Prezidentimiz ko‘p quvonchli xabarlar bilan keldi

 

Davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘istonga ko‘p quvonchli xabarlar, muhim yangiliklar bilan, katta islohotlar tashabbuskori bo‘lib keldi.

Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish, hayotimiz sifatini yanada yaxshilash, umuman, biz, farzandlarimiz yaxshi yashashi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga qaratilgan muhim topshiriqlar berildi, yangi vazifalar belgilandi.

Tashrif davomida respublikada sanoatni rivojlantirish yo‘nalishlari belgilandi, iqtisodiy rivojiga e’tibor qaratildi. Xalq bilan muloqot qilib, mahallalarda olib borilayotgan ishlar bilan tanishildi.

Kegeyli tumanida o‘tgan yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari keng muhokama etildi, respublikadagi ulkan imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi. Juda quvonchli bo‘ldik.

Qoraqalpog‘iston juda o‘zgardi, dunyoda unga munosabat ham o‘zgardi. Qarang, 1 milliondan ortiq sayyoh kelibdi. Hali bu raqam karrasiga oshadi. Buning uchun mehmonxona, infratuzilma ko‘proq kerak. Ko‘p loyihalar bilan birga, “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beynov” yo‘li bo‘yidagi 140 gektar yerda 300 ta savdo va servis obyektini joylashtirsa bo‘lishi haqida fikr bildirildi. Ellikqal’ada zamonaviy bozor qurilsa, savdo va xizmatlar ko‘payishi qayd etildi. Men bir zum gavjum majmualar qanday bo‘lishini xayolimga keltirib, xursand bo‘lib ketdim.

Yig‘ilishdagi fikr-mulohazalarni tinglab, oldimizda ulkan va mas’uliyatli vazifalar turganini ich-ichimdan his qildim. Belgilangan har bir loyihaning xalqimizga manfaatli bo‘lib amalga oshishi uchun butun deputatlik korpusi, faollarimiz bilan hamjihatlikda ish olib borishimiz zarur. Sharoit bor, keng imkoniyatlar yaratilyapti, sustkashlik qilishga hech kimning haqqi yo‘q – Vatanni sevmog‘imiz, iymonimizni ko‘rsatmog‘imiz kerak.

 

Xalilla YESHIMBETOV,

O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika kengashi raisi,
Jo‘qorg‘i Kengesdagi partiya fraksiyasi rahbari.

«O‘zbekiston ovozi», 21.08.2023, №33

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish