“2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturidagi 3-maqsadda “mahalliy ijro hokimiyati organlarini demokratik tamoyillar asosida shakllantirishning huquqiy asoslarini yaratish” vazifasi belgilangan.
Bu bo'yicha joriy yilning mart oyida uch yo'nalishni o'z ichiga oladigan me`yoriy huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Mazkur hujjatda, xususan, tuman va shahar hokimi lavozimiga nomzod ilgari surilishi tartibini qayta ko'rib chiqish, hokimlikka nomzod mahalliy Kengashda hududni rivojlantirish bo'yicha o'z dasturini himoya qilib, lavozimga tasdiqlanishi tartibini joriy etish, mahallalarning joylardagi vakillik organlari bilan, mahalliy Kengashlarning Oliy Majlis Senati bilan, hokimliklarning vazirliklar va ularning hududiy bo'linmalari bilan aloqalarini mustahkamlash mexanizmlari belgilanishi kerak.
Xidirali Sodiqov,
Adliya vazirligi mutaxassisi:
– Davlat dasturining 3-maqsadi tuman va shahar hokimi lavozimiga nomzod ilgari surilishi tartibini qayta ko'rib chiqishni taqozo etadi. Amalda, haqiqatan ham, bunga zarurat bor. Hozirgi tartibga ko'ra, tuman (shahar) hokimi viloyat, Toshkent shahar hokimi tomonidan lavozimga tayinlanadi va xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashiga tasdiqlash uchun kiritiladi. Bu nomzod deputatlar tomonidan o'z-o'zidan tasdiqlanishini anglatadi. Chunki, tasdiqlamaslik yoki undan keyingi jarayonlar haqida qonunchilikda biron norma mavjud emas.
Yana bir masala, qonunchilikka kiritilayotgan o'zgartishga ko'ra, tuman (shahar) hokimi lavozimiga nomzod mahalliy Kengashda hududni rivojlantirish bo'yicha o'z dasturini himoya qilish orqali lavozimga tayinlanishi taklif etilmoqda. Shu kabi bir qator mexanizmlar joriy etilishi Konstitusiyamizga ham o'zgartish kiritishni talab qiladi. Ya`ni, bu masalalar Konstitusiyaviy qonun darajasida belgilanadi. Ayni paytda mazkur loyihalarni oxiriga yetkazish ustida ish olib borilmoqda va yakunda jamoatchilik muhokamasiga qo'yiladi va qonun loyihalari jamoatchilik tomonidan bildirilgan taklif, mulohazalar asosida takomiliga yetkaziladi.
Muqaddas O'razalieva,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zXDP fraksiyasi a`zosi:
– Strategiyada belgilangan vazifa bajarilishi demokratik islohotlarni izchil davom ettirish nuqtai nazaridan ham muhim, deb o'ylayman. Shu holatni e`tiborga olish lozim.
Hududlarda 300 ming va undan ortiq aholi yashaydigan tumanlarimiz bor. Turli ijtimoiy masalalarni joylarning o'zida hal qilishda hokimlik va mahalliy vakillik organining bir-biri bilan uzviy bog'liqligi katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, tuman (shahar)larning sharoitini, geografiyasini, aholisining yashash sharoitini, iqtisodiy-ijtimoiy holatini yaxshi biladigan shaxslar hokimlikka kelishi kafolati oshadi. Chunki, hokimlikka nomzodlar lavozimga loyiqligini ko'rsatish uchun avval tuman (shahar)ning past-balandini yaxshilab o'rganadi, rivojlantirish nuqtalarini aniqlaydi, ijtimoiy muammolarning ichiga kirib, ularni hal qilish yo'llari haqida reja qiladi.
Mahalliy Kengashlarda eng ko'p deputatlik o'rni yoki teng miqdorda deputatlik o'rnini olgan partiya guruhlari tomonidan tuman (shahar) hokimligiga nomzod ilgari surish taklifi ham berilmoqda. Agar shunday bo'lsa, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida siyosiy-ijtimoiy muhit ancha yaxshi tomonga o'zgaradi, partiyalar o'rtasida, asosiysi, samarali boshqaruv masalasida joylarda demokratik raqobat muhiti rivojlanadi. Hokim lavozimiga nomzod ko'rsatish huquqiga ega bo'lish uchun partiyalar xalq ichiga chuqurroq kirishga, ularning ijtimoiy-huquqiy daxldorligini oshirishga harakat qiladi.
Boymurod Yusupov,
O'zXDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig'i:
– Fuqarolarning davlat boshqaruvidagi bevosita ishtiroki haqida ko'p gapiramiz. Bu jarayonni “Tashabbusli byudjet” loyihasi misolida ko'radigan bo'lsak, mahalliy byudjetni shakllantirishdagi fuqarolarning ishtiroki yaxshi natija bermoqda. Bunda har bir tumanga xos ijtimoiy, iqtisodiy muammoli masalalarni olib chiqishga erishilmoqda. Bu maqsadlar uchun hozirgi kunda mahalliy byudjetning 5 foizi miqdorida mablag' ajratilmoqda. Avvalo, bu juda zo'r tajriba bo'lgani, odamlarning kayfiyatini ancha ko'targanini ta`kidlash kerak.
Taklifim shundaki, loyiha o'zini amaliyotda oqlasa, keyinchalik, bosqichma-bosqich byudjetning 20 foizgacha qismini mazkur loyihaga yo'naltirish mumkin. Nima uchun? Chunki, bu bilan joylarda suv ta`minoti, yo'llarni yaxshilash kabi muammolarni hal etish imkoniyati kengayadi. Qolaversa, bu korrupsiya, manfaatlar to'qnashuvining ma`lum ma`noda payi qirqilishiga ham xizmat qiladi.
To'lqin To'raxonov,
O'zXDP Markaziy Kengashi raisi o'rinbosari:
– 2014 yilda Konstitusiyamizning 103-moddasiga o'zgartish kiritilganda hokimlarning mahalliy kengashlar oldida hisobdorligi masalasi qo'yildi. Undan keyin “Mahalliy davlat hokimiyati to'g'risida”gi qonunning 24-moddasiga bir qator o'zgartishlar kiritildi. Xususan, 2017 yildan buyon 10 ga yaqin o'zgartish kiritilgan. Huquqni muhofaza etuvchi, sog'liqni saqlash tizimi rahbarlarining hisobotlarini mahalliy Kengashlarda eshitish tartibi joriy etildi. Bu o'zgartish, qo'shimchalar mahalliy Kengashlarning, tumanlardagi deputatlarning dunyoqarashi, siyosiy pozisiyasini mustahkamlashda muhim asos bo'lib xizmat qildi. Ilgari tortinibroq turgan deputatlar yaqin yillarda hududlarda rahbarlarning hisobot va axborotlarini eshitishga, o'z navbatida ular ham hisobdorlikka o'rgandi.
Ammo, tan olish kerak, ayrim hollarda shunchaki majlislar ko'paydi. Yig'ilishni ko'paytiradigan me`yorlar bilan hududlarning o'zini o'zi boshqarish salohiyatini oshirish juda qiyin. Endi hisobdorlik masalasida yanada ta`sirchanroq me`yorlarni joriy etish vaqti kelmoqda. Shuning uchun Taraqqiyot strategiyasida mahalliy ijroiya hokimiyati organlarini demokratik tamoyillar asosida shakllantirishning huquqiy asoslarini yaratish vazifasi aniq belgilab qo'yilgan.
Tuman va shahar hokimi lavozimiga nomzod ilgari surilishi tartibi qayta ko'rib chiqilishi, hokimlikka nomzod mahalliy Kengashda hududni rivojlantirish bo'yicha o'z dasturini himoya qilib, lavozimga tasdiqlanishi yo'lga qo'yilishi mahalliy hokimliklar va deputatlarning jamoatchilik oldida mas`uliyati oshishiga mustahkam asos bo'ladi.
Sobitjon Imomov,
xalq deputatlari Uchtepa tuman Kengashi deputati:
– Ijroiya va vakillik organlari o'zaro mustaqil faoliyat yuritishlari muhim masala. Hozirgi kunda xalq deputatlari tuman Kengashlarining raislari hokimlar hisoblanadi. Kengash yig'ilishida hokim bir xilda hududiy bo'lim va boshqarma boshliqlari hisobotlarini tinglaydi. Ya`ni, ba`zi hollarda hokimlik yig'ilishi bilan deputatlar majlisi aralashib ketgandek bo'lyapti. Qonunlarga o'zgartish kiritayotganda, yangilarini ishlab chiqayotganda shu jihatlarni ham inobatga olish kerak, menimcha.
Dilbar Mamadjonova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zXDP fraksiyasi a`zosi:
– Mahalliy Kengash deputatlari hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari, ish o'rinlari yaratilishi bo'yicha dasturlar ijrosi, jinoyatchilik darajasi kabi masalalar bo'yicha xalq deputatlari tuman yoki shahar Kengashi sessiyasini chaqirib, hokimning ushbu masalalar bo'yicha faoliyatini tahlil qilib, muayyan xulosa berish imkoniyatiga, ta`sir mexanizmiga ega bo'lishi kerak, deb o'ylayman.
Shunda tuman (shahar) hokimlarining faoliyati haqida o'sha hududning o'zida boshlang'ich munosabatni bildirish amaliyoti rivojlanar edi. Shu bilan birga, hokim nima qilayapti, Kengash, deputatlar nima qilyapti, degan muhim savollar bo'yicha jamoatchilikning xabardorligi oshardi.
Akmal Umaraliev,
O'zXDP Toshkent viloyat kengashi raisi:
– Yuqoridagi fikr-mulohaza va takliflardan ko'rinib turibdiki, Taraqqiyot strategiyasida mahalliy ijro hokimiyati organlarini demokratik tamoyillar asosida shakllantirishning huquqiy asoslarini yaratish bo'yicha muhim vazifalar belgilangan ekan.
Biz, siyosiy partiya vakillari yana bir masalani unutmasligimiz kerak. Ya`niki, taraqqiyotni ko'zlab ilgari surilayotgan g'oya va tashabbuslar birinchi navbatda siyosiy partiyalar institutiga katta mas`uliyat yuklaydi. To'g'risini aytib, tan olishimiz kerak, hozirgi faoliyatimiz yangi me`yorlar talablariga javob beradimi-yo'qmi, degan achchiq savol oldimizda ko'ndalang turibdi. Shuning uchun ishimizni o'zimiz chuqur tanqidiy tahlil qilib, kamchiliklarimizni bartaraf etish, deputatlarning faolligi va saylovchilar oldida javobgarlikni kuchaytirish choralarini ko'rishimiz kerak, deb o'ylayman.
Dilshod Islomov,
O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi
Markaziy Kengashi Axborot xizmati rahbari.
«O'zbekiston ovozi», 20.04.2022, №16