Oilada millatning ertangi kuniga poydevor qo'yiladi. Qalbimizdagi eng oliyjanob tuyg'ular avvalo, onadan o'tadi. Oilasidan xotirjam ayol jamiyatda boshqa maqsadlarni ko'zlay oladi, farzandlari sog'ligidan ko'ngli tinch ayol kasbiy vazifasini bajara oladi.
Davlatimiz rahbari bahorning ilk kuni, xotin-qizlar bayrami arafasida biz, ayollarga bahoriy kayfiyat ulashdi, shu bilan birga, hammamiz uchun muhim bo'lgan masala – xotin-qizlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash bo'yicha eng dolzarb vazifalarni belgilab berdi.
Yig'ilishda ayollar salomatligini tiklash va ularga malakali tibbiy xizmat ko'rsatish bo'yicha qator tadbirlar amalga oshirilishi qayd etildi. Xususan, joriy yilda qo'shimcha 6 ming nafar ayolga yuqori texnologik tibbiy yordam ko'rsatiladi. Bu raqam 2021 yilga nisbatan 5 baravar ko'p. Bu maqsadga 100 milliard so'm yo'naltiriladi.
Jamiyatda salomatligida muammo bo'lsa-da ro'zg'or tebratishga ko'maklashadigan, farzand tarbiyasi bilan mashg'ul onalar, ayollar ham talaygina. Respublika bo'yicha 10 mingdan ziyod nogironligi bo'lgan xotin-qizlar reabilitasiya vositalari bilan ta`minlanishi ularga chin ma`noda katta yordam bo'ladi.
Bundan ancha yillar avval aholi yoppasiga patronaj va ommaviy chuqurlashtirilgan ko'rikdan o'tkazilgan, kasalliklar aniqlanib, dispanser guruhlarga ajratilgan va davolangan. Endilikda bu kasalliklarni davolashdan ko'ra, ularning oldini olishga qaratilgan ishlarga alohida e`tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda 3 million nafar xotin-qiz onkologik skriningdan o'tkaziladi, buning uchun byudjetdan 40 milliard so'm mablag' ajratiladi.
2016 yilda ikkita markaz – Akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy markazi va Respublika perinatal markazi bor edi. Endilikda bu markazlarning viloyatlarda filiallari mavjud. Qolaversa, 46 ta tumanlararo perinatal markazlar faoliyat yuritayotgani xotin-qizlarga juda katta qulayliklar yaratmoqda.
Bundan tashqari, ilgari ular necha yilda bir ta`mirlangan, jihozlar yetarli emas edi. 2022-2025 yillarda 227 ta tug'ruq kompleksi hamda 46 ta tumanlararo perinatal markazlari to'liq ta`mirlanishi va jihozlanishi joylarda ayollarga ko'rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifati yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Yana bir ma`lumot, 9-12 yoshdagi o'smir qizlarni odam papillomasi virusiga qarshi emlash va boshqa 12 turdagi vaksinalar uchun 200 milliard so'm ajratiladi. 5-6 yillar ilgari bunday vaksinalarni fuqarolarning o'zlari pulga sotib olishar edi.
Tug'ish yoshidagi, homilador va bola parvarishidagi ayollarni dori vositalari va vitaminlar bilan bepul ta`minlash ko'lamini kengaytirish maqsadida mablag'lar hajmi 30 milliard so'mdan 100 milliard so'mgacha oshirilishi ham ayollar va bolalar orasida kasallanishni tobora kamaytirish maqsadlariga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Yosharish, go'zallashish faslida xotin-qizlar ham xastaligu ko'ngil xiralikdan forig' bo'lishlari, hamisha chiroy ochib, oilasi, farzandlari bag'rida shukronalik bilan salomat yashashlarini istaymiz. Zero, ular tabiatning yangilanish faslidagina emas, har doim e`tibor va g'amxo'rlikda.
Qizilgul QOSIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zXDP fraksiyasi a`zosi.