Yangi ish o‘rinlarini tashkil etish holati qanday?

 

Aprel oyida Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo'mitasi a`zolari Navoiy, Surxondaryo va Farg'ona viloyatlarida yangi ish o'rinlarini tashkil etish, aholi bandligiga ko'maklashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini o'rganishdi.

Nazorat-tahlil davomida deputatlar davlat va mahalliy investisiya dasturlari bo'yicha yaratilgan ish o'rinlari, ajratilgan subsidiya, grantlar, nafaqalar, kasb-hunarga o'qitish, nogironligi bo'lgan shaxslarning ish bilan ta`minlanishi masalalariga alohida e`tibor qaratishdi.

 

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Mehnat va ijtimoiy masalalar qo'mitasi va O'zXDP fraksiyasi a`zosi:

– Bugun ishlayman, degan odamga imkoniyat bor. Albatta, hamma yuqori tashkilotda yoki yirik korxonalarda ishlashining iloji yo'q. Uyda, mahallada ham tadbirkorlik qilish, tomorqada isssiqxonalar tashkil etib, daromad olish, kredit olib, kichik korxonalar tashkil etish mumkin. Mahalla, hokim yordamchilari, hududiy hokimiyat bu borada odamlarga ko'maklashib, yaqin yordamchi bo'lishadi. Aholi vakillari allaqachon bu imkoniyatlardan samarali foydalanishmoqda. Natijada hududdarda kambag'allik darajasi qisqarib, odamlar mustaqil ishlariga ega bo'lishmoqda.

Navoiy viloyatining Navbahor, Xatirchi, Qiziltepa, Nurota, Konimex, Karmana tumanlari hamda Navoiy shahrida bo'lib, davlat va mahalliy dasturlar bo'yicha yaratilgan ish o'rinlari, ajratilgan subsidiya, kasb-hunarga o'qitish holatlarini o'rgandik.

Ish bilan ta`minlashning ko'p tarmoqlari bor: korxona tashkil etish, subsidiya ajratish, xizmat ko'satishni kengaytirish, investisiya… Meni quvontirgani, bugun aholi subsidiyalardan unumli foydalanishyapti. Odamlar bir-biridan o'rnak olib, ish boshlash harakatiga tushishgan. Deylik, mahallada bir oila subsidiya olib issiqxona qilsa, uning foydasini ko'rib, qo'ni-qo'shnilarning ham bu faoliyatga ishtiyoqi paydo bo'ladi.

Konimex tumanidagi bir mahallada bo'ldik. Odamlar nafaqat shaxsiy tomorqasi, balki ko'cha yerlaridan ham unumli foydalanib, issiqxonalar tashkil etishgan. Ham ko'chalar obod, ham aholi daromad olyapti, uydan chiqmasdan turib, mablag'ga ega bo'lyapti. natijada ayrim odamlardagi boqimandalik ham bartaraf etilyapti.

Ammo… Hududda subsidiya masalasida kamchiliklar ham bor. Shuni alohida ta`kidlash kerakki, mahallalardagi mehnat inspektorlari tomonidan aholi o'rtasida yetarlicha targ'ibot va tashviqot ishlari olib borilmaganligi natijasida faqatgina 4 yo'nalishda subsidiyalar ajratilgan bo'lsa, nafaqat tumanlar balki, viloyat miqyosida grant va mikrokreditlar berilmagan. Aholi va tadbirkorlar bilan suhbat davomida ularning aksariyati grant va mikrokreditlar haqida yetarli ma`lumotga ega emasligi ma`lum bo'ldi. Bu borada mahallalardagi hokim yordamchilarining faoliyati qoniqarli emasligi aniqlandi.

Ayrim investisiya loyihalarini o'z vaqtida amalga oshirish bo'yicha vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo'yicha takliflar tayyorlandi. Jumladan, «Synthetic hydrocarbons» MChJ loyihasi 6,5 km. masofadagi yuqori bosimli gaz quvuriga ulanish masalasi kechikayotgani sababli amalga oshmayapti, 50 ta ish o'rni yaratilmay qolmoqda. Ayrim loyihalarga kredit mablag'lari ajratilmayotgani, natijada ish o'rinlari yaratish kechikayotgani aniqlandi.

Bandlikka ko'maklashish davlat jamg'armasi mablag'lari hisobidan asbob-uskuna xarid qilish davlat xaridlari portali (elektron savdo) orqali amalga oshadi. Ushbu auksionda g'olib bo'lgan tadbirkorlar tomonidan shartnomada ko'rsatilgan jihozlar o'rniga, boshqa turdagi jihozlar taklif etilishi ko'p uchramoqda. Aynan shu muammo sababli Navoiy viloyati bo'yicha 2021 yilda 26 ta holatda hamda 2022 yilda 23 ta holatda shartnomalar bekor qilingan.

Bu esa ishsiz fuqarolarga subsidiya orqali olib berilishi kerak bo'lgan jihozlarning kechikishiga olib kelmoqda va fuqarolarning haqli e`tiroziga sabab bo'lmoqda. Bosh boshqarmaning Bandlikka ko'maklashish davlat jamg'armasi mablag'laridan samarali foydalanish sho'`basiga mas`ul xodimning elektron dasturini davlat moliyasini boshqaruvchi avtomatlashtirilgan tizimi (DMBAT)ga integrasiya qilish ma`qul bo'lardi.

 

O'rol O'ROZBOEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Mehnat va ijtimoiy masalalar qo'mitasi va O'zXDP fraksiyasi a`zosi:

– Biz 2 kun davomida Farg'ona viloyatidagi Oltiariq, Bog'dod tumanlari hamda Farg'ona shahrida davlat dasturlari bo'yicha yaratilgan ish o'rinlari, ajratilgan subsidiya, grantlar, nafaqalar hamda kasbga o'qitish holatlari bilan tanishdik, haqiqiy ahvolni o'rgandik. Umuman, muhim ishlar amlaga oshirilgan.

Tanlov asosida o'rganilganda, Oltiariq tumanida yangi ish o'rinlari tashkil etilishi ayrim sohalarda I-chorak bo'yicha bajarilmagani ma`lum bo'ldi. Misol uchun, tumanda savdo va servis yo'nalishidagi choraklik reja 75 foiz bajarilgan.

2 ta tumanda 6 ta ishlab chiqarish kooperativi tashkil etilgan va bandlikka ko'maklashish davlat jamg'armasi mablag'lari hisobidan 459 mln. so'm miqdorida subsidiya mablag'lari ajratilgan va 155 nafar fuqaroning bandligi ta`minlangan.

Subsidiya yaxshi, albatta. Bir oila o'zini tiklab oladi, ro'zg'or tebratadi. Ammo bu borada mas`ullar yo'l qo'yayotgan kamchiliklar kuzatilayotgani achinarli. Misol uchun, Bog'dod tumani «Ittifoq» MFY, A.Temur ko'chasi, 36-uyda yashovchi, «Ayollar daftari»da turuvchi fuqaro Shahnoza Rahimova, Oltiariq tumani «Povulg'on» MFY, «Yoshlar» ko'chasida yashovchi, «Ayollar daftari»da turuvchi Malika Ahmedovaga 0,1 gektar yer maydoniga o'rtacha 7,2 mln. so'mdan yengil konstruksiyali issiqxona qurib berilgan. Issiqxonalarda limon, pomidor, bodring ekilgan, lekin qurilgan issiqxona sifatsiz, yengil konstruksiyasi materiallari talabga javob bermaydi. Ish boshlagan odam daromad olsam, ishim unumli va sifatli bo'lsa, deydi. Sharoit yaxshi bo'lmasa, samaradorlik ham bo'lmaydi, ishtiyoq so'nadi.

Viloyatdagi kunlik mehnat markazlari faoliyati bilan ham tanishdik. Markazlar tomonidan 2022 yil davomida jami 801 nafar fuqaro ro'yxatga olingan. Jumladan, Qo'qon shahrida 189 nafar, Marg'ilon shahrida 204 nafar, Farg'ona shahrida 258 nafar hamda Oltiariq tumanida 150 nafar bir martalik ish izlovchilar qayd etilgan.

O'rganish jarayonida respublika darajasida hal etilishi lozim bo'lgan muammolar aniqlandi. Bog'dod tumanida uzoq yillar davomida foydalanib kelingan, 1986 yilda qurilgan «Bunyodkor» ko'tarma suv nasosi stansiyasi ta`mirtalab ahvolga kelib qolgani sababli past quvvat bilan ishlamoqda. Natijada tumanning dasht hududlaridagi qariyb 3,5 ming gektar yer maydonida joylashgan bog'dorchilik fermer xo'jaliklari va aholining 800 gektar tomorqa yer maydonlarini suv bilan ta`minlash ahvoli qoniqarsiz qolmoqda. Yiliga amallab bir martagina hosil olinmoqda.

Ushbu ko'tarma suv nasosi stansiyasini davlat dasturi asosida yoki viloyat yoxud tumanning qo'shimcha mablag'lari hisobidan bo'lsa ham ta`mirlash rejalashtirilsa, maqsadga muvofiq bo'lar edi. Buning imkoni topilsa, aholi yiliga 3 martagacha hosil olishi, 3 ming nafarga yaqin fuqaroning band bo'lishi imkoniyati paydo bo'ladi.

Hududlardagi mazkur o'rganish jarayonida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qilingan murojaatlarning yechimi, aholi bandligidagi sohalar bo'yicha amalga oshiriladigan ishlar hamda investisiya loyihalari asosida yangi ish o'rinlari yaratishni o'z vaqtida amalga oshirish yuzasidan deputatlar parlament nazoratini olib borishlari belgilandi. Aholi va tashkilot, korxona vakillaridan bandlik, xususan, bu sohada qiyinchiliklar tug'dirayotgan masalalar yuzasidan takliflar olindi. Mazkur takliflar qo'mita ishchi yig'ilishida muhokama qilinib, uning yakuni bo'yicha qonunchilik hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish chora-tadbirlari belgilab olindi.

 

Gulruh ODASHBOEVA,

«O'zbekiston ovozi» muxbiri.

«O'zbekiston ovozi», 10.05.2022, №18-19

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish