Tadbirkorlar uchun yangi ruh bergan tarixiy uchrashuv

 

Mamlakatimizda an’anaga aylangan “Tadbirkorlar kuni” munosabati bilan Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning tadbirkorlar va ishbilarmonlar bilan uchrashuvi noan’anaviy tarzda Qoraqalpog‘iston respublikasida bo‘lib o‘tdi. Albatta, bu bejiz emas, maqsad Qoraqalpog‘istonda investitsiyaviy muhitni yanada rivojlantirish va ushbu respublikada tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun berilgan imkoniyat va shart-sharoitlardan foydalanish.

Yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan insonlar uchun bu uchrashuv va muloqot katta imkoniyat, chunki unda muammolar va kamchiliklar o‘rtaga tashlanib, hal etiladi. Yangi-yangi taklif va g‘oyalar ilgari surilib, zarur bo‘lsa yangi imkoniyat va shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha choralar ko‘riladi. Navbatdagi uchrashuvda ham tadbirkorlar ko‘targan 700 dan ortiq masala, tashabbus va yangi loyihalar qo‘llab-quvvatlandi va 8 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratildi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar rivoji, tadbirkorlik infratuzilmasi uchun yana 18 trillion so‘m yo‘naltirildi.

Tadbirkorlariga yaratib berilayotgan sharoitlar natijasi ularning tovar aylanmasi va amalga oshirayotgan eksportida o‘z aksini topmoqda. Bu yilning o‘zida tadbirkorlarning tovar aylanmasi o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga ko‘payib, 986 trillion so‘mga yetdi. Yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan 100 milliard so‘mgacha bo‘lgan o‘rta korxonalar soni 2 karra ko‘paydi. Tovar aylanmasi 100 milliard so‘mdan ortiq yirik korxonalar esa 2 ming 200 tadan oshganining o‘zi yaratib berilayotgan sharoitlarning natijasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Saylovoldi dasturidan o'rin olgan eng asosiy maqsadlardan biri bu - hududlarda ish o'rinlarining yaratilishidir. Tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishi, bevosita ish o'rinlarining yaratilishi bilan bog'liq. Mamlakatimizda kundan kunga ortib borayotgan korxonalar yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga sabab bo‘lmoqda. Bugungi kunda 100 tadan ortiq ishchisi bor korxonalar 3 mingga yaqinlashib, ulardagi ish o'rni bir yilda 440 mingga ko'paydi. Eng asosiysi, xususiy sektorda 5 million so‘mdan ko‘p maosh oladigan ishchilar soni 1 milliondan oshdi. Shundan 370 mingi 10 million so‘mdan ziyod oylik oladi. O‘tgan yillar davomida tadbirkorlar soliq to‘lovlaridan qochib “soya''da ishlagan bo‘lsalar, bugungi kunda ularga berilayotgan soliq imtiyozlari sababli “soya”dan chiqib, qonuniy faoliyat, sog‘lom raqobat yo‘liga o‘tib, o‘z reytingini oshirmoqdalar.

Shu davrda yirik soliq to‘lovchilar tushumlari 10 foizga, viloyat darajasidagi korxonalarda 25 foizga, tuman tadbirkorlari to‘layotgan soliqlar 40 foizga o‘sgan.

Shuningdek, O'zbekistondagi muhit va shart-sharoitlar investorlarni ham o'ziga jalb qilmoqda. Shu yilning 6 oyida to‘g‘ridan-to'g'ri xorijiy investitsiya hajmi o‘tgan yilga nisbatan 2 karra o‘sib, 14 milliard dollarga yetganligini o‘ziyoq, investorlarning O‘zbekistonda biznes qilishga ishonchi ortib borayotganligidan dalolat beradi.

Eng muhimi, mazkur uchrashuvda tadbirkorlar uchun qo'shimcha sharoit va imkoniyatlar yaratish bo'yicha muhim tashabbuslar ilgari surildi, ya'ni kichik va o'rta biznes uchun moliyaviy resurslarni ko'paytirish va “Biznesga birinchi qadam'' dasturi bo‘yicha tadbirkorlikni endi boshlayotgan 115 ming aholiga 1 trillion so‘mlik mikroqarzlar berildi va ushbu tajriba yanada kengaytirilishi belgilab berildi.

Uchrashuv tadbirkorlarimiz va tadbirkorlik faoliyatini boshlash arafasida turgan ko‘plab yurtdoshlarimiz uchun yangidan yangi imkoniyatlar bermoqda. Ushbu imkoniyatlar, yaratib berilayotgan sharoitlardan unumli foydalanib, mamlakatimizda biznes muhitini yaratish esa, xalqimiz farovonligiga o‘z hissasini qo‘shadi.

 

Dilbar Mamadjanova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish