O‘Z VAZIFAMIZGA UYG‘OQ QALB BILAN YONDASHMOG‘IMIZ KERAK

Inson o‘z hayotida kasbni to‘g‘ri tanlay olsagina zavq bilan ishlaydi, ko‘ngli to‘q bo‘lib yashaydi. Kasbga bo‘lgan mehr va sadoqat esa insonni katta marralar sari boshlaydi.

«Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan qoraqalpog‘istonlik Aygul Pirnazarova hayoti ham bunga misol bo‘la oladi.

 

Aygul PIRNAZAROVA, I.Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi katta ilmiy xodimi:

—      Butun xalqimiz uchun eng aziz va eng ulug‘ bayram O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 28 yilligi arafasida muhtaram Yurtboshimiz tomonidan «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangani men uchun kutilmagan voqea va katta quvonch bo‘ldi. Bunday shukuhli onlarda kunglingda shunaqa ajib tuyg‘ular paydo bo‘ladiki, uni so‘z bilan ta’riflash qiyin. Eng avvalo mening ko‘z oldimdan butun mehnat faoliyatim o‘tdi. Chunki ushbu muzeyga oddiygina farrosh bo‘lib ishga kirgan kunimdan boshlab, bo‘lim mudirasi darajasiga yetgunimcha menga ustozlik qilgan insonlar, ota-bobolarimiz qo‘l mehnatlari bilan yaratgan meroslari orqasidan mana shunday yuksak mukofotga sazovar bo‘ldim.

Davlatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng tariximizni o‘rganishga, milliy meroslarni qayta tiklashga katta e’tibor qaratildi. Xalqning bebaho durdonalari saqlangan muzeylar, ulardagi eksponatlarni keng targ‘ib qilish borasidagi ishlar yo‘lga quyildi. Buning natijasida muzeyimiz tez orada jahonga tanildi.

O‘zlarining yuksak mahoratini, teran fikrini, orzu umidlarini kashtadagi, gilamdagi naqshlar bilan so‘zlata olgan qoraqalpoq xalqining hunarmandchiligi bugun dunyo xalqlarini hayratga solmoqda. Bunga misol tariqasida bir nechta chet davlatlarda o‘tkazilgan ko‘rgazmalardagi eksponatlarni aytsam bo‘ladi. Mana shunday ko‘rgazmalarda xalq orasidan yetishib chiqkan chevarlarning o‘z qo‘llari bilan tayyorlagan kashtali kiyimlarini, zargarlik buyumlari, chet ellik yetuk mutaxassislar tomonidan yuksak baholandi. Ushbu muzeyga asos solgan Igor Vitalevich Savitskiy bilan 10 yil birga ishlaganim, muzey ishlarini o‘rganganim o‘zim uchun bir umrga tatigulik tajriba maktabi bo‘ldi. Qishloqma-qishloq oralab hunarmandchilik namunalarini yig‘ishni davom etdik, bir paytlari Savitskiy orzu qilgan hunar turlarini qayta tiklash borasida bir qancha ishlar amalga oshirildi.

Bugungi kunda kashtachilik, to‘qimachilik hunarlari yuqori darajada rivojlanib, kashtali milliy kiyimlar, sovg‘abop buyumlar ishlanib, do‘konlarimizda sotilmoqda. Barchamiz faxr bilan aytadigan «Sahro Luvri» nomi bilan mashhur bizning muzeyimizning obruyi kundan-kunga ortib bormoqda. Muzey zallari bo‘ylab mehmonlarga ekskursiya o‘tganimda o‘zimni unutib, uzoq o‘tmishga sayohat qilganday bo‘laman va hamisha so‘zimni «muzey haqida so‘zimni to‘xtatish qiyin» degan jumla bilan yakunlayman. Xalqimizning milliy meroslarini asrab-avaylash, keng jamoatchilikka tanitish bilan birga kelajak avlodga yetkazish borasida qilayotgan mehnatim yuksak baho olishi nafaqat mening, balki butun jamoamiz, rahbarlarimizning yutug‘i ekani haqiqat. Bu yuksak mukofotga javob tariqasida shogirdlar tayyorlab, ularga xalq merosining qadr-qimmatini tushuntirish eng asosiy vazifam bo‘lib qoladi.

 

Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, yurtimiz taraqqiyoti, tinchligi va barqarorligini ta’minlash ishiga qo‘shgan munosib hissasi hamda jamoatchilik ishlaridagi ko‘p yillik samarali ishtiroki uchun II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan mukofatlanganlar qatorida Qoraqalpog‘istondan Maryam Ahmedova ham bor.

 

Maryam AHMEDOVA, Amudaryo tumani hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi:

— Men 34 yillik mehnat faoliyatim davomida 18 yil rahbarlik lavozimida ishlagan ekanman. 2001 yildan 2005 yilgacha 27-sonli o‘rta maktab ta’lim tarbiya ishlari bo‘yicha ilmiy bo‘lim mudiri, 2005 yildan 2012 yilgacha 27-sonli o‘rta maktab direktori bo‘lib ishladim.

2012 yildan buyon Amudaryo tumani hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisiman.

Bugungi kunda Amudaryo tumanida 192,6 mingdan ziyod ko‘p millatli aholi istiqomat qilib, ularning 95,6 ming nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning bandligini ta’minlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etish, kredit olishlariga ko‘maklashish, oilalarni yanada sog‘lomlashtirish va mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida tumanimizda samarali ishlar olib borilmoqda.

Biz xotin-qizlarga doimiy ravishda e’tibor qaratib kelmoqdamiz. Tibbiyot, ta’lim, huquqni muhofaza qilish idoralari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, tibbiy va huquqiy madaniyatini oshirish, aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarni turli yot g‘oyalardan asrash maqsadida turli mavzularda tadbirlar muntazam o‘tkazilib kelinmoqda.

Og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan xotin-qizlarni manzilli qo‘llab-quvvatlash maqsadida doimiy ravishda o‘rganish ishlari olib borilib, natijada 105 nafar og‘ir sharoitda yashayotgan xotin-qizlarning ro‘yxati shakllantirildi. Ulardan 16 nafariga uy-joylarning boshlang‘ich to‘lovlari to‘lab berilgan bo‘lsa, 42 nafarining bandligi ta’minlanishga ko‘maklashildi. 14 nafariga tikuv mashinalari olib berilib, kasanachilik asosida bandligi ta’minlandi.

Oilalarni mustahkamlash, qizlar ta’lim-tarbiyasi borasida olib borilgan tizimli ishlar natijasida joriy yilda tumanda erta turmushga chiqish, erta tug‘ruq, onalar o‘limi holatlari sodir bo‘lmadi. Oilaviy ajrimlar, ayollar o‘rtasida jinoyatlar kamaydi.

Tumanda tug‘ish yoshidagi 51 ming nafar ayolning salomatligi muntazam ravishda nazoratga olinib, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi, homilador ayollarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi skrining markaziga o‘z vaqtida yuborilib, tibbiy nazoratdan o‘tkazib borilishi natijasida bolalar o‘limi kamayib, 70 dan ortiq nogiron bola tug‘ilishining oldi olindi.

Tumanda xotin-qizlar sportini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Tuman ayollari jamoalari sportning qator turlari bo‘yicha viloyatda sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqda. O‘zbekiston miqyosida o‘tkazilgan «Yashil maydon malikalari» sport musobaqasining Qarshi shahrida o‘tkazilgan Respublika bosqichida qizlarimiz faxrli 2-o‘rinni egalladi.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni ko‘ksimga taqilishi, qilgan ishlarimga emas, balki qilinajak ishlarim uchun qarzga berilgan baho deb bilaman. Bu mukofatni oqlash uchun el-yurt manfaati yo‘lida bor kuch-g‘ayratimni ayamay mehnat qilishga tayyorman. O‘zimda katta mas’uliyat va javobgarlikni chuqur his etaman. Har doim ish jarayoniga yangi usullar, innovatsion yondashuvlarni qo‘llashga eng faol, jonkuyar va fidoyi xotin-qizlar safini kengaytirishga astoydil harakat qilaman.

Muhtaram Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, har birimiz o‘z ishimizga pok vijdonimiz, uyg‘oq qalbimiz bilan yondashsak, ona vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

 

O‘z muxbirimiz

Minajatdin QUTLIMURATOV

yozib oldi.

← Roʻyxatga qaytish