Ikki marta quruqlik bilan o‘ralgan O‘zbekiston jahonning iliq portlariga chiqishni, o‘z mahsulotlari raqobatbardoshligini saqlab qolish uchun yangidan-yangi transport yo‘laklarini barpo etishni tashqi siyosatdagi ustuvor vazifalardan biri deb biladi.
Afg‘oniston hududi orqali Markaziy va Janubiy Osiyoni eng qisqa yo‘l bilan bog‘laydigan, Pokistonning dengiz portlariga chiqishni va ularning infratuzilmasi samarali ishga solinishini ta’minlaydigan temir yo‘l qurish loyihasi, ta’bir joiz bo‘lsa, «asr loyihasi» ham shulardan biri. Yodingizda bo‘lsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatnomasida «Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bog‘laydigan Trans-afg‘on transport yo‘lagini barpo etish borasida dastlabki amaliy qadamlar» tashlangani haqida aytgandi. Bo‘lajak temiryo‘ldan yo‘lovchi va yuk tashish maqsadlarida foydalaniladi.
Biz transport-kommunikatsiya aloqalari to‘g‘risida gapirar ekanmiz, bu O‘zbekiston uchun juda muhim va o‘ylantiradigan dolzarb masalalardan biri ekanini ta’kidlash joiz. Shu bois, O‘zbekiston transport sanoatini rivojlantirishga strategik ahamiyat berib, milliy va mintaqaviy darajalarda transport infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda, shuningdek, uni xalqaro transport tizimiga qo‘shish bo‘yicha izchil ishlarni olib bormoqda. Xalqaro ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, infratuzilmani yaxshilash, moslashuvchan tariflar qo‘llash va yangi istiqbolli yo‘nalishlarni shakllantirish hisobidan, O‘zbekistonda tranzit salohiyatini hozirgi 7 milliondan 16 million tonnaga yetkazish imkoniyatimiz mavjud.
O‘zbekistonning okeanga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishga imkoni yo‘q va dunyoda bunday davlatlar soni 44 tani tashkil qiladi. Ammo ularning 42 tasi bir mamlakat chegarasidan o‘tsa keyingisi okean. O‘zbekiston esa buning uchun ikki mamlakat hududini bosib o‘tishi lozim. Okeanga chiqish uchun esa eng yaqin yo‘l bu Afg‘oniston orqalidir. Shu ma’noda, bugungi kunda yaqin qo‘shnimiz bilan har tomonlama aloqalarni rivojlantirish, bu zaminida tinchlik va barqarorlikning ta’minlanishidan O‘zbekiston to‘laqonli manfaatdordir.
E’tiborlisi, O‘zbekiston sa’y-harakati bilan so‘ngi to‘rt yilda Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch, do‘stlik va hurmat muhiti shakllandi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad mintaqamizning global iqtisodiy, transport va tranzit yo‘laklariga chuqur integratsiyasini ta’minlashdir. Bu boradagi amaliy ishlar allaqachon boshlanib, O‘zbekiston mintaqada iqtisodiy integratsiya jarayonlariga Afg‘onistonni keng jalb etish maqsadida «Surxon – Puli Xumri» elektr uzatish tarmog‘ini, Mozori Sharifdan Hind okeani portlariga chiqadigan temir yo‘l qurilishi kabi yirik loyihalarni amalga oshirishga kirishdi. Bu loyihalar ro‘yobga chiqsa, aholi daromadlari va mahsulot sifati oshadi, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi, tannarx pasayadi, yangi texnologiyalar olib kelinadi. Bozor islohotlarini jadal rivojlantirish va mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun yangidan-yangi bozorlarga kirib boramiz.
Okeanga chiqishda Pokiston portlari O‘zbekiston uchun muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekiston esa Pokistonning O‘rta Osiyodagi biznes qilishi uchun darvoza bo‘lishi mumkin. Toshkent bilan yaxshi aloqalar Pokistonning O‘rta Osiyoga eksport hajmini oshirishga xizmat qiladi. Janubiy Osiyo geografik jihatdan Markaziy Osiyoga nihoyatda yaqin. Masalan, Termiz shahridan Pokistonning Karachi portigacha atigi 660 kilometr yo‘l bosish kifoya. Bu hatto mamlakatdagi bir shahardan ikkinchi shahargacha bo‘lgan masofadan ham kam. Shu nuqtai nazardan Pokiston yo‘nalishi Markaziy Osiyodan Hind okeaniga olib boruvchi eng qisqa yo‘l ekanini qayd etish joiz. Dengiz portlariga chiqish hamda bu bo‘yicha qulay transport koridorlarini yaratish O‘zbekiston uchun strategik vazifa. Busiz dunyo bilan savdo-sotiq qilishimiz, milliy mahsulotlarning hamyonbopligini ta’minlashimiz, eksport salohiyatimizni oshirib, iqtisodiy taraqqiyot sari ildamlashimiz imkonsiz.
2016 yilda O‘zbekiston Afg‘oniston va transport-kommunikatsiya masalalariga yondashuvini keskin o‘zgartirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan tarixda birinchi marotaba qo‘shni Afg‘onistonni imkoniyatlar mamlakati, deya e’tirof eta boshladik. Avvalroq Hindiston bilan ikki tomonlama hamkorlikni kuchaytirgan O‘zbekiston Eronning Chobahar portigacha cho‘zilgan «Mozori-Sharif – Hirot» temir yo‘li qurilishidan manfaatdorligini bildirgandi. Endilikda Pokiston bilan aloqalarni mustahkamlash asnosida mamlakatimiz yana bir yirik transport-logistika loyihasi — Peshavorga olib boruvchi transafg‘on temir yo‘li qurilishiga bosh qo‘shmoqda. Chunki buning ortida, avvalambor, iqtisodiy manfaat yotibdi. Janubiy Osiyo mintaqasi bilan yaqinlashishimizning asl sababi ham shunda.
Bir so‘z bilan aytganda, Mozori-Sharif-Kobul-Peshovar temir yo‘lining qurilishi Janubiy Osiyo va Yevropa qit’asi o‘rtasida Markaziy Osiyo orqali yuk tashish muddati va sarf-xarajatlarini kamaytiradi, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, minglab yangi ish o‘rinlari ochish, Markaziy Osiyoning tranzit salohiyatini tubdan oshiradi. 2 milliarddan ziyod odam yashayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarning qayta tiklanishi ikkala mintaqa aholisining manfaatlariga to‘la javob beradi.
15-16 iyul kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiya aynan hamkorlik, transport koridorlarini qurish va Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish maqsadlarini ko‘zlaydi. Konferensiyaning asosiy maqsadi Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi tarixiy yaqin va do‘stona aloqalar, ikki mintaqa xalqlari va mamlakatlari manfaatlari yo‘lidagi ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, bunga erishish yo‘lida dastlabki qadamlar qo‘yildi.
Prezidentimiz tomonidan anjumanda bir qator hayotiy takliflarning ilgari surilgani e’tiborga molik bo‘ldi. Ayniqsa, bepoyon mintaqalarimiz hududida hamkorlikda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘llarini izlash masalasi muhim ahamiyatga ega. So‘nggi vaqtda asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxi jadal o‘sib borayotgani, dunyoning ba’zi mintaqalarida aholi keskin oziq-ovqat taqchilligini boshidan kechirayotgani kuzatilmoqda. Bunday tahdidlarni bartaraf etish bo‘yicha Dastur ishlab chiqish uchun BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) shafeligida mamlakatlar qishloq xo‘jaligi vazirlarining uchrashuvini o‘tkazish taklif etildi. Ekologiya muhofazasi, «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish xususida ham gap ketmoqda. Markaziy va Janubiy Osiyoning turizm salohiyati, turoperatorlarning yagona platformasini joriy etish, Jahon sayyohlik tashkiloti bilan hamkorlikda yangi programmalarni ish solish tashabbuslari olg‘a surildi. Prezidentimiz tashabbusiga ko‘ra, yaqin kelajakda YUNESKO, BMTning ilm-fan, ta’lim va madaniyat bo‘yicha agentligi shafeligida Termiz shahrida Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkaziladi.
Mirziyoyev anjumanda qatnashayotgan davlatlarni texnologik va innovatsion loyihalarni quvvatlashga undadi. Olim va tadqiqotchilar uchun maxsus viza tartibini yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi. Toshkentda 15 iyul kuni ochilgan Markaziy Osiyo xalqaro institutida mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha ekspert guruh tuzishni taklif qildi. Bu taklif va tashabbuslar zamirida Markaziy va Janubiy Osiyoni, butun Yevrosiyo qit’amizni birgalashib barqaror, iqtisodiy taraqqiy etgan va farovon makonga aylantirish maqsadi turibdi.
Ushbu konferensiya Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya aloqalarini yanada rivojlantirish istiqbollari, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash masalalarini muhokama qilishga imkoniyat yaratdi. Bundan tashqari, kun tartibiga sarmoyalar, energetika va innovatsiyalar, yashil texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, aniq loyihalar va hamkorlik dasturlarini amalga oshirish, turizm, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va boshqa sohalarda o‘zaro aloqalarni kengaytirish, ikki mintaqaning barqarorligi va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha fikr almashish va birgalikda takliflar ishlab chiqish masalalari kiritilgan edi. O‘zbekiston namoyish etayotgan mintaqaviy yetakchilik jahon miqyosida global taraqqiyot va hamkorlikka ta’sir ko‘rsatuvchi o‘zaro hamkorlik, sheriklik va mintaqaviy osoyishtalikni, barqarorlikni mustahkamlash yo‘llarini muhokama qilish, shuningdek, mamlakatlar va xalqlarning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash uchun muhim ahamiyatga ega.
Ulug‘bek In oyatov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari,
O‘zXDP fraksiyasi a'zosi.