Yomon soliq to‘lovchi emasmiz!

 

Shu kunlarda o‘zbek xalqining yomon soliq to‘lovchi ekani, imkon qadar soliqlarni to‘lashdan qochishga urinishi haqidagi iddaolar muhokama qilinmoqda, haqli e’tirozlar bildirilmoqda.

Birinchidan, butun xalqni o'ta qo'rs, kesatiq, mazax ohangida malomat qilish kasb etikasiga mutlaqo to'g'ri kelmaydi va bu professionalizmdan yiroq harakat.

Ikkinchidan, turli yo‘llar bilan soliq to‘lashdan bo‘yin tovlovchilar bor, ularga qarshi qattiq kurashilmoqda, soliq tizimi avtomatlashtirilmoqda, biroq butun o‘zbek xalqi yomon soliq to‘lovchi emas!

Unutmaslik kerakki, mamlakat byudjeti fuqarolarning turli to‘lovlari orqali ham shakllanadi. Asosiy manbalar soliqlar, bojxona yig‘imlari va boshqa to‘lovlardir.

 

Fuqarolarning byudjetdagi ulushi nimalarda ko‘rinadi?

Daromad solig‘i: ish haqi va boshqa daromadlardan to‘lanadigan soliq.

Qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS): tovar va xizmatlarni sotib olganda to‘lanadigan soliq.

Mulk solig‘i: ko‘chmas mulkka egalik qilganlik uchun to‘lanadigan soliq.

Aksiz solig‘i: alkogol, tamaki mahsulotlari va boshqa aksiz tovarlar uchun to‘lanadigan soliq.

Ijtimoiy to‘lovlar: pensiya va boshqa ijtimoiy xizmatlar uchun to‘lanadigan to‘lovlar.

 

Shuningdek, qo‘shilgan qiymat solig‘i oziq-ovqat mahsulotlari narxida ham mavjud bo‘lib, uni iste’molchi mahsulotni xarid qilganda to‘laydi.

Bu soliqlar davlat byudjetini to‘ldirishga xizmat qiladi va byudjetdan ijtimoiy, iqtisodiy, ma’muriy loyihalarga mablag‘ ajratiladi. Demakki, har bir o‘zbekistonlik, qayerdadir ishlashi yoki ishlamasligidan qat’i nazar, faol soliq to‘lovchidir va fuqarolik jamiyatining o‘z ovoziga ega a’zosi sifatida hisob so‘rashga haqli.

 

Abror QURBONOV,

O‘zXDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish