Aholi bandligini ta`minlash, ishsizlikni qisqartirish dunyo miqyosidagi muammolardan biridir. Xalqaro mehnat tashkiloti e`lon qilgan oxirgi hisobotga ko'ra, 2022 yilda dunyoda ishsizlar soni 207 mln. nafarni yoki jami ishga layoqatli aholining 5,9 foizini tashkil qilishi mumkin. Agar dunyodagi hozirgi vaziyatdan kelib chiqadigan bo'lsak, ishsizlar soni bundan-da ko'payishi ehtimoli yo'q emas. Bundan tashqari, hisobotda 2023 yilda dunyoda ishsizlik ko'rsatkichi biroz kamayib 203 mln.ni tashkil etishi qayd etilgan.
Mamlakatimizda ish bilan band aholi soni 2022 yil 1 yanvar holatiga ko'ra, 13 mln. 538 ming nafarni, rasmiy sektorda band bo'lganlar 6 mln. 196 ming nafarni hamda norasmiy sektorda mehnat qilayotganlar soni 5 mln. 885 ming kishini tashkil etgan. Ma`lumot uchun aytadigan bo'lsak, ishga layoqatli aholi soni 19 mln. 345,0 ming kishini tashkil etib, 2021 yilning shu davriga nisbatan 101,1 foizga yoki 202,6 ming kishiga oshgan.
Taraqqiyot va yuksak rivojlanishga erishgan davlatlar tajribasiga qaraydigan bo'lsak, ular istiqbolli maqsadlarni amalga oshirib, ulkan yutuqlarni qo'lga kiritganiga guvoh bo'lish mumkin. Bugun O'zbekiston ham o'z tarixining ana shunday mas`uliyatli chorrahasidan o'tmoqda, desak, mubolag'a bo'lmaydi.
So'nggi yillarda aholi, ayniqsa, xotin-qizlar, yoshlar bandligini ta`minlash, ishsiz fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish borasida bir qator chora-tadbirlar ko'rilyapti. Xususan, bandlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, davlat siyosatini yanada takomillashtirish, mehnat huquqlarini himoya qilishning qonuniy asoslarini ishlab chiqish borasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu haqda gap ketganda, quyi palataning Mehnat va ijtimoiy masalalar qo'mitasi faoliyatiga alohida to'xtalib o'tish joiz. Qo'mita tomonidan aholi bandligini huquqiy jihatdan tartibga solish, bandlik va mehnat muhofazasi sohalarida qonunchilikni takomillashtirish, qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini olib borish yo'lida bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, o'tgan davrda qo'mita qonun ijodkorligi faoliyati yo'nalishida 3 ta qonun loyihasi uchun mas`ul bo'ldi. Ulardan 2 tasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi, 1 tasi esa Prezident tomonidan imzolandi.
Shuning bilan birga, qo'mita 5 ta nazorat-tahlil tadbirlarini o'tkazdi. Ushbu yo'nalishda joriy yil mart oyida 2 ta vazirlikning axboroti eshitilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Bundan tashqari, fuqarolarni tadbirkorlikka yo'naltirish va kasb-hunarga o'rgatish ishlarini nazorat-tahlil tartibida o'rganish natijalari joriy yil 19 mart kuni qo'mitaning Sergeli tumanidagi sayyor yig'ilishida muhokama qilinib, tegishli qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qo'mita a`zolari tomonidan joylardagi dolzarb muammolarni o'z vaqtida, samarali hal etish maqsadida davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari rahbarlari nomiga 7 ta deputat so'rovi yuborildi.
Qayd etish joizki, qo'mita faoliyatida fuqarolar murojaatlarini o'z vaqtida, to'liq o'rganish hamda ular yuzasidan qonuniy choralar ko'rishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Jumladan, joriy yil I chorakda qo'mitaga kelib tushgan jami 169 ta murojaat o'z vaqtida ko'rib chiqilib, ulardan 52 tasi ijobiy hal etildi. Bundan tashqari, hisobot davrida qo'mita a`zolari tomonidan 284 nafar fuqaro qabul qilinib, ular tomonidan ko'tarilgan masalalardan 106 tasi deputatlarning sa`y-harakati natijasida hal etildi.
Mehnat va ijtimoiy masalalar qo'mitasi bir qator nazorat-tahlil tadbirlarini o'tkazish, ijtimoiy sohaga oid qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan tashabbuslar bilan chiqishni rejalashtirgan. Shu kunlarda qo'mita a`zolari tomonidan “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Qonun loyihasida nogironligi bo'lgan shaxslarning bandligi, ta`lim olishi, tadbirkorlik qilishi va kasb-hunarga o'qishi bilan bog'liq jihatlar, “Ijtimoiy xizmat” elektron platformasi va ijtimoiy himoyaga aloqador o'zgartish va qo'shimchalar nazarda tutilmoqda.
Bobur Mirzo To'xtaev,
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo'mitasi kotibiyati katta referenti.
«O'zbekiston ovozi», 20.04.2022, №16