Shu kunlarda hududlarda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining yangi Saylovoldi dasturi loyihasini har tomonlama takomiliga yetkazish uchun jamoatchilik muhokamalari bo‘lib o‘tmoqda. Buxoro viloyati Kasaba uyushmasi zalida o‘tkazilgan muloqotda partiya a’zolari, hududdagi faollar, boshlang‘ich partiya tashkilotlari yetakchilari, turli soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi U. Inoyatov yig‘ilganlarni yangi Saylovoldi dasturi loyihasi konsepsiyasi bilan tanishtirdi.
Ta’kidlanganidek, partiya ijtimoiy tenglik va adolat, qonun ustuvorligi, inson huquqlarini ta’minlash, fuqarolar hamjihatligi va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash, har bir inson uchun ijtimoiy tenglik va adolat tamoyillari asosida munosib yashash sharoitini yaratish kabi maqsadlardan kelib chiqqan holda yangi dasturiy hujjatini shakllantirmoqda.
Keyingi besh yillik uchun 10 ta yo‘nalish, 15 ta strategik qadamdan iborat ustuvor vazifalar belgilab olinmoqda. Xususan, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, ehtiyojmand aholi qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, arzon uy-joy va sifatli kommunal xizmatlar ko‘rsatish, malakali tibbiy xizmat, nogironligi bo‘lgan shaxslarning talab va ehtiyojlari, qonuniy huquq va manfaatlari ta’minlanishiga erishish, mamlakatning intellektual salohiyatini yuksaltirish kabi masalalarga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Misol uchun, kam daromadli fuqarolarning buzilgan huquqlarini himoya qilishda advokatura va yuridik xizmatlarning ijtimoiy maqbulligini ta’minlash, bepul maslahat beradigan “yuridik klinika”lar tarmog‘ini rivojlantirishga urg‘u berilayotgani hayotiy zarurat ekanligi ta’kidlandi.
Dasturda shuningdek, ijtimoiy hayotimizdagi mavjud muammolarning konkret yechimlari aks ettirilayotgan bo‘lib, banklar taklif etayotgan kredit mexanizmlari ijtimoiy adolat prinsiplariga muvofiq bo‘lishiga e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, ipoteka krediti to‘lovi bo‘yicha qarzdorlik yuzaga kelganligi sababli garovga qo‘yilgan ko‘chmas mulkni fuqaroga o‘ziga qulay narxda sotish imkonini berish masalasi ham ijtimoiy adolat tamoyillariga mos va xos bo‘lishi e’tirof etib o‘tildi.
Qatnashchilar O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining yangi Saylovoldi dasturiga kiritish rejalashtirilayotgan g‘oya va tashabbuslar bilan batafsil tanishar ekan, ularning xalq manfaatlari nuqtai-nazaridan yondoshilganligi, mamlakatda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga yo‘naltirilganligini har tomonlama ma’qullashdi.
Muhokamada ishtirokchilar sog‘liqni saqlash, yanada sifatli kommunal xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, bandlikni ta’minlash bo‘yicha fikr-mulohaza va takliflarini bildirishdi.