O‘zbekiston XDP Toshkent viloyat kengashi Ohangaron tumanidagi mahallalarda aholi vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
«Oybuloq» mahallasidagi muloqotda 50 ga yaqin fuqaro turli muammolarni ko‘tardi. Masalan, «Yangi bino» qishlog‘i «Istiqlol», «Guliston» ko‘chalarida yashovchi fuqarolardan ichimlik suvining tanqisligi, elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq nosozliklar, yo‘llarning ta’mirtalabligi masalalari yuzasidan murojaatlar tushdi.
Guljamol Qurbonova yuqori kuchlanishli elektr simlari uyining tomiga tegib turishi, namgarchilik paytida baxtsiz hodisa ro‘y berishi mumkinligi haqida gapirdi. Fuqaro ko‘p marotaba turli tashkilotlarga murojaat qilgani, lekin natija bo‘lmaganini aytdi.
Yana bir fuqaro olis hududlarda yashaydigan maktab o‘quvchilari uchun avtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yish masalasini ko‘tardi. Nishongul Qurbonova esa 2-guruh nogironligi bor farzandi Dilbar Turonova oilasi bilan ko‘p qavatli uyning 4 qavatida yashashini, bu katta qiyinchiliklar keltirib chiqarayotgani, shuning uchun Dilbarga birinchi qavatdan uy berilishini so‘radi.
Ochiq muloqotda murojaatlar mutasaddilar ishtirokida ko‘rib chiqildi.
«Yalpoqtepa» mahallasida ham muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda fuqarolardan kundalik hayot uchun zarur bo‘lgan masalalardan tortib, viloyat miqyosida hal etilishi kerak bo‘lgan muammolargacha ko‘tarildi. Kimdir avtomobil qatnovi ko‘p bo‘lgan hududlarda yo‘l chiroqlar, piyodalar o‘tish joylari yo‘qligi haqida aytsa, boshqalar ichki yo‘llarning ayanchli holatidan kuyunib gapirdi.
— Murojaatlarning aksariyati yo‘llar, kommunal xizmat sifati, tabiiy gaz va elektr energeyasi masalalari bilan bog‘liq, — deydi O‘zbekiston XDP Ohangaron tuman kengashi raisi Feruza Xolto‘rayeva. — Uzoq yillar davomida shu masalalarga jiddiy e’tibor qaratilmagan, mutasaddilar o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan. Aks holda, hamma joyda deyarli bir xil muammolar yig‘ilib qolmagan bo‘lardi. Tan olish kerak, bunda partiyamiz faollari, deputatlarning ham katta aybi bor. Endi jim turmaymiz, yuz-xotir, andisha, degan tushunchalarni chetga surib, aholi manfaati uchun harakat qilamiz, kurashamiz. Chunki ijtimoiy muammolarni hal etishning boshqa yo‘li yo‘q.
Albatta, partiya faolining gapida jon bor. Biroq gap bilan amaliy ish naqadar uyg‘un bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. O‘ylaymizki, mutasaddilar ham, tashabbus bilan chiqayotgan deputatlar, partiya jonkuyarlari ham murojaatlar qog‘ozda qolishiga yo‘l qo‘yishmaydi.