27 iyul kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy Saylov komissiyasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlangani e’lon qilinishi munosabati bilan partiyaning ushbu saylovda ishtirok etishi bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.
Plenumda ta’kidlandiki, yangilangan Konstitutsiyamizga, Saylov kodeksiga muvofiq mamlakatimizda ilk bor aralash tizimda o‘tadigan saylov Xalq demokratik partiyasi uchun jamiyatimizdagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy masalalar bo‘yicha yangi taklif-tashabbuslarni ilgari surish, partiyaviy dasturlarni takomillashtirish, xalqimiz xohish-irodasini bilish, ko‘proq deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritishga sharoit yaratadi.
Shularga asosan plenumda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining saylovda ishtirok etishi haqida yakdil qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasiga joriy yilgi parlament quyi palatasi va xalq deputatlari Kengashlariga saylov kampaniyasida partiyaning ishtirok etishi bo‘yicha Saylov kodeksiga muvofiq ariza topshirilishi qayd etildi.
Plenumda saylov kampaniyasi davrida barcha tashkiliy-huquqiy ishlarni qat’iy reja asosida, mas’uliyat bilan tashkil etish maqsadida partiya Markaziy saylov shtabini tuzish haqida qaror ham qabul qilindi. Shtabning vazifa va vakolatlari belgilandi.
Viloyat, tuman va shahar partiya kengashlarining saylov shtablarini tuzish va ularning samarali faoliyat yuritishini tashkil qilish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Xalq demokratik partiyasi saylovga qizg‘in va tizimli tayyorgarlik ko‘rishini, mamlakatimizning barcha hududlarida partiya yetakchilari, faollar va ko‘p ming sonli xayrixohlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, o‘tgan yilllardagi faoliyati tanqidiy tahlil qilinishi hamda yangi takliflar olinishi ko‘rsatib o‘tildi.
Kampaniyada partiyaning faol va munosib ishtirokini ta’minlash maqsadida asosiy tadbirlarning kalendar rejasi tasdiqlandi.
Plenumda ko‘rib chiqilgan masalalar va qabul qilingan qarorlar haqida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov maxsus bayonot berdi.
Bayonotda, jumladan, xalqimizning ijtimoiy-siyosiy faolligi va daxldorligi yanada yuksalgan sharoitda o‘tadigan saylov kampaniyasida yurtimizdagi barcha saylovlarda munosib qatnashib, ulkan tajriba to‘plagan Xalq demokratik partiyasi yuqori natijalar uchun intilishi ma’lum qilindi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi
Axborot xizmati