Yil yakunlanar ekan, o'tgan 365 kunni xayoldan kechiramiz. Xotiralarni titkilaymiz. Nimalarga erishdigu qaysi nuqtalarda boy berganlarimiz bo'lgani haqida sarhisob yuritamiz. Odamlar o'g'lini uylantirish, qizining to'yini qilish, kenjasini maktabga berish yoki oliy o'quv yurtiga kirish imtiHonlariga tayyorgarligining xarajatlari va yana boshqa ezgu rejalar haqida o'ylagan. Kimdir yangi inshoot qurish yoki boshlagan imoratini bitkazish va o'z biznesini yo'lga qo'yish haqida bosh qotirsa, boshqa bir odam yanada kattaroq miqyosdagi vazifalar haqida o'ylaydi. Shu tariqa yanvar oyi qarshi olinadi. Yangi yil haqida partiyamiz faollari, deputatlardan tortib, faxriylarning ham fikrlari, shukrona so'zlari bor.
Yanvar INOYATOV,
Qashqadaryo viloyati hokimi maslahatchisi, O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan qishloq xo'jalik xodimi:
— Hayotimning asosiy qismi xalqqa xizmat qilish bilan o'tdi. Joriy yil boshidan yaxshi niyatlar bilan yangi rejalarimizni boshlagandik. Tabiat injiqliklari, ob-havoning yomon kelishi oqibatida suv tanqisligi kuzatilgan bo'lsa-da, yil yaxshiliklar bilan yakuniga yetmoqda. Ayniqsa, yil oxiriga kelib mamlakatimiz sanoatida yana bir yorqin sahifa ochayotgan tarixiy voqeaga bevosita guvoh bo'ldik. Viloyatimizning G'uzor tumanida “Uzbekistan GTL” zavodining ochilishi hamyurtlarimizga chinakam bayramona tuhfa bo'ldi.
Bu tengi yo'q zavod bo'ldi biz uchun. Dunyoda bu kabi zavodlardan 5 ta bor ekan. Ularning biri aynan Qashqadaryoda ish boshlashi va buning natijasida minglab odamlarning ishli bo'lishi farovonlik, to'kin-sochinlikdan darak, deb bilaman.
Ma`lum bo'lishicha, ushbu zavod mintaqamizda neft-gaz-kimyo sanoati sohasidagi eng yirik korxona hisoblanadi. U yerda yiliga 3,6 milliard metr kub tabiiy gaz qayta ishlanib, qiymati 1 milliard dollardan ziyod bo'lgan 1,5 million tonna tayyor suyuq mahsulot ishlab chiqariladi. Jumladan, 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg'isi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlanishi ko'zda tutilmoqda.
Mana shu raqamlar ma`nosi haqida o'ylar ekanman, yil bo'yi qilingan mehnat, boshdan o'tgan tashvishlar unutilib ketadi. Xalqimizning daromadiga daromad qo'shadigan, davlatimizning obro'sini ko'taradigan bu kabi chora-tadbirlar Uchinchi Renessansning poydevori, deb hisoblayman.
Uch qizim bor. Sakkiz nabiraning bobosi, 5 nafar chevaraning katta bobosiman. Yaqin kunlarda 6-chevaram ham dunyoga keladi. Men uchun baxt ularning kulgusi, baxtu kamolini ko'rishdan iborat.
Viloyat hokimining maslahatchisi sifatida keksalar bilan ishlar ekanman, ularning quvonchu tashvishiga sherik bo'lishga imkon qadar harakat qilyapman. 265 ming nuroniydan xabar olib, uchrashib, suhbatlashyapmiz. Ularning murojaatlarini hal etishga e`tibor qaratyapmiz. Mana shularda halovat bor, baxt bor men uchun.
Bir narsani faxr bilan ta`kidlamoqchiman. Kuni kecha bo'lib o'tgan yirik yig'ilishda Prezidentimizdan rahmat eshitdim. U kishining har bir ishdan boxabarligi va e`tiborliligidan boshim osmonga yetdi. Bildirilgan tashakkur esa eng katta rag'bat va mukofotlari, desam adashmayman. Aynan shu sababli ham men uchun unutilmas 2021 yildan cheksiz minnatdorman.
Bizga o'xshagan yoshi ulug'ayib qolgan kishilar yurtga tinchlik tilaydi, duoga qo'l ochib omonlik so'raydi. Xalq farovon bo'lsa, bola-chaqamiz sog'-salomatligi, xotirjamlik — biz uchun baxt mana shunda.
Ra`no VALIEVA,
xalq deputatlari Qiziltepa tuman Kengashi deputati:
— Biror bir yangilik yaratish uchun insonga avvalo yaxshi fikr, yaxshi g'oya va shunga yarasha tashabbus lozim. Bundan 22 yil oldin, ya`ni 1999 yilda fermer xo'jaligimizni tashkil qildik. Bu ham ana shunday yaxshi tashabbus edi. Ushbu imkoniyatni bizga davlat berdi, mustaqillik berdi, istiqlol berdi. Biz mulk egasi bo'ldik, yer egasi bo'ldik. G'alla ekib, tonnalab hosil oldik. Paxta yetishtirib, rejalarni ortig'i bilan bajardik. Bularning hamma-hammasi bizga kuch berdi, katta maqsadlar qilishga turtki bo'ldi.
O'tayotgan yilda ham qanchalar murakkab bo'lmasin, xirmonlarimiz to'ldi. Omborlarimizda don zaxiralarini yaratdik. Xalqimiz dasturxoni to'kinligiga biroz bo'lsa-da hissa qo'shdik. Nabiralarim to'kin-sochinlikda, asosiysi, tinchlikda kamol topyati. Bugun kimlardir qadrlamayotgan hayotimizga havas bilan boqqanlar qancha?
Insonga xotirjamlik, salomatlik eng katta boylikdir. Bugun ana shunday zamonda, osuda makonda hayot kechiryapmiz. Mana shuning o'zi baxt. Uning qadriga yetish, asrab-avaylash esa har birimizning burchimizdir.
Yo'qotish va topish hayot qonuniyatidir. Demak, yo'qotganimizda tushkunlikka tushmaslik, topganimizda shukr keltirishni ham unutmaslik lozim. Zero, har bir ishda xayr, har bitta sinovda sabr talab etiladi.
Shunday ekan, aziz yurtdoshlarimizga eng avvalo sog'lik, omonlik, tinchlik va xotirjamlik tilayman. Tinchlik va osoyishtaligimizga ko'z tegmasin. Hamjihatlikda, sabr va matonat bilan tanlagan yo'limizdan og'maylik. Olg'a intilishdan tolmasin hech kim.
“O'zbekiston ovozi” muxbiri
Zilola UBAYDULLAEVA yozib oldi.
“Ўзбекистон овози”, 29.12.2021, №52