Parlament faoliyatini takomillashtirish jamiyat hayotini yangilash, rivojlantirish demakdir. Keyingi yillarda mamlakatimizda bu borada qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. 2021 yildan boshlab tizimda yana bir yangi institut – deputat yordamchisi joriy etildi. Shu orqali xalq vakillarining elektorat bilan o'zaro hamkorligini yanada mustahkamlashga asos yaratildi.
Deputat yordamchisining huquqiy maqomi
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, Qonunchilik palatasining deputatlari saylov okrugida o'z vakiliga ega. Lekin ular partiyaning tegishli hududiy bo'limi xodimlari orasidan jamoatchilik asosida tayinlanib, faoliyat yuritishi sababli ular asosan siyosiy partiya ishlari bilan band bo'lib qolmoqda va buning natijasida deputatlar faoliyatiga ko'maklashish imkoniyati cheklanmoqda.
Bundan tashqari, deputat vakili institutining faoliyati o'rganilganda, qonun hujjatlarida uning huquqiy maqomi, unga qo'yiladigan talablar, uni ishga qabul qilish va ishdan bo'shatish tartibi, deputat vakili faoliyatini moliyalashtirish masalalari aniq belgilanmaganligi ma`lum bo'ldi. Bu bo'shliqni to'ldirish maqsadida 2021 yil 15 oktyabrda kuchga kirgan «O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a`zosining maqomi to'g'risida»gi qonuni deputat yordamchisi to'g'risidagi modda bilan to'ldirildi.
Unda belgilanishicha, deputat o'zini deputatlikka nomzod etib ko'rsatgan siyosiy partiya bilan aloqasini saqlab turish hamda o'z saylov okrugidagi faoliyatini samarali tashkil etish uchun yordamchiga ega bo'lishga haqlidir. Shu munosabat bilan 1996 yildagi «Siyosiy partiyalar to'g'risida«gi qonundan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatining vakili to'g'risidagi modda chiqarib tashlandi.
Deputat yordamchisi qanday bo'lishi kerak?
O'rganilgan tahlillar asosida zamonaviy jamiyatda deputat yordamchisi parlament va deputat faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikdan to'liq xabardor bo'lishi, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish, uni yuritish etikasi, uning siyosiy va huquqiy asoslarini to'liq va aniq tarzda bilishi zarur.
Jamoa va fuqarolar bilan muomala qilish madaniyati va psixologik yondashuv ularning asosiy quroli bo'lishi kerak. Chunki u deputatning yuzi. Yordamchi qachonki saylovchilarni xushmuomala bilan qabul qilar ekan, ularni tinglay bilar ekan, aholi unga, shu orqali deputatga ishonadi, suyanadi, qo'llab-quvvatlaydi.
Hududning geografik jihatlarini to'liq bilishi deputat yordamchisiga odamlar orasida bo'lish, kezi kelganda, uyma-uy, xonadonma-xonadon yurib aholini o'ylantirayotgan masalalardan yaxshi xabardor bo'lishiga xizmat qiladi.
Ijtimoiy-siyosiy jarayonlardan to'liq xabardorlik ularga uchrashuvlar, seminar hamda qabullar tashkil etish va ularni o'tkazishda juda qo'l keladi. Qolaversa, aholi murojaatlarini hal etish, jamiyatdagi yangilik va o'zgarishlarni ularga yetkazish deputat yordamchilaridan bilim va tajriba talab etadi.
Deputatning ijtimoiy tarmoqlar (telegram, facebook, instagram)dagi shaxsiy sahifasi va blogini to'g'ri, aniq, PR-texnologiyalardan foydalangan holda yurita olishi yordamchiga qo'yiladigan yana bir asosiy talablardan biri hisoblanadi.
Deputat yordamchisining vazifalari nimalardan iborat?
— deputatning uni deputatlikka nomzod etib ko'rsatgan siyosiy partiya, uning tegishli saylov okrugidagi hududiy bo'limi hamda saylovchilar bilan samarali aloqa o'rnatishiga ko'maklashadi;
— saylov okrugida jismoniy va yuridik shaxslardan deputat nomiga kelib tushgan murojaatlarni ro'yxatga oladi va bu haqda deputatni xabardor qiladi;
— jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini deputat tomonidan qabul qilinishiga, shuningdek, deputatning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga ko'maklashadi;
— saylov okrugi hududida deputatning vakolatlarini amalga oshirish bilan bog'liq ishlarni deputatning topshirig'iga ko'ra tashkil etadi;
— okrug saylovchilarini deputatning faoliyati to'g'risida xabardor qiladi;
— deputatning murojaatlari, so'rovlarini tayyorlash hamda saylov okrugida deputat tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan olingan murojaatlar ko'rib chiqilishida ishtirok etadi, murojaatlarda bayon etilgan masalalarni o'rganadi;
— deputatning o'z vakolatlarini amalga oshirishga doir boshqa topshiriqlarini bajaradi.
Shuningdek, deputat yordamchisi okrug saylovchilarini Qonunchilik palatasi deputatining faoliyati to'g'risida, deputatni esa saylov okrugi hududida yuz berayotgan voqealar, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar to'g'risida xabardor qilib boradi, deputatning o'z vakolatlarini amalga oshirishi uchun zarur bo'lgan axborot-tahliliy materiallarni tayyorlaydi.
Xalqaro tajriba
Deputat yordamchisi jahon parlamentarizmi tizimida keng ommalashayotgan siyosiy institut sifatida o'ziga xos o'ringa ega. Bu dunyoning rivojlangan mamlakatlari, avvalo, o'zining siyosiy davlatchilik munosabatlari, ikkinchidan, parlament bilan bog'liq faoliyatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Ma`lumotlarga ko'ra, deputat yordamchisi xorijiy tajribada ko'p hollarda «Asissent of Deputy» (AD) nomi bilan qo'llaniladi. Shimoliy Yevropa davlatlari, Avstriya, Chexiya, Slovakiya, Shveysariya, Braziliya kabi mamlakatlarda ism-sharifi partiya ro'yxatida saylangan deputatlar nomidan keyin kelgan nomzodlar deputat yordamchilari bo'la olishadi.
Deputat yordamchisi boshqaruv sohasida faol fuqarolik, professonallik va siyosiy jihatlarga ega bo'lishi alohida ajratib ko'rsatiladi. Deputat yordamchisi geografik hudud va aholi soniga qarab belgilanib, har bir deputat uchun 2 tadan 6 tagacha joriy etilgan. Dunyoning rivojlangan mamlakatlari, jumladan, Rossiya, Yaponiya, Finlyandiya, Daniya, Norvegiya, Buyuk Britaniya, Italiya kabi mamlakatlarda nafaqat parlament deputatining, balki mahalliy kengash deputatlarining ham o'z yordamchilari mavjud.
Daniya, Buyuk Britaniya, Finlyandiya, Litva, Latviya, Argentina, Rossiya mamlakatlari parlamentlari tizimida deputat yordamchisi instituti mavjud. Uning faoliyati masalan, Rossiya Federasiyasida 1994 yil 8 mayda qabul qilingan «Rossiya Federasiyasi senatori maqomi va Rossiya Federasiyasi Federal Majlisining Davlat Dumasi deputati maqomi to'g'risida»gi Qonun bilan tartibga solinadi.
Shvesiya, Ispaniya va Portugaliyada deputat yordamchisi fraksiya tomonidan belgilanadi. Finlyandiyada deputat yordamchisining asosiy vazifasi sifatida deputatning davra suhbatlarini tashkil etish, qonun ijodkorligi bo'yicha elektorat bilan uchrashuvga asosiy javobgarlik, OAV bilan uchrashuvlarni tashkillashtirish va umumiy hisobda kotiblik vazifasini bajarish, deputatning faoliyatini ijtimoiy tarmoqlarda yoritish kabilar belgilangan. Deputat yordamchisining vazifalari xalqaro qonunchilikda deputatning qonun doirasida belgilangan vazifalari bilan to'liq mos kelishi lozimligi ko'rsatilgan.
Deputat yordamchilari nima deydi?
– Deputat yordamchisi lavozimi joriy etilganligi, avvalo, deputatning saylov okrugida ish olib borishi va aholi bilan ko'proq muloqot qilishi, uchrashuvlar o'tkazishi, murojaatlarini qabul qilish va muammolar yechimini topishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 84-Denov saylov okrugidan saylangan deputat Firdavs Sharipov yordamchisi Hasan Mirzaev. – Zero, deputat oyda bir marotaba, ba`zida undan uzoq vaqt davomida saylov okrugiga keladi. Deputat yordamchisi esa hududda doimiy faoliyat olib borgan holda deputat va saylovchilar o'rtasidagi «ko'prik» hisoblanadi. Hududdagi haqiqiy vaziyat, voqea va hodisalar bilan deputatni doimiy xabardor qilib boradi. O'zim ham deyarli har kuni Firdavs Sharipov bilan telefon orqali bog'lanaman. Ko'rsatmalar olaman, ma`lumotlar taqdim etaman.
Deputatga joriy yil yanvar oyidan buyon 19 ta mahallada o'tkazilgan ochiq ommaviy sayyor qabullarda 120 ta murojaat kelib tushgan bo'lib, 21 tasi joyida hal etilgan. Muddat talab etiladigan masalalar tegishli mutasaddilarga yo'naltirilgan holda nazoratga olinib, qonuniy yechim topilmoqda. Aytish kerakki, aksariyat murojaatlar tuman darajasidagi masalalar. Xususan, 102 ta muammo tumanda hal etiladigan bo'lsa, 16 tasi viloyat va 2 tasi respublika darajasida ko'rib chiqiladigan masalalar hisoblanadi.
Deputatning har bir uchrashuvidan so'ng murojaatlar tahlil qilinadi, rasmiylashtirilib, tegishliligi bo'yicha tuman hokimligi va mutasaddi tashkilotlarga yo'naltirilib, deputatlik nazoratiga olinadi. Murojaatlar yechim topishida deputat yordamchisi mas`uliyat bilan yondashishi, uning natijasi bo'yicha kerak bo'lsa javobgar bo'lishi, kunlik izlanishda, o'z ustida ishlashi zarur.
– Deputat yordamchisi «parlament–deputat–xalq» o'zaro munosabatlarining asosiy murvati hisoblanadi, – deydi 90-«Bo'stonliq» saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputat Qizilgul Qosimova yordamchisi Aytbay To'rabekov. – Chunki deputat yordamchisi joylarda aholi bilan muloqotning doimiy va jonli vakili sifatida deputatga murojaatlar ijobiy hal etilishida asosiy ko'makchi hisoblanadi. Deputat saylov okrugiga Bo'stonliq tumani va Yuqori Chirchiq tumanining bir qismi kiradi. Mazkur okrugda Bo'stonliq tumanining aholi soni 163000, mahallalar soni 59 ta va Yuqori Chirchiq tumanidagi 24 mahallada 40000 nafarga yaqin saylovchi mavjud.
Uchrashuvlardan oldin va har chorakda tuman bo'yicha tahliliy ma`lumotlar tayyorlab, deputatga taqdim etaman. Bundan tashkari, tumanda o'tkazilayotgan muhim tadbirlar, tuman Kengashi sessiyalari, hokimlik soatlarida qatnashib, qabul qilingan qarorlar va boshqa masalalar yuzasidan deputatni xabardor qilaman. Har kuni ertalab deputat bilan kunlik rejamiz bo'yicha kelishib olamiz, og'zaki va yozma topshiriqlar olaman va kechgi vaqtda olib borilgan va bajarilgan ishlar bo'yicha ma`lumot taqdim etib boraman.
Deputatga tushayotgan murojaatlarning 80-90 foizi tuman, 5-10 foizi viloyat va 1-2 masala respublika miqyosida hal etiladigan masalalar hisoblanadi. Biz joriy yildan boshlab deputat uchrashuvi va qabulini tuman Kengashi deputati, tuman hokimi yordamchisi, xotin-qizlar faoli va yoshlarni qo'llab-quvvatlash rahbarlari ishtirokida o'tkazishni yo'lga qo'ydik. Natijada ko'tarilgan masalalar ijrosini ta`minlash bo'yicha mutasaddilarga tavsiyalar berilib, uni nazoratga olish mahalliy Kengash deputatlariga yuklatilmoqda. Aytish kerakki, bu tajriba bugun o'zining ijobiy samarasini bermoqda.
Qizilgul Qosimova har gal uchrashuv, qabulidan so'ng tuman hokimi bilan uchrashib, murojaatlar bo'yicha maslahatlashib oladi. Natijada ko'plab masalalar o'z yechimini topib kelayapti. Xususan, «Qoraboy» oilaviy shifoxona binosini yangidan qurish 2023 yil Davlat dasturiga kiritildi. «Chinor» mahallasini tabiiy gaz bilan gazlashtirish ishlari boshlanish arafasida. Albatta, xalq bilan deputat orasidagi munosabatlar deputat yordamchilari ishtirokida yanada mustahkam bo'ladi.
– Saylovchilar turli geografik hududlarda istqomat qiladi, ularning an`ana va qadriyatlari ham turlicha. Aholi soni ham joylarda bir-biridan keskin farq qiladi. Shu bois, deputat yordamchisi instituti hududdan saylangan deputat faoliyati samaradorligini oshirishda muhim rol o'ynaydi, – deydi 83-Oltinsoy saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputat Oybarchin Abdullaeva yordamchisi Namoz Eshniyazov. – Birinchidan, deputat saylov okrugiga har doim ham kela olmaydi, bir oyda bir marta belgilangan vaqtda keladi. Ikkinchidan, ana shu 2-3 kunlik vaqt oralig'ida aholining hammasi bilan ham ko'rishish, uchrashish imkoniyati bo'lmaydi. Deputat yordamchilari esa hamisha odamlar orasida bo'lib, ularni o'ylantirayotgan, tashvishga solayotgan masalalardan deputatni doim xabardor qilib turadi.
Biz hududni yaxshi bilishimiz, ya`ni qaerda yo'l masalasi qiyinroq, qaerda suv ta`minotida kamchiliklar kuzatilyapti, qaysi mahallaga maktab, bog'cha kerakligini o'rganib borishimiz, deputat bilan birgalikda, mutasaddilarga ularning yechimi bo'yicha takliflar bilan chiqishimiz zarur. Shu bilan birga, deputat yordamchisi oddiy odamlardan tortib, yuqori tashkilot rahbarlari bilan ham muomala qila olishi, murojaatchilarga e`tiborli bo'lib, ularni tushunib, tinglay bilishi lozim. Shundagina xalq ularga, shu orqali deputatga ishonadi, suyanadi.
– Keyingi yillarda yurtimizda, mahallamiz, umuman, hayotimizda o'zgarishlar katta, yaxshiliklar, yangiliklar ko'p. Qishloq vrachlik punktlari, madaniyat va sport inshootlari, oilaviy korxonalar tashkil etilayotgani, har bir fuqaro mahalla yoki farzandlari ta`lim olayotgan muassasani obod etishga hissa qo'shishga intilayotgani quvonarli, – deydi 37-Sharof Rashidov saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputat O'rol O'rozboev yordamchisi Davron Ergashev. – Albatta, bu kabi o'zgarishlar, islohotlar samarasi ko'p jihatdan biz yordamchilar va deputatlarga bevosita bog'liq. Deputat hududlarga kelar ekan, odamlarning turmushi bilan yaqindan tanishadi, murojaatlarda ko'tarilgan masalalarga e`tibor qaratadi.
O'rol O'rozboev bu galgi uchrashuvlar davomida «Saraylik», «Yaxtanlik», «Eski toshkentlik», «Taraqqiyot», «Ziyokor», «Sovungarlik», «Jizzaxlik» va «Xavastlik» mahallalarida xizmatlar sohasini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Hududlardagi umumta`lim maktablari, tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli oilaviy poliklinikalar faoliyati o'rganildi.
Muloqotda 130 nafardan ortiq fuqaro bilan suhbat o'tkazilib, turli mazmundagi 85 ta murojaat qabul qilindi. Shulardan 5 tasi respublika, 10 tasi viloyat hamda 15 tasi tuman miqyosida hal etiladigan masalalardir. Bundan tashqari, ichki yo'llarni ta`mirlash, ichimlik suvi ta`minoti, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning sog'lig'ini tiklash, davolanishida yordam berish, uy-joy kadastri, auksion orqali olgan yerlarni ajratib berish bo'yicha murojaatlar qabul qilindi. Ularga tuman hokimining o'rinbosarlari, tashkilot, korxona rahbarlari tomonidan munosabat bildirildi.
Yosh bo'lsam-da, deputatga yaqin ko'makchi bo'lishga harakat qilaman, bilmaganlarimni o'rganaman. Hududlarda aholi bilan muloqot davomida aniqlangan masalalarni deputatga o'z vaqtida yetkazishga harakat qilaman. Deputat bilan birga kattayu kichikka birdek e`tiborli bo'lib, hududiy, shaxsiy muammolarni hal etishga yordamlashamiz. Avvaliga bunday mas`uliyatli vazifadan cho'chiganman, odamlar bilan qanday ishlayman, ularning ishonchini qanday oqlayman, degan xavotirlar o'tgan. Bugun biroz bo'lsa-da, tajriba orttirdim, saylovchilarni qaysi joyda qanday masalalar qiynayotgani, kimga qanday yordam zarurligini bilishga harakat qilaman. Umuman olganda, deputat yordamchisi chin ma`noda xalq va parlament o'rtasidagi ko'prik hisoblanadi. Uning mustahkam bo'lishi esa biz yordamchilar faoliyatiga bog'liq.
Haqiqatan ham, deputat yordamchisi instituti – joylarda aholi turmush tarziga yaqin bo'lish, ijtimoiy muammolarni o'z vaqtida anglash va qonuniy yechim topish bilan birga, mamlakatda davlat hokimiyati va xalq o'rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Gulruh ODASHBOEVA,
«O'zbekiston ovozi» muxbiri.
«O'zbekiston ovozi», 18.05.2022, №20