Tushga aylangan ko'z yoshi

 

Bir umr qayergadir shoshildik, yugurdik, chopdik, tortishdik, urishdik, yiqildik, turdik... Yana yugurdik... Qayoqqa bunchalik shoshilayotganimizni oʼylab ham koʼrmadik.

Oldinda esa manzil bitta...

Safar Ostonovning kundaligidan.

 

Safar Ostonov bilan deyarli tengdosh edik. U meni Ahmadjon, men uni Safar derdim. Rosa ellik yil bir-birimizga shunday murojaat qildik. Katta idorada ishlaganimizda ham navqiron yigitlikda shuurimizga muhrlangan shu odatimizni tark etmadik.

1972 yili jurnalistika fakultetining talabasi bo'lsam-da, gazeta muharriri Rustam Shog'ulomov meni ishga taklif qildi. Qisqa suhbatdan so'ng korrektura xonasiga kirdik. Jussasi kichik bir yigitcha – Safar Ostonov gazetaning bosmaxonaga topshirilayotgan sahifalarini korrektor sifatida o'qib o'tirgan ekan, ulardan birini menga berib, diqqat bilan o'qib chiqishimni tayinladi. O'zi esa ayrim so'zlarni alohida bo'g'inlarga ajratib, “Le-o-nid Il-ich, par-ti-ya qa-ror-la-ri”, deb bosh ko'tarmay o'qishda davom etdi. Xato o'tib ketmasligi uchun shunday qilish odat ekan.

Sahifa materiallarini o'qib, ayrim xatolarini tuzatdim, ba`zi so'zlarni boshqa muqobillariga almashtirdim. Ikkita maqolaning sarlavhasi bir-biriga o'xshash bo'lib qolgan ekan, bittasini o'zgartirdim. Kattaroq rasmiy maqoladagi takror jumlalarni qisqartirdim. Iqtiboslarga aniqlik kiritdim. Sahifa “bo'yaldi”. Bosh korrektor uni gazeta muharriri xonasiga olib kirib ketdi. Yuragim dukillay boshladi. Noto'g'ri tuzatgan, o'rinsiz qisqartirgan bo'lsam-chi?

Oradan biroz o'tgach, Safar Ostonov xonaga qaytib kelib, “Yaxshi o'qibsiz, kattaga ma`qul bo'ldi”, deb meni xursand qildi.

Shu-shu, birga-birga ishlab ketdik. Oradan ko'p o'tmay ikkimiz ham bo'limlarga ishga ko'tarildik. Birga yurt kezdik, bormagan tuman, qishloq yoki ovul qolmadi hisob. Ko'plab shaharlar bo'ylab xizmat safarlarida bo'ldik.

1980 yili Moskva Olimpiadasi arafasida Moskvada ikki hafta turib, bu muhim voqeaga tayyorgarlik ishlarini kuzatdik. Safar tashkiliy qo'mita o'tkazayotgan matbuot konferensiyalarida qatnashdi, men Olimpiada shaharchasi xususida maqolalar tayyorladim. Do'stlar orttirdik, davralarni qizitdik. Yangi tanishganlar bir-birlariga “vizitka” berishar ekan, bizda bunday narsa yo'q, safarga otlanayotganimizda avvalroq Moskvada malaka oshirib ketgan gazeta mas`ul kotibi Jabbor Razzoqovning “vizitka”laridan bir dastasini olvolgan edik, o'shalarni beramiz. Ba`zi “do'st”larimiz hayron bo'lishib, “Yigitlar, nima, sizlar bir kishimisizlar?” deyishadi.

Bir kuni Safar tashkiliy qo'mita jurnalistlar uchun o'tkazgan yig'inidan jig'ibiyron bo'lib qaytdi. Qo'yib bersangiz – portlab ketguday. Nima bo'libdi deng? Xorijlik bir jurnalist mashhur gimnastikachi, ko'p bor jahon chempioni Nikolay Andrianovga: “Olimpiadada qatnashadigan ittifoq terma jamoasida boshqa millatlarning ham vakillari bormi?”, degan savol beribdi. Andrianov istehzo bilan: “Bor, komandamizda hatto o'zbek ham bor”, debdi. “Yaramas, “hatto” dedi-ya, o'rnimdan shartta turib, unga o'xshatib savol bermoqchi bo'ldim, ammo imkon berishmadi. Agar bu yerdagi imkoniyatlar bizda bo'lsa bormi, o'zbeklardan juda ko'p sportchi chiqadi, nima, chiqmaydimi?”, deydi kuyunib.

O'sha kuni ancha vaqt uxlamay Toshkentga qaytgach, yeng shimarib, sport muammolari xususida maqolalar yozishni rejalashtirdik.

Shunday qildik ham. Ikkimizda uy-joy muammosi bor, ijara uylarda yashaymiz. Qish-qirovli kunlarda bolalar bilan qiynalamiz. Bir yili men o'n olti qavatli, peshtoqida hayhotday soati bor matbuot uyining o'n uchinchi qavati balkonida bahordan kuzgacha yashadim. Safar ham ko'p qiyinchilik ko'rdi. Biz bilan birga ishlaydigan, hayotning ne-ne zahmatlariga dosh bergan Erkin aka Malikov hamma uysizlarga: “Shunday sinovlardan o'tganlarga Allohning marhamati bor, sabr qilinglar”, derdi. Nashriyotdan uy olish ilinjida ertayu kech, tunu kun maqola, ocherk, lavha, hisobot yozdik, suhbat uyushtirdik. Bu ham yetmaganidek, respublika komsomol tashkiloti rahbarlarining havoyi ma`ruzalarini tayyorlardik, zarbdor qurilishlarning ilg'orlarini, “dala malikasi” yetishtirayotgan makkajo'xorikorlarni oshirib-toshirib maqtardik. Shalog'i chiqib ketgan poezdlarda viloyatlardan bo'sh joy yo'q – goh o'tirib, goh tikka, Toshkentga qaytar ekanmiz, Safar, men, Mirzakarim, Ziyovuddin, Abduhamid to'g'ri redaksiyaga kelib, yozuv mashinkasining qulog'ini burardik. Topshirilgan vazifa bajarilmay qolmasdi. Charchamaydigan bo'lishimiz uchun Erkin aka bizni ish kunlari tushlikka o'n uchinchi qavatdan hovlidagi oshxonaga piyoda yugurib tushishga, ovqatlanib bo'lgach – yuqoriga piyoda chiqishga majbur qilardi.

Ko'p yillar shunday ishladik. Vaqtdan yutqizgan bo'lishimiz mumkin, ammo qalamimiz charxlandi, fikrimiz tiniqlashdi. Tanlagan kasbimizning sir-asrorlari, jurnalist uchun zarur bo'lgan muomala madaniyati, xizmat safarlari odobini o'rgandik. O'sha kezlari biz bilan birga ishlagan hamkasblarimizning hammasi keyinchalik matbuotda, ijodda o'z yo'llarini topishdi. Men yoshlar nashriyotiga o'tib, tahrir ishiga sho'ng'idim, televidenieda sakkiz yil siyosiy sharhlovchilik qildim, xalqaro mavzularda pamfletlar yozdim. Chingiz Aytmatov ijodiga qiziqib, badiiy publisistika bilan shug'ullana boshladim.

Safar sport va huquqiy jurnalistikani tanladi. Har ikkisida ham samarali ijod qildi. Turli olimpiadalarda muxbir bo'lib qatnashdi. O'zbekistonlik gimnastikachi Venera Zaripova haqida “Veneraning ko'z yoshlari” nomli risola bitdi. Gimnastikachimiz Olim Otaxonov, bokschimiz Rufat Risqiev va boshqalar to'g'risida kitoblar yozdi. Ular bugun ham maroq bilan o'qiladi. Yurtdoshimiz Rustam Chagaev Germaniyada devqomat bokschi Nikolay Valuev bilan ringga chiqqanida tolmas muxbir Safar Ostonov ming mashaqqatlardan o'tib, jang o'tayotgan joyga yetib bordi. Jang yakunida mag'lub Valuevga: “Sizningcha, Chagaev nimaning hisobiga g'alaba qozondi?”, degan savol berdi.

Keyinroq Safar butun fikri-zikrini huquqiy jurnalistikaga qaratdi.

Sudga ishi tushib, zahmat chekkan jabrdiydalarga yordam qo'lini cho'zdi. Qisqa qilib aytganda, bir qalamkash bajarishi mumkin bo'lgan barcha ishlarni qildi.

Safar “O'zbekiston ovozi” gazetasi bosh muharriri bo'lib ishlaganida qo'shni – adabiyot gazetasining bosh muharriri sifatida ko'p kuzatganman: gazeta qabulxonasi hamisha odamlar bilan gavjum: kimnidir ishdan asossiz bo'shatishgan, kimdir birovning mulkini o'zlashtirib olgan, fermer ish haqi to'lamay qo'ygan… Kimgadir tibbiy yordam kerak, kimningdir farzandi konkursdan o'ta olmagan… Safar yordam so'rab kelganlarni e`tibor bilan tinglar, zarur hollarda joylarga gazeta muxbirlarini yuborardi. “Buning uncha og'iri yo'q, ammo o'g'li, nabirasi yoki qizi qamalib qolgan onalarni tinglash juda og'ir, – derdi u. – Qamalganlarning aybi aniq, hukmda hammasi ochiq-oydin yozib qo'yilgan, ammo ona – Ona-da. Bir nima, deb ko'ngliga taskin berish kerak”.

Muharrir sifatida men uni tushunardim. Ishimizda ba`zan shunday holatlar bo'lardiki, biyron tilingga bir og'iz so'z kelmay qolardi. Safar gapni cho'zmay, bor haqiqatni borligicha aytar, ba`zi hamkasblarimizga o'xshab, “Bo'ldi, ko'rib chiqamiz, hammasini joy-joyiga qo'yamiz, kuting, xursand bo'lasiz”, demasdi. Bunday deyishga uning vijdoni yo'l qo'ymasdi.

Safar o'zini ayamay ishladi. Gazetachilikka bor vujudi bilan sho'ng'ib ketdi. Dam olish kunlari u uchun eng mahsulli kunlar bo'ldi. Odamlarga yordam berish, kimlarningdir shaxsiy, xususiy, oilaviy muammolarini hal qilishga vaqt topdi, ammo biror joyda aniq-tiniq dam olishga, asab tolalarini asrashga vaqt topmadi. Maktabga shoshilayotgan a`lochi o'quvchiday har tong ishxonaga shoshildi…

Safar Oliy Majlis deputatligiga saylangach, yanada faollashdi, gazetada, ayniqsa, televidenieda jiddiy chiqishlar qildi, ba`zilarga o'xshab qog'ozga qarab, tayyor matnni qiroat bilan o'qib bermadi, dilida borini ochiq-oydin to'kib soldi. Keyin-keyin hammasi izga tushib ketdi. Ammo… vaqt o'tgan, qirq yillik qadrdon do'stimiz uchun qazo sharobini ichishdan boshqa chora qolmagandi. U  Allohning bu irodasiga so'zsiz bosh egdi. Qonunchilik palatasi spikeri, partiyaning yangi rahbariyati, do'st-qadrdonlar vidolashuv marosimiga bosh-qosh bo'ldilar.

Qadrdon do'stimni so'nggi marta hukumat kasalxonasida ko'rdim. O'zim bir ahvoldaman, xonadan chiqishim mumkin emas, ammo “deputat Ostonovni olib kelishdi”, degan gapni eshitib, oldiga kirdim. Ozib-to'zib ketibdi. Nafas olishi qiyin. “Shu yo'tal qo'ymayapti-da, og'riq yo'q, har kuni gimnastika qilaman, bunday-bunday”, – dedi qo'llarini yoniga, yuqoriga cho'zib. – Bir oy bo'ldi, aniq tashxis yo'q…”

Ertasiga tushga yaqin xonada majolsiz yotgan edim, eshik ochilib, Safar kirib keldi. Qo'lida ovqat. “O'rtoqlar osh olib kelishibdi”, dedi. Qani endi ishtaha bo'lsa?! Bir qoshiq-yarim qoshiq yegan bo'ldik – suhbatimiz o'z-o'zidan matbuot muammolariga, bu sohaga bilib-bilmay aralashayotgan ayrim “mutaxassis”larga ko'chdi. Qiynalib, hansirab bo'lsa-da, ko'nglida tugilib turgan ko'p gaplarni aytdi. “Hayot o'zgarib ketdi, odamlar ham o'zgardi, kimning kimligini bilish qiyin”, dedi.

Ikki kundan keyin meni boshqa kasalxonaga o'tkazishdi. Boshqa ko'rishmadik. Janozaning ikkinchi kuni tushimga kirdi…

Qanaqa tush deng?

1975 yilning may oyi edi. Safar ikkimiz tahririyatdan Samarqand viloyatiga jo'natildik. Gazeta muharririning topshirig'iga binoan yoshlar tashkiloti faoliyatidan maqolalar yozishimiz kerak. Kerakli materiallarni to'plab bo'lgach, Safar menga: “Bugun bir joyga boramiz, ish bor”, dedi. Xo'b, dedim. Samarqand tumanidagi Oxaliq qishlog'iga bordik. Borishga bordigu, u yerda hamrohim negadir mung'ayib qoldi, kayfiyati yo'q, yuzi horg'in. Keyin… shu atrofdagi qishloq ko'chalarini kezib, nimanidir qidirib, biridan ikkinchisiga qayta-qayta o'tayotganimizda Safar menga bir hikoya aytib berdi:

“Bolaligimda onam yashagan uyni topishim kerak. Sal-pal eslayman. Ikkita pastqam-pastqam xonasi, hovlida tandir-o'choq, bostirma bor edimi-ey. Bir kuni onam… hovlini o'zlarining aytishicha, noilojlikdan (Safar sababini aytgan edi – yodimda qolmabdi) arzon-garovga sotib, pulini ro'molining uchiga tugdi, biz boshqa qishloqqa ko'chib ketdik. Arava g'ildiragining g'ijirlashi, onam ovoz chiqarmay yo'l bo'yi yig'lagani, men esa bizdan uzoqlashayotgan uyimizga qarab borayotganim hamon yodimda…”

O'shanda Safarning ko'zida yosh ko'rganman. Boshqa hech qachon – maishiy, oilaviy muammolar, hayotning ne-ne gurzimonand zarbalari hiqildog'idan olganida ham yig'lamadi. O'zini tutdi, hech kimga arz qilmadi, o'ziga yarashig'li maqomda yashadi-o'tdi.

Tushimga Safarning ko'z yoshlari kiribdi. Oxaliq, Omonqo'ton ko'chalarida sarson kezib yurganimizdagi ko'z yoshlari…

 

Ahmadjon MELIBOEV,

“Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist.

 

 

← Roʻyxatga qaytish