Kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya yaxlit tizimga aylanadi

Tarixan qisqa – atigi to‘rt yil ichida tizimli chora-tadbirlar o‘zining samarasini berib, uch milliondan ziyod vatandoshlarimizning turmush sharoiti yaxshilandi. Kambag‘allik darajasi 17 foizdan 11 foizga tushdi. Jahon banki shu yil may oyida e’lon qilgan “O‘zbekistonning kambag‘allikni qisqartirish yo‘li: xalqaro taqqoslash dasturi xulosalari” hisobotida O‘zbekiston bu sohada eng yuqori natijaga erishgan mamlakatlardan biri ekani qayd etilgani ham bejiz emas.

Ko‘ngilni ko‘taradigan bunday dadil o‘zgarishlar nimadan dalolat beradi? Shubhasiz, bu aholining jon boshiga daromadini oshirish, xalqimiz turmush darajasini ko‘tarish, iqtisodiy rivojlanish bilan bir qatorda ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlam, xususan, kambag‘allar sonini qisqartirish yo‘lida olib borilayotgan amaliy ishlarning hayotiy tasdig‘idir.

 

Shu bilan bir qatorda bugungi kunda mazkur sohada mazmun-mohiyatan yangicha yondashuvlar kerakligi, kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoyani bir-biridan ajratmay, aksincha, bir butun tizimga aylantirish ayni zarurat ekani yaqqol ko‘rinmoqda. (sitata qilib berish kerak)

 

14 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishgan chog‘ida bu xususida yana bir bor to‘xtalib o‘tdi. Unda aytilganidek, kambag‘al oilalarni tanlashda aniqlik, ularni bu holatdan olib chiqish va mablag‘ ajratishda yaxlitlik yetishmayotgani sezilmoqda.

 

Tahlillarga ko‘ra, har yili mamlakatimizda aynan kambag‘allikni qisqartirishga 14 trillion so‘m yo‘naltirilmoqda. Lekin bu mablag‘ 40 turdagi moliyaviy vositalar orqali, 10 ga yaqin idora tomonidan berilmoqda.

 

Taqdimotda bu tizim o‘zgartirilishi, mablag‘lar hudud, tuman va mahallalar kesimida kambag‘al oilalar sonidan kelib chiqib, mos ravishda Ijtimoiy himoya milliy agentligi va mahalliy hokimliklar tomonidan taqsimlanishi ma’lum qilindi. Manzilli ro‘yxat shakllantirilib, unga “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”dagi hamda kambag‘allikka tushish xavfi yuqori bo‘lganlar kiritiladi. Bunday oilalar “mahalla yettiligi” va faollari tomonidan ovoz berish yo‘li bilan tasdiqlanadi. Kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan barcha ijtimoiy xizmat va yordamlar “Inson” markazlari tomonidan amalga oshiriladi.

 

Yana bir ahamiyatli o‘zgarish shundaki, endilikda nafaqat og‘ir sharoitda yashayotgan oilalar, balki kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan mahallalar ro‘yxati ham tuzilib, har yili 50 ta ana shunday toifadagi mahallani ishsizlik va unga soyadek ergashuvchi kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish choralari ko‘riladi. Ehtiyojmand insonlarni ish bilan ta’minlagan tadbirkorlar uchun soliq imtiyozlari joriy qilinishi, bizningcha, eng maqbul yechimlardan biri bo‘ladi.

 

BMT hisobotlarida 2030-yilga borib o‘ta qashshoqlikda yashayotganlar soni jahonda 600 million nafarga yetishi, dunyo aholisining qariyb 7 foizi kambag‘allik chegarasidan past darajada hayot kechirishi prognoz qilinmoqda. Bugun insoniyatni tang vaziyatga solayotgan global muammolar, turli davlat o‘rtasidagi ziddiyatu geosiyosiy kurashlar, iqtisodiy inqirozlar bu xavotirda jon borligini ko‘rsatadi.

 

Shunday murakkab vaziyatda O‘zbekistonning insonparvarlik va xalqparvarlik bilan yo‘g‘rilgan rivojlanish strategiyasi inson manfaatlariga yo‘naltirilayotgani barchamizni mamnun qiladi, zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi.

 

Har bir inson uchun baxtli va farovon hayotni kafolatlash, ayniqsa, ehtiyojmand fuqarolarimizning turmush darajasini ko‘tarish oldimizga yangi-yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya yaxlit tizimga aylanishini Xalq demokratik partiyasi qo‘llab-quvvatlab, o‘zining butun respublikamizdagi deputatlik korpusi, tashkilotlari va xayrixohlari sa’y-harakati bilan jarayonda bevosita faol ishtirok etish choralarini ko‘radi.

← Roʻyxatga qaytish