Davlat rahbari taklifimni qo‘llab-quvvatladi

 

Davlat rahbari doim takliflarga ochiq ekani, ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekani meni hayron qoldiradi, bundan g‘ururlanaman. Muloqotda amfiteatr qurish taklifim ma’qullandi, qancha ijodkorlarning ko‘ngli ko‘tariladigan bo‘ldi.

Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotning Orolbo‘yida o‘tkazilishida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Bu yaxshi tajribalarni o‘zlashtirish, yangicha g‘oya va bunyodkorliklar bilan yashayotgan elimizni ruhlantirish, tadbirkorlikka ishtiyoqi bor yurtdoshlarimizni yanada qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi, deb o‘ylayman.

Ochiq muloqotni xalq vakili sifatida diqqat bilan tingladim. Chunki saylovchilar bilan uchrashuvlarda biznesni yuritish, ish boshlash bilan bog‘liq juda ko‘p savollar bo‘ladi, bu masalada murojaatlar ham talaygina.

Muloqotda qayd etildiki, endilikda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashda barcha banklar va mikromoliya tashkilotlari ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Masalan, 100 million so‘mgacha mikrokredit bor-yo‘g‘i 9 foiz tadbirkorlarning ehtiyoji uchun yetarli ekanligi ma’lum bo‘ldi. Shu bois, mikrokreditlar miqdori 3 karra oshirilib, 300 million so‘mga yetkaziladi. Bunda kreditning 100 million so‘mgacha bo‘lgan qismiga garov talab qilinmaydi. Bu maqsadga bir yilda 10 trillion so‘m beriladi.

Demak, tadbirkorlar, ish boshlash, biznesini yo‘lga qo‘yish uchun intilayotgan qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz qo‘llab-quvvatlanadi, ularga moliyaviy ko‘mak beriladi. Bu ko‘plab oilalar daromadli bo‘ladi, hududlar obod, ko‘ngillar shod, ijtimoiy-iqtisodiy kayfiyat ko‘tariladi, deganidir.

Nimasini aytay, Qoraqalpog‘iston katta bozorlarga chiqish uchun eng qulay hudud deyilganda ota makonimni qaytadan kashf etgandek bo‘ldim.

 

Nazira MATYOQUBOVA,

“Qoraqalpog‘iston tongi” gazetasi bosh muharriri,

Jo‘qorg‘i Kengesdagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

«O‘zbekiston ovozi», 21.08.2023, №33

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish