staji hisoblanmagan va to‘langan summani soliq to‘lovchiga qaytarish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yilmagan.

Uchinchidan, qonunchilikka muvofiq o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ijtimoiy soliq to‘lovini hisobot yilining 1 dekabriga qadar amalga oshirishlari lozim. Amalda mazkur sanadan keyin (1–31 dekabr oralig‘ida) soliq to‘lagan shaxslarga tegishli yil uchun mehnat staji hisoblanmagan. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning 70 minggi aynan 1–31 dekabr oralig‘ida ijtimoiy soliq to‘lovini amalga oshirgan.

To‘rtinchidan, qonunga muvofiq ayollar 55 yoshga, erkaklar 60 yoshga to‘lganida yoshga doir pensiya olish huquqi paydo bo‘ladi. Pensiya tayinlash uchun yetarlicha ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga yoshga doir pensiyalar kamida 7 yil ish staji mavjud bo‘lgan taqdirda, bor stajga mutanosib miqdorda tayinlanishi belgilangan.

2022 yil 1 noyabrdan mehnatga layoqatli aholini ro‘yxatga olish va hisobini yuritish tartibi joriy qilingan, shu hujjatga binoan soliq organlarining elektron tizimida 55 yoshga to‘lgan ayollar hamda 60 yoshga to‘lgan erkaklar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘ta olmaydi. Bu esa yoshga doir pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan mehnat staji yetarli bo‘lmagan hollarda aynan o‘zini o‘zi band qilish orqali mehnat stajiga ega bo‘lish imkoniyatini cheklamoqda.

Misol uchun: pensiya tayinlash uchun yetarlicha ish stajiga ega bo‘lmagan 55 yoshga to‘lgan ayollarda va 60 yoshga to‘lgan erkaklarda 7 yil stajiga 5 kun yetmasa ham o‘zini o‘zi band qilish orqali mehnat stajiga ega bo‘lish imkoni yo‘q.

 

Tizimni rivojlantirish borasidagi takliflar

Hukumatga yuborilgan parlament so‘rovida yuqoridagi masalalar yechimiga qaratilgan bir nechta takliflar ilgari surildi. Xususan:

  1. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan ijtimoiy soliq summasi belgilangan miqdordan kam to‘langan hollarda mehnat stajini to‘langan soliq miqdoriga mutanosib ravishda inobatga olish yoki to‘langan summani soliq to‘lovchiga qaytarishning huquqiy mexanizmlarini joriy etish;
  2. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliq to‘lovini 31 dekabrga qadar amalga oshirish;
  3. 2023 yil dekabr oyi davomida 31 mingga yaqin fuqarolar to‘lagan soliq asosida tegishli yil uchun to‘liq mehnat stajini hisobga olish normasini tatbiq etish masalasini ko‘rib chiqish;
  4. Yoshga doir pensiya tayinlash uchun yetarli mehnat stajiga ega bo‘lmagan pensiya yoshidagi fuqarolarga o‘zini o‘zi band qilish orqali zarur mehnat stajiga ega bo‘lish imkoniyatini yaratish lozim.

Yuqoridagi raqamlar, muammo va takliflar ortida minglab fuqarolarimizning ijtimoiy himoyasi, taqdiri yotibdi. Bu masalalar o‘z vaqtida va mas’uliyat bilan yondashilib hal qilinishi muhim. O‘zini o‘zi band qilgan, mehnat bilan daromad va qiymat yaratgan yurtdoshlarimizga katta rahmat aytib, ularni qo‘llab-quvvatlashni bag‘rikenglik bilan izchil davom ettirishimiz maqsadga muvofiqdir.

 

Malika QODIRXONOVA,

Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi,

O‘zXDP a’zosi.

«O‘zbekiston ovozi», 24.07.2023, №29

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish