TA’LIM, MUALLIM VA ISLOHOT

Biz keyingi 30-40 yil davomida muallimni ilmdan uzoqlashtirdik, moddiy yetishmovchiliklarini hisobga olmadik, turli kerakli-keraksiz daftarlarni to‘ldirishga jalb etib, qog‘ozbozlikni avj oldirdik. Natijada ular chorasiz qolib, qora qozonini qaynatish, oilani tebratish, bola-chaqasining kamu ko‘stini to‘ldirish ilinjida o‘z kasbini tashlab, boshqa ishlar bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lishdi, ta’lim tizimida bo‘shliq paydo bo‘ldi.

Erkak o‘qituvchilar kamayib ketgani qanday oqibatlarga olib kelganini bilamiz. Buning ustiga, xudoning bergan yili mart-aprel oyidan boshlab chigit ekish, g‘o‘za yaganasi, qatqaloq, o‘toq, «chekanka», pilla, chorvaga xashak yig‘ish, qishlovga tayyorlash, ko‘cha tozalash, daraxtlarni oqlash, ko‘chat ekish, mahallani obod qilish, paxta yig‘im-terimi va hokazolarga o‘qituvchilarni jalb etish oddiy holga aylanib qolgandi.

Xayriyatki, keyingi ikki-uch yil ichida bu soha vakillari bunday noma’qul ishlardan ozod etildi. Pedagogik faoliyatga salbiy ta’sir etayotgan to‘siqlar olib tashlandi, oylik maoshlar paydar-pay oshirilyapti, ortiqcha qog‘ozbozlik, majlisbozlik, yugurdaklik, hasharbozligu xo‘ja ko‘rsin uchun qilinadigan ishlarga barham berilyapti.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 5 iyunda qabul qilgan «Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori hamda ta’limga tegishli boshqa farmoyishlari, ta’lim sohasi vakillari bilan uchrashuvlarda bildirgan qimmatli ko‘rsatmalaridan so‘ng oliy ta’lim tizimini tubdan qayta qurish borasida keng ko‘lamli ishlar boshlab yuborildi. Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismonan barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha tarixiy ishlarga kirishildi. O‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzi va qadrini oshirish choralari ko‘rilmoqda.

To‘g‘risi, oliy ta’lim tizimida boshlangan islohotlarni tezlik bilan amalga oshirish va ma’lum ijobiy natijalarga tezroq erishish unchalik ham oson ish emas. Negaki, sohada paydo bo‘lgan va nafaqat mamlakatimiz oliy ta’lim tizimi, umuman ta’lim tizimi taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgan qator muammolar uzoq yillar davomida chuqur ildiz otib ketgan. Bu muammolarning shakllanib, rivojlanib, takomillashib, «tuban» holatiga kelgunicha yarim asrdan ko‘proq vaqt o‘tgan.

Prezidentimiz ta’kidlaganiday, ta’lim-tarbiyaning boshi va asosi oiladan boshlanadi, bog‘cha va maktabda davom etadi. Maktabgacha ta’lim vazirligining tashkil etilishi, Prezident maktablari qurilishi va shakllantirilishi, fanlar bo‘yicha mamlakatimiz va dunyo miqyosida o‘tkaziladigan olimpiadalarga hamda jamiyatimizni kitobxonlikka jalb etishga doir qarorlarning qabul qilinishi fikrimizning yorqin dalilidir.

Ammo amalga oshirilayotgan bunday muhim ishlarning natija berishini xotirjam kutib o‘tirib bo‘lmaydi. Dunyoda yuz berayotgan ijtimoiy, iqtisodiy va texnik taraqqiyot hamda ota-bobolarimizning asriy orzusi bo‘lgan mustaqillikka erishgan yurtimizda yangicha fikrlash, yangicha harakat va ijod qilish, yashash sari yuz tutayotgan xalqimiz turmush tarzidagi bugungi keskin talab va ehtiyojlar ham bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini, imkon qadar tezkorlikni taqozo etadi.

O‘tgan o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarining avvalgi yillarga nisbatan bir necha barobarga ko‘paytirilishi, kirish imtihonlari bo‘yicha test savollari va sinovlarining soddalashtirilishi, abituriyentlarning test topshirish jarayoni shaffoflik, xolislik, tashqi aralashuvlarsiz, adolatli tarzda o‘tkazilishining qaror toptirilishi ham xalqimizning ta’lim sohasi rivojiga bo‘lgan ishonchini yanada oshirdi.

Ikki yildan buyon iqtidorli farzandlarimizga o‘qishga kirish borasida ko‘plab yengilliklar, imkoniyatlar yaratildi. Bu yilgidek abituriyentlar mamlakatimizning istalgan joyidan istalgan uch oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirish, istalgan viloyatda kirish imtihonlariga qatnashishi ilgari tajribada bo‘lmagan. Bu – mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida boshlangan islohotlarning debochasi hali. Sobiq sho‘rolar davrida yurtimizda uchta universitet, o‘ttizga yaqin institut faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalarining soni 90 dan ortdi, ya’ni uch barobarga ko‘paydi, rivojlangan chet mamlakatlarning nufuzli universitetlari va institutlari filiallari ham 20 dan ortdi.

Ta’lim sohasida boshlangan islohotlarni muallimning ishtirokisiz amalga oshirib bo‘lmaydi. Eng quyi ilm o‘choqlari – bog‘cha, maktab, litsey, kollejlardan tortib, oliy ta’lim muassasalarigacha bilimli, tajribali, yuksak madaniyatli, o‘z sohasining fidoyisi bo‘lgan jonkuyar, mehribon, g‘amxo‘r va kerak bo‘lsa, o‘z o‘rnida qattiqqo‘l bo‘la oladigan, zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalari bilan jiddiy qurollangan muallimlar zarur.

Ammo... ammo... muammo... muammolar... kamaymayapti. Xo‘sh, muammolar nimalardan iborat?

Birinchidan, ta’lim tizimini boshqarishdagi muammolar — bog‘cha, maktab, litsey, kollej, tuman va viloyat xalq ta’limi bo‘limlariga rahbarlar tayinlashda hali ham avvalgi, eskicha uslubda kadrlar tanlanayotganligida ko‘rinadi.

Prezidentimiz talab qilayotganidek, xalqqa xizmat qilish tamoyili asosida kadrlar, rahbarlar tanlansa edi, qo‘li egri, poraxo‘r, mansabparast, dunyoqarashi va madaniyati undan-da past, so‘kong‘ich, urong‘ich, o‘zidan boshqani mensimaydigan kimsalar bu muassasalar rahbarlari o‘rindig‘iga tasodifan kelib qolmas edi.

Ikkinchidan, bog‘cha, maktab, litsey, kollejlarga tarbiyalanuvchi-ta’lim oluvchilarni qabul qilishdagi qing‘irliklar — bunda shu muassasalarning nafsi hakkalak otgan rahbarlari bilan bir qatorda, farzandlarini ta’lim muassasasiga olib kelayotgan ota-onalarning ham aybi kam emas. Ularning ham ko‘pchiligi yangi davr ruhini, talabini hali ham to‘laligicha anglab, tushunib yetganicha yo‘q. Agar ular bu sohadagi korrupsiyaga barham berishda faol bo‘lganlarida edi, bu boradagi ishlar anchagina samarali bo‘lardi.

Uchinchidan, ta’lim muassasalariga tarbiyachi-pedagoglarni ishga olishdagi muammolar — ta’limda son, miqdor, albatta, tom ma’nodagi sifatga aylanishi shart, yo‘qsa barcha qilinayotgan toat-ibodatlar, sa’y-harakatlar besamar ketadi. Ta’lim, undagi sifat va samaradorlik har tomonlama va to‘liq ravishda tarbiyachiga, muallimga, uning pedagogik salohiyati va mahorati, tajribasiga bog‘liq. Olib boriladigan har bir mashg‘ulotning, darsning texnik vositalari, turli pedagogik usullar tarbiyachi, muallimning jonli va ta’sirli muloqoti, mahorati va tajribasi oldida ikkinchi darajali vositalar hisoblanadi.

Tarbiyachilar, muallimlar turlicha bilim, dunyoqarash, fazilatlar va har xil fe’l-atvorga ega turfa xil insonlardir. Ular oliy ta’lim muassasalarida guruh-guruh, kurs-kurs holida ta’lim-tarbiya olayotgan bo‘lsalar-da, hech qachon konveyyerdan chiqadigan bir xil andozadagi tovarlardek, katta-kichik paykallarga ekiladigan qishloq xo‘jalik mahsulotlari kabi tayyorlanmaydi yoki yetishtirilmaydi. Shuning uchun tarbiyachi, muallimlarni ishga tanlashda, ishga qabul qilishda ularning individual jihatlariga alohida e’tibor talab etiladi.

To‘rtinchidan, oylik maoshlari oshirib borilayotgan, turli qog‘ozbozliklar, majlisbozliklar, hasharlaru ta’limdan boshqa har qanday ishlarga jalb qilinishlardan butunlay ozod etilgan tarbiyachiyu muallimlar oldida birgina vazifa – u ham bo‘lsa sifatli mashg‘ulot, dars o‘tish, ko‘zlari charaqlab turgan shogirdlarga mukammal bilim berish vazifasi turibdi.

Xo‘sh, ular bunga tayyormi? Oyda-yilda bitta badiiy asar o‘qimaydigan, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha biror gazeta yoki jurnalga obuna bo‘lmaydigan, ularni muntazam kuzatib bormaydigan, binobarin, o‘z sohasiga doir so‘nggi ma’lumotlar, yangiliklardan bexabar, faqat darslik bilan chegaralanib qolayotgan «ustoz» o‘z shogirdlaridan ortda qolib ketmayaptimi? Ko‘cha-kuyda, qaysidir yig‘inda oddiy fuqarolar mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar to‘g‘risida bahslashib qolishsa yoki suhbatlashganda o‘qituvchining fikriga alohida e’tibor berishadi va o‘qituvchining fikrini to‘g‘ri, deb hisoblashadi. Agar shu vaqtda ko‘tarilgan masalaga to‘g‘ri, xolisona fikr bildira olmasa, unda o‘qituvchiga nisbatan salbiy fikr uyg‘onadi.

O‘qituvchi o‘z faoliyati uchun zarur bilim va ma’lumotlarni qayerdan oladi, agar gazeta o‘qimasa? Vaholanki, har bir o‘qituvchi o‘z bilim va malakasini qo‘llanmalar, ishlanmalar hamda tarmoq nashrlarida berib borilayotgan ma’lumotlarga ko‘ra oshirib borishi kerak. Agar u tarmoq nashrlariga ixtiyoriy obuna bo‘lmasa unda qanday qilib o‘z fani bo‘yicha bilim va malakasini oshira oladi? Yangi ma’lumotlarga ehtiyoji doimo baland bo‘lgan o‘qituvchi o‘z faniga, o‘qituvchilik kasbiga tegishli nashrga ham ixtiyoriy obuna bo‘lmasligini oqlab bo‘ladimi? Axir padagog yurtdagi o‘zgarishlardan va o‘z fanidagi yangiliklardan xabarsiz bo‘lsa, yosh avlodga qanday namuna bo‘ladi?

Yana shuni ta’kidlash lozimki, har bir jamiyatda o‘z vazifasini sidqidildan bajarayotgan shaxs ishning sifatiga qarab rag‘batlantirib borilishi zarur. Bizda bunga doim ham jiddiy e’tibor berilmaydi. Rag‘batlantirish ko‘p hollarda oshkoralikdan yiroq tarzda rahbarlarning xohish-istaklariga ko‘ra amalga oshiriladi. Bunda ayrimlar ust-ustiga rag‘batlantirib yuborilsa, ayrimlar bir umr ishlab ham birorta «Maqtov yorlig‘i»ga loyiq ko‘rilmay kelgandi. Bu hol o‘z navbatida ta’lim-tarbiya sifatiga salbiy ta’sir etmay qolmaydi.

Qolaversa, shogirdlar bilimini ob’ektiv – haqqoniy, adolatli, xolisona, hech qanday ta’ma va sha’malarsiz to‘g‘ri baholash — bu tarbiyachi va muallimlar oldida turgan eng muhim va eng dolzarb muammolar sirasiga kiradi. Chunki tarbiyalanuvchi, ta’lim oluvchining har bir harakati, intilishi, bergan javobi ochiq, to‘g‘ri va xolisona baholanmas ekan, unda ustozdan norozilik kayfiyati paydo bo‘ladi. Bunday kayfiyat esa uni ilm olishga rag‘batlantirmaydi, aksincha intilishdan, faollikdan qaytaradi. Alal-oqibat ularda olg‘a intilish, tashabbuskorlik, ko‘p narsani bilib olishga bo‘lgan ishtiyoq pasaya boradi va jamiyatda loqayd, atrofdagilarga e’tiborsiz, o‘zidan boshqani o‘ylamaydigan, xudbin insonlarning paydo bo‘lishiga zamin yaratadi. Biz bugungi kunda ana shu muammoning – talabalar bilimi ustozlar tomonidan uzoq vaqt haqqoniy baholanmaganligi naqadar og‘ir oqibatlarga olib kelgani va uni tuzatish juda katta qiyinchilik bilan borayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz.

Jamiyat taraqqiyotiga munosib xizmat qila olmaydigan muallim, bemorni davolay olmaydigan shifokor, qonun ustuvorligini ta’minlamaydigan sud-huquq peshvosi, qurgan binosi talabga javob bermaydigan muhandis, no‘noq iqtisodchi va turli-turli sohalarda muqim o‘tirib olgan yaroqsiz mutaxassislar, ayrim qo‘rs, qo‘pol, no‘noq rahbarlar osmondan tushib kelgani yo‘q. Ularning bilimiga, iqtidoriga bog‘chada, maktabda, kollejda, institutda, universitetda o‘zimiz oshirib, ta’magirlik bilan noxolis, noto‘g‘ri baho qo‘yib kelganmiz va endi bu qilmishlarimizning achchiq mevasini, jabrini tortmoqdamiz.

Biz, mamlakatimiz hayotida boshlangan islohotlarning natijadorligini ta’minlash hammamizning bugungi sa’y-harakatimizga bog‘liqligini unutmaylik. Barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, bugungi ijtimoiy, iqtisodiy va texnik taraqqiyot tufayli hayot ehtiyojiga aylanayotgan yangicha fikrlash, yangicha harakat va ijod qilish, barcha sohalarda, ayniqsa, ta’lim sohasida islohotlarni keng amalga oshirishda bir daqiqa ham sustkashlikka yo‘l qo‘ymasligimiz kerak.

Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mustaqilligimizning 28 yilligiga bag‘ishlangan nutqini katta diqqat-e’tibor bilan tingladik. Nutqda bilimsiz, ilmsiz, o‘z ustimizda izchil ishlamay turib maqsadimizga erishish mumkin emasligi qayta-qayta ta’kidlandi. Bu talablar, ayniqsa, o‘qituvchilar uchun o‘ta muhimdir. O‘z bilim va saviyamizni oshirmay yosh avlodga yetarli bilim berolmaymiz.

 

Mardon BOLTAYEV,

SamDU dotsenti,

Dilmurod DO‘STMURODOV,

SamDU matbuot xizmati kotibi.

 

www.uzbekistonovozi.uz

← Roʻyxatga qaytish