Mart oyidan 36,4 milliard

 

Yangi yilning yangi oylari yaxshi xabarlar, aholini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan farmon va qarorlar qabul qilinishi bilan boshlandi. “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini moddiy qo'llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to'g'risida”gi Prezident farmoni yangilik va yaxshilik keltiradigan hujjatlardan biri bo'ldi. Unga ko'ra, joriy yil 1 martdan imtiyozli toifaga kiruvchi, lekin rasmiy ishda ishlamaydigan va nafaqa olmaydigan shaxslar ham kompensasiya olish huquqiga ega bo'ldi.

Byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasi bo'lim boshlig'i Davron Pozilovning ma`lum qilishicha, 2022 yil 1 martdan boshlab barcha imtiyozli toifaga kiruvchi (qo'shimcha ravishda 30 ming nafar) shaxsga, ularning pensiya (nafaqa) olishi yoki mehnat faoliyatini olib borishidan qat`i nazar, pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 45 foizi miqdorida, ya`ni 130 ming so'm miqdorda kompensasiya pulini olish huquqi beriladi.

O'zgalar parvarishiga muhtoj yolg'iz nafaqa oluvchi shaxslarga 130 ming so'm kompensasiya to'lovi joriy etiladi. Yoshi 100 ga to'lgan va undan oshgan nafaqa oluvchi shaxslarga har oyda pensiyani hisoblash bazaviy miqdorida, ya`ni 289 ming so'm miqdorda qo'shimcha to'lov to'lab boriladi. Barcha imtiyozli toifadagi shaxslar soni 100 ming kishidan oshiriladi. Mazkur to'lovlarni moliyalashtirish uchun byudjetdan qo'shimcha 36,4 mlrd. so'm miqdorida mablag' ajratiladi.

 

MADAD IFODASI

Abdulaziz PARPIEV,

O'zbekiston XDP Furqat tuman kengashi raisi:

— 2022 yilning “Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili» deb nomlanishida juda katta ramziy ma`no, ko'p jihatdan to'kin rizq-ro'z, fayz va baraka mujassam. Inson qadri ulug'langan elda doimo tinchlik, xotirjamlik, sog'lik, rivojlanish sobitqadam bo'ladi. Yangi yilning dastlabki oyi xayrli amallar bilan boshlandi. Bunday amallar niyatlarga bog'liq, degan purma`no hikmatning ro'y-rostligi ayon bo'ldi.

Quvonarlisi, qabul qilingan muhim farmon ortida “Inson qadri uchun”, degan tamoyil jarang sochib turibdi. Jamiyatning turli ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini Vatan ichra kichik vatanda yashab kelayotgan fuqarolardan bilib olasiz. Hayotning turli past-baland so'qmoqlaridan mardona o'tib kelayotgan, jisman zaiflashib qolgan bo'lsa ham, ma`nan butunligini yo'qotmay kelayotgan insonlarni munosib qo'llab-quvvatlash mazkur huquqiy asos bilan amalga oshadi. Bunda xalqchil ijtimoiy davlatga xos bo'lgan belgilar yaqqol ko'rindi.

2003 yil mart oyidagi uy-joy-kommunal xizmatlar haqini to'lash bo'yicha beriladigan imtiyozlar o'rniga kompensasiya pul to'lovlarini joriy etish to'g'risidagi farmonga muvofiq imtiyozli toifadagi shaxslarga pul to'lovlari joriy etilishi boshlangan edi. Mazkur farmon bilan endi ijtimoiy himoyaga muhtoj imtiyoz toifasiga kiruvchi shaxslarni moddiy qo'llab-quvvatlash tizimi yanada takomillashtiriladigan bo'ldi. Bu, albatta, partiyamiz elektorati hisoblangan ijtimoiy qo'llab-quvvatlashga muhtoj aholi vakillari uchun yana bir xushxabar bo'ldi.

 

BIZ YOLG'IZ EMASMIZ

Tojixon MATXOLIQOVA,

Andijon viloyati, Izboskan tumani:

— 2006 yil turmush o'rtog'im vafotidan so'ng hayot yo'llaridan bir o'zim o'tishga to'g'ri keldi. 11 yil davomida maktabgacha ta`lim tashkilotida ishladim. Mehnat ortidan uch qizimni tarbiyaladim, turmushga uzatdim. Ular nabiralarimni olib, yonimga tez-tez kelib turishadi. Mahalla-ko'y holimdan xabar oladi. Qo'ni-qo'shnilar-ku og'a-ini, opa-singildek. Ayni paytda pensiyadaman, 400 ming so'mdan ortiq nafaqa olaman.

Mart oyidan o'zgalar parvarishiga muhtoj yolg'iz nafaqa oluvchilarga har oy kompensasiya pul to'lanishini eshitib, yanayam xursand bo'ldim. To'g'ri, pensiyam tirikchiligimga yetadi. Ammo hovlining o'ziga yarasha soliq, kommunal to'lovlari ham bor.

Yurtimizda keksalar hamisha qadrlanadi. Ayniqsa, yolg'izlar hecham yolg'izlanib qolmaydi. Xalqimiz mehrli, oqibatli.

 

YANA BIR YANGILIK

Muqaddas SATTOROVA,

xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputati:

— Mart oyidan imtiyozli toifaga kiruvchi, lekin rasmiy ishda ishlamaydigan va nafaqa olmaydigan shaxslar ham kompensasiya olish huquqiga ega bo'ldi.

Biz ijtimoiy himoya sohasidagi hamma yangiliklarni elektorat va keng aholi qatlamiga yetkazish, targ'ib qilishga harakat qilamiz. Unga ko'ra, partiya faollari, deputatlar aholi bilan uchrashuvlar, turli tadbirlarda tushuntirish-targ'ibot ishlarini olib borishmoqda. Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash tuman bo'limi, byudjetdan tashqari pensiya ta`minoti va boshqa tegishli idoralar bilan birgalikda hududlar kesimida imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar ro'yxati shakllantirildi. Targ'ibot bilan shug'ullanayotgan partiya faollari zarur qo'llanma va materiallar bilan ta`minlandi hamda axborot-hisobot almashuvi yo'lga qo'yildi.

 

Gulruh ODASHBOEVA.

“Ўзбекистон овози”, 9.02.2022, №6

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish