Mahalla jamiyatda tinchlik-totuvlik, o'zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy urf-odat va qadriyatlarni asrab-avaylashda xalqimizga eng yaqin ijtimoiy tuzilma hisoblanadi. Boshqacha aytganda, mahalla instituti chet el tajribasini andoza qila olmaydigan yagona tizimdir.
So'nggi olti yillik davr ichida ushbu noyob institut tom ma`noda jamiyatning milliy boshqaruv idorasi bo'lishi uchun keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida mahalla institutining rolini oshirish, tizimdagi ishlarni “mahallabay” yuritish, bunda “Mahalla raisi – islohotchi” tamoyiliga tayanish sohani yanada rivojlantirishda keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Xususan, mahalla institutining jamiyat ijtimoiy-ma`naviy taraqqiyotida tutgan o'rnini mustahkamlash maqsadida Mahalla va nuroniylarni qo'llab-quvvatlash vazirligi tashkil etilishi odamlar turmush darajasini oshirish va farovonligini ta`minlashga qaratilgan muhim islohotlardan biri bo'ldi.
Prezidentimiz ta`biri bilan aytganda, “Mahalla raisi faol islohotchi sifatida, avvalo, zamon bilan hamqadam bo'lishi, o'z bilim va malakasini doimiy oshirib borish haqida o'ylashi, “Obod mahalla”, “Obod ko'cha”, “Obod xonadon” mezonlarini hayotga tatbiq etish, turli ijtimoiy muammolarni hal qilish, ishsizlik va kambag'allikni qisqartirish, mahallalarni tadbirkorlik markazlariga aylantirish choralarini ko'rishi darkor”.
Ayni kunlarda mamlakatimizda joriy yilning may-iyun oylarida o'tkaziladigan fuqarolar yig'inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o'tkazishga qizg'in taraddud ko'rilmoqda.
Bugungi kun holatiga ko'ra, mamlakatimizda 9 ming 349 ta fuqarolar yig'ini mavjud bo'lib, ularning 41 tasi shaharcha fuqarolar yig'ini, 73 tasi qishloq fuqarolar yig'ini, 165 tasi ovul fuqarolar yig'ini, 9070 tasi mahalla fuqarolar yig'inlaridir. 580 ta fuqarolar yig'ini yurtimizning qo'shni mamlakatlar bilan chegara va anklav hududlarida joylashgan.
Mazkur saylovni tashkil etish va o'tkazish ochiqlik hamda shaffoflik tamoyillari asosida amalga oshiriladi. Fuqarolar yig'ini raisi (oqsoqoli) fuqarolar yig'ini, fuqarolar yig'inini chaqirish imkoni bo'lmagan taqdirda esa, fuqarolar vakillarining yig'ilishi tomonidan uch yilga saylanadi.
Joriy yil 16 mart kuni Oliy Majlis Senati Kengashining “Fuqarolar yig'inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror ijrosini ta`minlash maqsadida Mahalla va nuroniylarni qo'llab-quvvatlash vazirining tegishli buyrug'i ijroga qaratilib, unga ko'ra saylovga oid ma`lumotlarni umumlashtirish va tahlil qilish, OAV, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo'yicha ishchi guruhlar, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar)lar Kengashlarining qarorlari bilan 221 ta ko'maklashuvchi komissiya tuzilib, saylovga tayyorgarlik ko'rish va o'tkazishga doir tadbirlar rejalari tasdiqlandi.
Yangi tartibga ko'ra, fuqarolar vakillarining soni saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo'lgan fuqarolar umumiy sonining kamida 12 foizini tashkil etishi kerak. Avvallari fuqarolar yig'inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o'tkazish masalasi bilan respublika darajasida Oliy Majlis Senati Kengashining komissiyasi shug'ullanardi. Endilikda bu jarayonga “Fuqarolar yig'ini raisi (oqsoqoli) saylovi to'g'risida”gi qonunga muvofiq, alohida tuziladigan Fuqarolar yig'inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o'tkazishga ko'maklashuvchi respublika komissiyasi mas`ul sanaladi.
Respublika komissiyasi tarkibiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a`zolari, davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy va boshqa tashkilotlar vakillari kiritilishi mumkin.
Oldingi amaliyotda mahalla raisi fuqarolar yig'ini tomonidan emas, balki fuqarolar vakillarining yig'ilishi tomonidan saylangan. Bunda saylovchilar nomidan atigi 50-80 vakil ovoz berardi, xolos. Yangi tartibga ko'ra, saylovda fuqarolarning o'zlari ko'proq ishtirok etishini ta`minlash maqsadida hovlilar, uylar, ko'chalardan fuqarolar vakilligining minimal normasi belgilandi. Bunda vakillar soni saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo'lgan fuqarolar umumiy sonining kamida 12 foizini tashkil etadi.
Deylik, bunday holatda mahallada yashovchi o'rtacha 3 ming saylovchi nomidan 360 vakilning saylovda ishtirok etishi ta`minlanadi. O'z navbatida, fuqarolar vakillariga ham talablar o'rnatilgan. Bunda tashkilotchilik qobiliyatiga, hayotiy tajribaga va aholi o'rtasida obro'-e`tiborga ega bo'lgan kishilar vakillar sifatida saylanishiga erishish fuqarolar yig'inlarining kelgusi faoliyatida muhim o'rin tutadi. Rais lavozimiga ko'rsatilgan nomzodlar yoki ularning yaqin qarindoshlari vakil bo'lishi mumkin emas.
Nomzodlar O'zbekiston fuqarosi bo'lishi, qoida tariqasida, oliy ma`lumotga ega, bevosita saylovga qadar kamida besh yil tegishli hududda doimiy yashayotgan, tashkilotchilik qobiliyatiga, davlat organlarida yoki nodavlat notijorat tashkilotlarida yoxud tadbirkorlik va boshqa xo'jalik faoliyati sohasida ish va hayotiy tajribaga, aholi o'rtasida obro'-e`tiborga ega bo'lishi kerak.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz, deb topilgan, og'ir yoki o'ta og'ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlangani olib tashlanmagan shaxslar, shuningdek, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan, haqiqiy harbiy xizmatdagi shaxslar, diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari fuqarolar yig'ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga saylanish uchun nomzod etib ko'rsatilishi mumkin emas.
Kezi kelganda ta`kidlash lozim, Taraqqiyot strategiyasining birinchi yo'nalishida inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish maqsadida mahalla instituti faoliyati samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo'g'iniga aylantirish maqsad qilingan.
Ushbu maqsadni amalga oshirish uchun 5 ta muhim chora-tadbir mexanizmi aniq ko'rsatib berilgan. Jumladan, mahallaning nufuzini va uning obro'sini oshirish uchun moliyaviy mustaqillik berish, mahallalarda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni joyida hal etish maqsadida fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlari vakolatlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Shu o'rinda yana bir gap. Keyingi yillarda O'zbekiston mahallalarida jo'shqin muhit hukmron. Bu mahalla va mahalla raislari faoliyatining huquqiy asoslari mustahkamlangani, tizimga zarur mablag' yo'naltirilayotgani bilan bog'liq, albatta. Fikrimizga bitta misol: “Mustaqillik 22 yilligi” MFYda sayyor qabul o'tkazganimizda 10 ga yaqin fuqaro kredit olish masalasida murojaat qildi. Hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi ularga issiqxona qurishda va baliqchilikni rivojlantirish bo'yicha yo'nalishlarni tushuntirib, amaliy yordam berdi.
Bu bilan mahalla institutining nechog'lik samarador ekani ayon bo'lyapti. Yana bir muhim tomoni, endilikda mahalliy byudjet mablag'lariga aloqador masala mahallaning, tumanning o'zida hal bo'lishiga erishilmoqda. Demak, muammolar mahallaning o'zida hal bo'lgach, aholi ortiqcha sarson-sargardon bo'lib, mutasaddi tashkilotlar oldida navbat kutib, sarg'ayib turmaydi.
Bir so'z bilan aytganda, oldimizda yana bir muhim jarayon — mahalla raislari saylovi turibdi. Bunda har birimiz faol ishtirok etsak, ertangi hayotimiz farovon bo'lishini ta`minlashga hissa qo'shgan bo'lamiz.
Mavjuda HASANOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O'zXDP fraksiyasi a`zosi.
«O'zbekiston ovozi», 20.04.2022, №16