Mo‘’tabar oila: Taraqqiyot strategiyasining tarixiy mazmun va mohiyati haqida mulohazalar

 

Yangi O'zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi mamlakatimiz va xalqimiz tarixining o'ziga xos yangi davrini boshlab beradi. Taraqqiyot butun mohiyati bilan yalpi jamiyat rivojlanishining, fuqarolar ongi va tafakkurining tubdan o'zgarishi, millat intellektual salohiyatining real voqelikka aylanishi singari qadriyatlar jamuljami hisoblanadi. Yangi besh yillikka mo'ljallangan Taraqqiyot strategiyasi haqida gap borar ekan, eng avvalo, ana shu tarixiy va ijtimoiy hodisaga aylanayotgan strategik maqsadning asoslari, ildizlari, uning mohiyati va ko'lami xususida fikr yuritishga to'g'ri keladi. Zotan, millat va davlat taqdirini, uning buyuk yaratuvchilik qudratini o'zida ifoda etgan, g'oyat mahobatli strategik maqsad tasodifan dunyoga kelgan emas. Jumladan, bir necha sivilizasiyaviy hodisalarga guvoh bo'lgan, insoniyat hayotiga madaniyat olib kirgan, jahon taraqqiyotiga misli ko'rilmagan hissa qo'shgan o'zbek xalqining tarixiy taraqqiyoti bosqichlari, uning dinamikasi, evolyusiyasi muhim asos bo'lib xizmat qiladi.

Davlatchilik tarixi jahon davlatchiligi ibtidosi bilan tengdosh bo'lgan Turonzamin xalqlari o'zining buyuk yaratuvchilik, bunyodkorlik imkoniyati, aqliy salohiyati, tafakkur kengliklari bilan zamonaviy sivilizasiya sharoitida ham o'zining yuksak ma`naviy-axloqiy, ma`rifiy-madaniy imkoniyatlarini namoyon qilmoqda. Bu – birinchidan.

Ikkinchidan, o'tgan besh yillik davr o'zining butun ko'lami, mazmuni va mohiyati bilan butunlay yangi tipdagi hayot, nazariy-fundamental va amaliy jihatdan yangilangan davlatchilik asoslarining yuzaga kelishi, boshqaruv tizimida ochiqlik muhitining paydo bo'lishi va uning real voqelikka aylanishi bilan bog'liq. Uchinchidan, butunlay yangi tafakkurdagi insonning shakllanishi, hayotga munosabatlarining jiddiy ravishda o'zgarishi, erkin va ozod fuqarolik jamiyatini barpo etish maqsadi bilan bog'liq.

Darhaqiqat, o'tgan besh yillikda ochiq jamiyat qurish va davlat boshqaruvini erkinlashtirish borasida butunlay yangicha tamoyil – xalqchillik va oshkoralik asosidagi davlat boshqaruvi tamoyili joriy etildi. Prezident bilan fuqaro, davlat bilan jamiyat o'rtasidagi “xitoy devori” olib tashlandi. Odamlar to'g'ridan-to'g'ri davlat idoralari va rahbarlari bilan muloqot qilish, o'z fikr va mulohazalarini to'g'ridan-to'g'ri bildirish imkoniyatiga ega bo'lishdi. Natijada odamlar kayfiyati o'zgardi, tafakkur yangilandi, maqsadlar va intilishlar real asoslarga ega bo'ldi. Muammolarni hal etishda umumiy safarbarlik, yalpi hamjihatlik, o'zaro bir-birini tushunish va hurmat qilish kabi sof insoniy fazilatlar chuqurlashdi. Faqat shugina emas, ushbu fazilatlar milliy qadriyatga aylandi. Jamiyatda yalpi barqarorlik, fikriy va hissiy hamjihatlik, o'zaro bir-birini tushunish va hurmat qilish tamoyili qaror topdi.

Bir qarashda biz hammamiz ham oldingi, bir fuqarolik pasporti ma`lumotlariga qaraganda o'sha-o'sha odamlarmiz. Lekin aqliy salohiyat, intellektual imkoniyat, ongimiz va tafakkurimizdagi o'zgarishlar, orzular va maqsadlarimizdagi ezgulik tuyg'ulari bizning har birimizning butunlay yangi tipdagi fuqaroga aylanganimizdan dalolat beradi. Bu o'tgan besh yillikning eng katta yutug'i, deyishimiz mumkin.

Yangi O'zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi keyingi besh yilda amalga oshiriladigan keng ko'lamli islohotlarning dasturi sifatida dunyoga keldi. Uning o'ziga xos jihatlari bor: Birinchidan, inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish. Albatta, inson butun mohiyati bilan mo'`tabar zot. Darhaqiqat, Qur`oni Karimda “Biz sizni mukarram qilib yaratdik”, deyiladi. Mukarramlik nimada? Mo'`tabarlik, azizlik nimada namoyon bo'ladi? Bu haqli va mantiqli savollarning javobi bitta. Alloh jonzotlarning orasida faqat insongagina aql berdi, fikrlash, munosabat bildirish, o'z hayotini o'zi yo'lga qo'yish imkonini berdi. Yaxshilik va yomonlikni, ezgulik va yovuzlikni farq qila oladigan va unga munosabat bildiradigan his-tuyg'u berdi. Ayni ana shu bebaho imkoniyat insonni mo'`tabar jonzotga, uni azizu mukarram xilqatga aylantirdi. Ulug' bobokalonimiz Abu Nasr Forobiy esa “Insonning mohiyati aqlda, aqlning mohiyati xatti-harakatda bilinadi”, degan edi. Darhaqiqat, insonning qadru qimmatini, insoniylik darajasini belgilaydigan yagona va birdan-bir o'lchov aqldir. Aqlning esa rangi, hajmi, og'irligi, kengligi yo torligi yo'q. Uni o'lchaydigan mezon insonning xatti-harakatida, bizning har birimiz o'z fe`l-atvorimiz doirasida, atrofdagilarga munosabatimiz, xatti-harakatlarimiz, maqsad-intilishlarimiz orqali aqlimizning qay darajadaligini namoyon etamiz.

Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonida inson qadrini yuksaltirish orqali erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, xalqparvar davlat barpo etish g'oyasi ilgari surilar ekan, eng avvalo, inson o'zini o'zi qadriyatga aylantirish orqali yalpi jamiyat qadriyatiy jihatlarini takomillashtirishni taqozo etadi. Davlatning yagona va birdan-bir manbai sifatida xalq, yakka tartibdagi har bir insonning o'zini-o'zi qadriyat darajasiga olib chiqishi, aqliy salohiyatini rivojlantirishi, o'zini-o'zi anglashi, boshqarishi, ezguliklar sari yo'naltirishi, illatlarini kamaytirib, fazilatlarini ko'paytirishga intilishi orqali qudratli davlatni barpo etish imkoniyati tug'iladi. Bu esa yalpi jamiyatda barchaning umummilliy hamjihatlik, umummilliy safarbarlik fazilatlariga tayanadi.

Ikkinchidan, adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish. Ma`lumki, insoniyat tarixida odamlar hamisha adolatga ehtiyoj sezishgan, unga intilib yashashgan. Biroq adolatsizlik hamisha mavjud bo'lgan, chunki adolat tamoyillarini buzadigan, natijada inson haq-huquqlarining paymol bo'lishiga olib keladigan illatlarni ham insonning o'zi yaratadi. Inson mavjudot sifatida hamisha o'ziga o'zi muammo yaratib, shu muammolar girdobida yashaydigan jonzot hisoblanadi. Ana shunday sharoitda jamiyatda adolat ustuvorligini ta`minlaydigan yagona mezon qonunchilik hisoblanadi. Qonunlari mukammal bo'lgan va ushbu qonunlar to'la quvvat bilan ishlaydigan jamiyatda tabiiy ravishda adolat o'rnatiladi. Davlatimiz rahbari bu masalada bot-bot gapiradi. Inson haq-huquqlarini to'la kafolatlash, qonunchilikni butun choralar bilan mustahkamlash, qonun ijodkorligi va huquqni qo'llash amaliyotini takomillashtirish, mustaqil va odil sud tizimini vujudga keltirish masalalarini dolzarb qilib ko'tarmoqda.

Keyingi besh yilda sud-huquq tizimi butunlay isloh qilindi. Uning yangi tuzulmaviy shakli joriy etildi. Jamiyatda qonun ustuvorligini ta`minlash, qonun oldida barchaning tengligiga erishish chora-tadbirlari ko'rilmoqda. Uchinchidan, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o'sish sur`atlarini ta`minlash. Bu, albatta, jamiyat taraqqiyotini belgilaydigan muhim omil. Milliy iqtisodiyot davlat qudratining ham, xalq farovonligining ham, har bir fuqaro baxtli, saodatli, farovon hayotini ta`minlashning ham asosi hisoblanadi. Prezident Sh.M.Mirziyoevning “2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi to'g'risida”gi farmonida yangi besh yillikda amalga oshiriladigan ishlar aniq, konkret, muddati belgilangan holda ifoda etilgan. Farmon ko'lami jihatidan mahobatli, mazmuni jihatidan g'oyatda chuqur, ham nazariy, ham amaliy jihatdan to'la asoslangan. Iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o'sish sur`atlarini ta`minlashga qaratilgan har bir soha aniq bandlarda o'z ifodasini topgan. Mutasaddi tashkilotlar va hokimliklar zimmasiga o'ta aniqlikdagi vazifalar yuklatilganki, bu bevosita Yangi O'zbekiston taraqqiyotini ta`minlashda muhim huquqiy asos bo'lib xizmat qiladi.

To'rtinchidan, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish. Aytish mumkinki, hozirgi jahon sivilizasiyaviy sharoitida davlatlarning qudrati ularning harbiy-texnik salohiyati bilan emas, balki kuchli ijtimoiy siyosati bilan o'lchanadi. Fuqarolarning farovon turmush tarzini tashkil etish davlat ijtimoiy siyosatining muhim yo'nalishi hisoblanadi. Sog'liqni saqlash tizimini butun choralar bilan rivojlantirish, sog'lom turmush tarzini yanada chuqurlashtirish, jismoniy tarbiya va sportni har bir oilada qaror toptirish jamiyat ijtimoiy kayfiyatini belgilaydigan muhim omil hisoblanadi. Har bir mahalla o'z hududida sog'lom turmush tarzini qaror toptirish orqali yalpi jamiyat ma`naviy-ruhiy ko'tarinkiligini ta`minlaydi. Aholi turar joylarida jismoniy tarbiya bilan shug'ullanishni tashkil etish an`anaga aylanib qoldi. Bir qarashda oddiy ko'rinadigan ushbu hodisa butun mohiyati bilan yangi tipdagi insonni vujudga keltirish kabi g'oyat zalvorli ma`naviy-ruhiy hodisa ekanligini anglash qiyin emas.

Uzluksiz ta`limning barcha bo'g'inlarini tubdan isloh qilish jarayoni davom etmoqda. Yangi O'zbekistonning butunlay yangi mazmundagi fuqarolarini shakllantirish bevosita maktabgacha ta`lim muassasalaridan boshlanadi. Murg'akkina farzandlarimizni ma`naviy-ruhiy va jismoniy sog'lom o'sishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Maktabgacha yoshdagi bolalarimizning 60 foizdan ko'prog'i bolalar bog'chalariga jalb etilmoqda. Bu keyingi besh yilda amalga oshirilgan shu sohadagi eng katta yutuqlarimizdan hisoblanadi.

Umumta`lim maktablarida ishlayotgan o'qituvchilarning moddiy va ma`naviy manfaatdorligi keskin oshirildi. O'qituvchining obro'sini, sha`nini oshirishda davlatning o'zi rahnamolik qilmoqda. Prezident ­Sh.M.Mirziyoev o'qituvchi, murabbiy, muallim so'zlarining naqadar ulug'vorligini, mo'`tabarligini, jamiki taraqqiyotimizning asosida o'qituvchi turishini alohida ta`kidlamoqda.

Milliy fanimiz taraqqiyoti, albatta, yalpi rivojlanishning muhim omili hisoblanadi. Bu borada oliy ta`lim sifatini va samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqot institutlarida fundamental kashfiyotlarni, ilmiy yangiliklarni amalga oshirish va hayotga joriy etish imkoniyatlari kengaymoqda. Beshinchidan, ma`naviy taraqqiyotni ta`minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish.

Ma`naviyat har qanday taraqqiyotning sarchashmasi. Ma`naviyat – olam va odam haloskori. Buyuk nemis faylasufi Osvald Shpengler “Qaerda ma`naviyat yo'qolsa, o'sha yerda zoologiya kuchayadi”, degan edi. Darhaqiqat, ma`naviy qashshoqlik, axloqsizlik kuchaygan paytda inson o'z mohiyatini yo'qotadi. Odam shaklidagi boshqa jonzotga aylanadi. Uning yagona va birdan-bir qadriyati ma`naviyatda namoyon bo'ladi.

Insoniyatning hozirgi taraqqiyot bosqichida axloqsizlik xuruj qilayotgan bir paytda O'zbekiston va uning xalqini buyuk maqsadlarga, porloq kelajakka da`vat etayotgan qudratli kuch ma`naviyat bo'lib qoldi. Davlat esa Prezidentimiz boshchiligida ma`naviy yangilanishlarga homiylik qilmoqda. Barkamol inson tarbiyasi, yangi O'zbekistonning yangi, kuchli, qudratli yangi fuqarosini vujudga keltirish chora-tadbirlari ko'rilmoqda. Yalpi ma`rifatli jamiyat qurish g'oyasi ilgari surilmoqda. Bu g'oyaning real voqelikka aylanayotganligini bitta misolda ko'rish mumkin. To'rt yil burun oliy ta`lim tizimida 55 ming talaba o'qir edi. Bugun ular soni 200 mingga yaqinlashdi. Oliy ta`lim muassasalari soni esa 3 baravardan oshdi. Bu davlatimizning ham, xalqimizning ham tarixiy yutug'idir.

Oltinchidan, milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish. Aytish mumkinki, O'zbekiston insoniyat taqdiri bilan bog'liq bo'lgan umumplanetar masalalarni hal qilishda faol ishtirok etayotgan sanoqli davlatlardan biri hisoblanadi. Aniqroq qilib aytganda, yirik va rivojlangan davlatlar Amerika Qo'shma Shtatlari, Germaniya, Turkiya, Xitoy, Rossiya, Fransiya, Angliya davlatlari qatorida O'zbekiston o'z so'zi va pozisiyasiga, aniq va o'zgarmas siyosiy konsepsiyasiga ega bo'lgan davlat sifatida umumbashariy masalalarni hal qilishda faol ishtirok etmoqda. Jumladan, iqlim o'zgarishlari, ekologik bo'hronlar, radikalizm, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash, Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasida ocharchilik xuruj qilayotgan bir paytda kambag'allikka qarshi kurashish borasida aniq konsepsiyaga ega bo'lgan davlat sifatida o'zini namoyon etmoqda. 

Ettinchidan, mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish. Keyingi besh yilda mamlakat xavfsizligi va mudofaa salohiyatini oshirish borasida jiddiy chora-tadbirlar amalga oshirildi. O'zbekiston Qurolli Kuchlari o'zining harbiy tayyorgarligi va texnik ta`minlanganligi jihatidan dunyoda nufuzli o'ringa ega. O'zbekiston davlatining qat`iy pozisiyasi shundan iboratki, u biron bir davlatning ichki ishlariga aralashmaydi. O'zining tinchligini, barqarorligini, chegaralar daxlsizligini ta`minlashga qodir bo'lgan Qurolli Kuchlariga ega. Har qanday tashqi zarbani barbod etadigan armiyasi mavjud. Bu butun xalqimizning faxru iftixoriga aylandi. Har qanday davlat bilan ochiq munosabatda bo'lish O'zbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillaridan biri hisoblanadi. Ayni paytda O'zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti, qator xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan chuqur hamkorlikni yo'lga qo'ygan. Bu hozirgi zamon sharoitida O'zbekiston tashqi siyosatining butun nufuzini, uning xalqaro maydondagi obro'-e`tiborini belgilaydi. Yangi O'zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi 2022-2026 yillarda mamlakatimizning har tomonlama barqaror rivojlanishini o'zida ifoda etgan. Ushbu hujjat, aytish mumkinki, 35 millionli O'zbekiston deb atalgan mo'`tabar oilamizning istiqbolini kafolatlaydi. Zotan, Taraqqiyot strategiyasi har bir fuqaroning qalb da`vati, ertangi kunga ishonchi, buyuk istiqbolga bog'liq bo'lgan ezgu maqsadlarining real ifodasiga aylandi.

 

Narzulla JO'RAEV,

siyosiy fanlar doktori, professor.

“Ўзбекистон овози”, 9.02.2022, №6

 

 

← Roʻyxatga qaytish