O‘zbekistonda bundan 7 yil oldin raqobatbardosh va inklyuziv bozor iqtisodiyotini barpo etish bo‘yicha boshlangan muhim hamda keng ko‘lamli islohotlar o‘z natijasini bermoqda.
Xususan, valyuta kursini liberallashtirish, import tariflarini pasaytirish, tanlangan tovar va xizmatlar narxlarini erkinlashtirish, monopoliyaga qarshi kurashishga qaratilgan islohotlar xususiy sektorni rivojlantirishda, barqaror ish o‘rinlarini yaratish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Mamlakatimizda tadbirkorlik davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishi, davlatimiz rahbarining doimiy e’tiboridagi soha hisoblanadi. So‘zimizning yaqqol isboti, 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil instituti joriy etilgan.
Yangicha formatdagi shaxsan Prezidentimizning mamlakat miqyosidagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti esa sohaning rivoji uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Uchrashuvlardagi ilgari surilgan taklif va tashabbuslar kichik va o‘rta biznesni rivojlanishiga, yangi bozorlarga kirish imkoniyatini oshirishga, yuqori daromadli korxonalarni ko‘payishiga olib kelmoqda.
Agar raqamlarga e'tibor qaratadigan bo'lsak, o'tgan uchta ochiq muloqot arafasida 33 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan. Ko'rilgan chora-tadbirlar natijasida tadbirkorlik subyektlarning soni kundan kunga ortib bormoqda. Masalan, bugungi kunda 100 tadan ortiq ishchisi bor korxonalar 3 mingga yaqinlashib, ulardagi ish o'rni bir yilda 440 mingga ko‘paydi. Xususiy sektorda 5 million so‘mdan ko‘p maosh oladigan ishchilar 1 milliondan oshdi.
Qayd etish joizki, tadbirkorlik faoliyatida huquqiy asoslarning mavjudligi va barqarorligi muhim omillardan biri hisoblanadi. Shu ma’noda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda tadbirkorlarning huquqiy kafolatlariga bag‘ishlangan muhim normalar belgilandi. Bu kafolatlarning aynan Asosiy qonunimizda belgilanishi tadbirkorlarning huquqlari va manfaatlari bevosita ta’minlanishi uchun imkon beradi.
Mazkur huquqiy islohotlarning mantiqiy davomi sifatida Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan eng muhim hujjati — bu Tadbirkorlik kodeksi bo‘ldi. Ushbu hujjat bugungi kunda tarqoq holda bo‘lgan tadbirkorlikka oid qonunchilik hujjatlarini yagona hujjatga birlashtirish, tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarini barqarorlashtirish, davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvini keskin kamaytirish, shuningdek, tadbirkorlik huquqi sohasida yagona yondashuvni belgilashga xizmat qiladi.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda mamlakatimizda biznes muhitini yaxshilash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijasini bugun hammamiz ko‘rib turibmiz. Yaqinda Xalqaro valyuta jamg‘armasi mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti ilk bor 100 milliard dollardan oshganini tasdiqlagani ham fikrimiz isbotidir. Bunday yuksak natijalarga erishishimizda ilg‘or texnologiyalar asosida zamonaviy korxonalar ochayotgan, yuz minglab yangi ish o‘rinlarini yaratayotgan va dunyo bozorlariga jadal kirib borayotgan azmu shijoatli tadbirkorlarning hissasi beqiyos, desak ayni haqiqat.
Mamlakatimizda keyingi yillarda tadbirkorlikka juda keng mashtabda e’tibor qaratilayotgani natijasida birgina joriy yilning o‘zida tadbirkorlarning tovar aylanmasi o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga ko‘payib, 986 trillion so‘mga yetdi. Yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan 100 milliard so‘mgacha bo‘lgan o‘rta korxonalar 2 karra ko‘paydi. Aylanmasi 100 milliard so‘mdan ortiq yirik korxonalar esa 2 ming 200 tadan oshdi.
An’anaga aylangan va bu gal ilk marotaba Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan navbatdagi to‘rtinchi yilgi uchrashuv ham mamlakatimizda tadbirkorlik muhitini yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.
Ochiq muloqotda tadbirkorlik sohasidagi yutuq va muvaffaqiyatlar bilan bir qatorda tizimli muammolar jonkuyarlik va yuqori talabchanlik bilan tilga olindi. Xususan, Prezidentimiz tadbirkorlik uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish bo‘yicha muhim yangi tashabbuslarni ilgari surdilar.
Masalan, kichik va o‘rta biznes uchun moliyaviy resurslar ko‘paytiriladi. O‘tgan yili kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun yangi tizim joriy qilingan edi. Bu borada Biznesni rivojlantirish banki va Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tashkil etilib, yil boshidan 35 mingdan ortiq tadbirkorlarga jami 3,5 trillion so‘m mikrokreditlar ajratildi.
Bundan tashqari, “Biznesga birinchi qadam” dasturi bo‘yicha tadbirkorlikni endi boshlayotgan 115 ming aholiga 1 trillion so‘mlik mikroqarzlar berildi. Endi ushbu tajriba yanada kengaytirilishi belgilandi. Bu o‘z navbatida, yangi tadbirkorlar sonini ko‘paytirish va ko‘plab ish o‘rinlarini yaratishga turtki bo‘ladi.
Ochiq muloqotda yer bozori shakllanishi ta’sirida yangi investitsiya loyihalarida yer sotib olish xarajatlari keskin oshayotgani, tadbirkor yerga buncha katta xarajat qilgandan keyin qurilish, texnika va uskunaga mablag‘i yetmay qolayotgani qayd etildi. Bu borada endilikda tadbirkor auksiondan yer sotib olganda unga qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblash bekor qilinishi ayni muddao bo‘ldi.
Ayniqsa, Toshkent shahri va viloyat markazlarida sotilgan yer bo‘yicha xarid summasini uch yilgacha, qolgan hududlarda besh yilgacha, 4 va 5-toifa tumanlar uchun esa o‘n yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berilishi, darhol to‘lov qilaman degan tadbirkorlarga 20 foizgacha chegirma berilishi ming-minglab tadbirkorlarimizning ayni dilidagi gap bo‘ldi.
Umuman olganda, tadbirkorlik rivoji yo‘lidagi har bir qadam jamiyat va mamlakat rivojiga mustahkam poydevor yaratadi. Ochiq muloqotda ilgari surilgan taklif va tashabbuslarning to‘laqonli hayotga tatbiq etilishi mamlakatda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yanada yaxshilashga, aholining turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Firdavs SHARIPOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.