Mamlakatimizda nogironligi boʼlgan shaxslarning huquq va erkinliklarni kafolatlash doimiy eʼtiborda. Jumladan, ularning taʼlim olishi, mehnat qilishi, bepul va sifatli tibbiy yordam olish kabi ustuvor huquqlari muhofazalangan.
Jumladan, “Nogironligi boʼlgan shaxslarning huquqlari toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonuni, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 dekabrdagi “Nogironligi boʼlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-5270 sonli Farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil
2 iyundagi “Oliy taʼlim muassasalariga nogironligi boʼlgan shaxslarni qoʼshimcha davlat granti kvotalari asosida oʼqishga qabul qilish tartibi toʼgʼrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 417-sonli qarori va boshqalar shular jumlasidandir.
Yuqorida koʼrsatilgan huquqiy hujjatlar ijrosi Xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashi deputatlik guruhi tomonidan doimiy nazoratga olingan.
Oʼtgan davr davomida xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashidagi Oʼzbekiston XDP guruhi tashabbusi bilan 25 nafar nogironligi boʼlgan, muhtoj shaxslarni uy-joy bilan taʼminlash masalasi boʼyicha Navoiy shahar hokimligiga deputatlik soʼrovi joʼnatildi. Natijada Navoiy shahar hokimligi va homiy tashkilotlar koʼmagida 25 nafar nogironligi boʼlgan shaxs toʼlovlarsiz uy-joylarga ega boʼldi.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 apreldagi “Ogʼir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi boʼlgan, kam taʼminlangan, farzandlarini toʼliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish ahvoli toʼgʼrisida”gi 285-sonli Qarori asosida har yili xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashidagi partiyamiz guruhi aʼzolari tomonidan 6 nafar ogʼir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizning roʼyxati chuqur tahlillar asosida shakllantirilib, yil davomida uy-joy bilan taʼminlash yuzasidan zarur hujjatlari tayyorlanib, komissiya xulosasiga koʼra tavsiya etilmoqda.
Bundan tashqari, Navoiy shahar Kengashi deputatlari bilan birgalikda shahar xotin-qizlar qoʼmitasi tomonidan nogironligi boʼlgan xotin-qizlar oilalari oʼrganilib, roʼyxat shakllantirildi. Oʼtgan davr davomida rejaga asosan, nogironligi boʼlgan va uy-joyga muhtoj xotin-qizlarning 34 nafari roʼyxatga kiritilib, 32 nafari uy-joy bilan taʼminlandi.
2019 yil uchun shakllantirilgan roʼyxat asosida hujjatlari atroflicha oʼrganilgan 34 nafar nogironligi boʼlgan fuqaroga tavsiya berilib, 30-mart holatiga koʼra uy-joyga muhtoj 14 nafar fuqaroga “Kumushkon” massivida qurilgan uylar topshirildi.
Xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashidagi partiyamiz guruhi tomonidan Navoiy shahrida nogironligi boʼlgan oilalarni qoʼllab-quvvatlash va ularning eng muhtojlariga uy-joy ajratish masalalarini oʼrganish ishlari davom etmoqda.
OʼzXDP Navoiy viloyat kengashi
Аxborot xizmati