Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari joylarda saylovchilar, xalqimiz vakillari bilan uchrashib, muloqot o‘tkazganda har xil murojaatlar bo‘ladi. Odamlarga quloq tutish, ularni o‘ylantirgan muammoni hal etish vazifasi bo‘lgan tashkilotga yetkazish, aholi bilan yonma-yon turib, unga yechim topish deputatning burchi. Shuni tushunadigan tashkilotlar va mutasaddilar ko‘payayotgani hammamizni quvontiradi.
18-mart kuni Samarqand viloyatining Paxtachi tumani aholisi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarimizda bir masala ko‘tarildi. Bu haqda mas’ul tashkilotlarning xabari bo‘lsa kerak.
Paxtachi tumani Samarqand shahridan 140 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, aholisi asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va xomashyo ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Hozir tumanda 143,9 mingdan ziyod aholi yashaydi. Tumanda ish bilan band aholi soni 61 ming nafarga yaqin.
Masala nimada?
Paxtachi tumani “Navoiy kon-metallurgiya”, “Navoiyazot”, ”Navoiyelektrkimyo”, “Qizilqumsement” kabi yirik ishlab chiqarish korxonalari faoliyat ko‘rsatayotgan Navoiy shahriga ancha yaqin joylashgan. Mazkur korxonalarning ishlab chiqarish jarayonida havoga ajralib chiqayotgan zaharli gaz va chiqindilari tuman aholisi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelyapti. Aholi muammolari o‘rganilganda so‘nggi yillarda hududda surunkali bronxit, bronxial astma va allergik kasalliklar ko‘paygani qayd etildi. Ayniqsa, bu kasalliklar bolalar o‘rtasida ko‘p kuzatilmoqda. Lekin yetkazilayotgan zarar uchun hech qanday ustama yoki boshqacha shaklda ijtimoiy himoya choralari belgilanmagan.
Paxtachi tumaniga yonma-yon joylashgan Navoiy viloyati tasarrufidagi Xatirchi tumani aholisi ish haqiga qo‘shimcha ustamalar to‘lanishi hukumatning tegishli qarorida ko‘zda tutilgan. Lekin Paxtachi tumanida ishlovchilarning mehnatiga qo‘shimcha ustama to‘lash hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizomda nazarda tutilmagan. Vaholanki Navoiy shahrining markazi bilan Paxtachi tumanining chegarasi bor-yo‘g‘i 14-15 kilometrni tashkil etadi xolos.
Shularni hisobga olib Paxtachi tumani hududida yashovchi aholining talablari va manfaatlarini himoya qilish maqsadida mahalliy aholining taklifi hamda iltimosi asosida mazkur tumanni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-sentabrdagi “Mehnat bozorida mehnat munosabatlarini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 743-qarori bilan tasdiqlangan nizomning 1-ilovasidagi tumanlar ro‘yxatiga kiritish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shu haqda hukumatga taklif kiritilib, amaliy yordam so‘radik.
Hukumatning yuqorida nomi keltirilgan qarori bilan tabiiy-iqlim va maishiy sharoitlari og‘ir va noqulay bo‘lgan joylarda ishlovchi xodimlar mehnatiga haq to‘lashga tuman koeffitsiyentlarini, shuningdek, ularga har yili beriladigan qo‘shimcha ta’tilning eng kam muddatini belgilash va qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan.
Ushbu hujjatga ko‘ra mehnat sharoitlari noqulay bo‘lgan joylarda ishlaganlik uchun ish haqiga ustamalar miqdori o‘sha joy uchun belgilangan tegishli koeffitsiyentni ish haqi summasiga ko‘paytirish orqali belgilanadi.
Ustama miqdori ish haqining O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan va ustama hisoblanadigan oydan keyingi oyning boshida amal qiladigan: 2019-yil 1-sentabrdan boshlab mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 1,4 baravari miqdoridan ortiq bo‘lmagan ish haqi summasidan hisoblanadi.
Ustamalar xodim ushbu joyda yashashi yoki yashamasligidan qat’i nazar ish joyi bo‘yicha to‘lanishi belgilangan.
Aholining haqli murojaati va taklifini qanoatlantirib, rozi qilish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning muhim maqsadlaridan biri hisoblanadi.
Sherbek Bo‘ronov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi.