Mirzacho‘lda aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qanday ishlar olib borilmoqda?

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zolari Sayxunobod tajribasi asosida tomorqa va uy xo‘jaliklaridagi imkoniyatlarni kengaytirish, aholini mahsulot ishlab chiqarishga o‘rgatish, kichik sanoat va xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, namunaviy intensiv bog‘lar tashkil etish orqali fuqarolar daromadlarini yanada oshirish borasida olib borilayotgan ishlar holatini Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumani misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rgandilar.

Deputatlar tumanning “Yangidala”, “Do‘stlik”, “O‘zbekiston”, “Gulzor”, “Bog‘bon” va “Mustaqillik” MFYda bo‘lib, o‘rganishlar olib bordi. Ma’lum bo‘lishicha, aholining dehqon xo‘jaliklari va tomorqalarida hosildor navlarni ekish, yuqori daromad olishda tomorqalardan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish, biznes rejalar ishlab chiqish, hosildor urug‘larni va navlarni ishonchli joylardan olish, ularga turli xildagi agrotexnik xizmatlar ko‘rsatish maqsadida mavjud 12 ta mahallaning har birida alohida kooperatsiyalar tashkil qilingan.

Tumandagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga dehqon xo‘jaligi yuritishi uchun 271 gektar yer maydonlari ajratilgan. Natijada, 500 nafar yoshlarning bandligi ta’minlangan. Mazkur dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalari uchun 181 nafar fuqaroga tuman tijorat banklari tomonidan kredit mablag‘lari ham ajratib berilgan.

Mirzacho‘l tumanidagi 6 606 ta aholi xonadoni tomorqalarida 804.2 gektar yer maydonlari mavjud bo‘lib, 167 gektar yer maydonida sabzavotlar, 64 gektar yer maydonida poliz mahsulotlari, 65 gektar yer maydonida kartoshka, 64 gektar yer maydonida dukkakli mahsulotlar, 387 gektar yer maydonida boshqa turdagi ekinlar ekilgan.

Bundan tashqari, bugungi kunga qadar sanoat mahsulotlari eksporti 6,3 mln. dollarni, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti 2,1 mln. dollarni tashkil etgan.

Deputatlar o‘rganish davomida qilingan ishlarni e’tirof etib, aniqlangan masalalar yechimini nazoratga oldilar.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish