Daxldorlik hissi: Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni davom etmoqda

 

Ma’lumki, bugun mamlakatimizda Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni qizg‘in pallaga kirdi.

Bu jarayonda barcha fuqarolarning fikrlarini oʻrganish, aholining xohish-irodasidan kelib chiqqan holda ish koʻrishga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani ham eʼtiborga molik.

Shu bois ham Konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgarishlarda toʻlaqonli ravishda xalqning irodasi va xohish-istagi namoyon boʻlmoqda, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

 

Lola SАODАTOVА,

Oʼzbekiston XDPdan xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashi deputati,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyati boʼlimi rahbari:

– Konstitutsiyaga kiritilishi taklif etilayotgan muhim oʻzgarishlardan biri haqida toʻxtaladigan boʻlsam, Prezidentimiz 2022-yil 20-iyundagi Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos boʻlishi mumkin emasligini qatʼiy yozib qoʻyish zarurligini aytgan edi. Endilikda Konstitutsiyamizning 26-moddasida “Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlishi kerak emas” deb belgilab qoʻyilishi koʻzda tutilmoqda.

Aslida bu taqiq sobiq SSSRdan qolgan illat edi. Xalqni muteʼlikda, qoʻrquvda ushlab turish uchun mana shunday tutimlar oʻylab topilgan. Mana endi bu sarqitdan qutilishning huquqiy asosi paydo boʻladi.

Yozilgan-yozilmagan qoida asosida amal qilinadigan bu taqiq qancha yoshlarimizni oʻz orzularidan voz kechishga majbur qilayotgan edi. Qanchadan-qancha sevishgan yoshlarni ajrashishga majbur qilayotgandi. Bir shogirdim bor, harbiy sohaga ishga kirdi. Sevgan qizining otasi qamalib chiqqani uchun yoqtirgan qiziga uylanmadi. Yana bir yosh yigit shunday sabab bilan oʻzi istagan vazifaga oʻta olmadi. Shu taqiq sabab otasiga nisbatan koʻnglida gʻashlik paydo boʻlganlarniyam koʻrdik. Endi bunga gapiraversa misollar juda koʻp. Qarindosh-urugʻchilik, quda-andachilik kabi munosabatlarda ham sezilarli darzlar, koʻngilxiraliklar bor edi. Endi tasavvur qiling, odamlar qanday xursand. Yoshlarimiz qanchalik quvondilar. Chunki, bir ayb bilan faqat bitta odam jazolanishi kerak, uning atrofidagilar emas.

Shundan kelib chiqib aytadigan boʻlsam, bu taklif mamlakatimizni tom maʼnoda huquqiy davlat deb eʼtirof etishga asos boʻladigan zoʻr va dangal, oddiy xalqning yuragida armon boʻlib yurgan istak va niyatlari roʻyobga chiqadigan taklif boʻldi. Bu qaror bilimi, iqtidori, va quvvai hofizasi baland oʻzbegimning yigit va qizlarini oʻzini har tomonlama namoyon qilish, mamlakat va oilasi farovonligi yoʻlida halol va sadoqat bilan mehnat qilish imkoniyatini taqdim etishiga ishonchim komil.

Shuningdek, Davlatimiz rahbari tomonidan Konstitutsiyamizga “Ota-onalar oʻz farzandlari voyaga yetguniga qadar ularning tarbiyasi, taʼlim olishi, sogʻligʻi, toʻlaqonli va barkamol rivojlanishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish huquqiga ega va bunga majburdir“, degan qoidani kiritish taklif etildi. Bu taklif yosh avlod taqdiri uchun masʼuliyatni yanada oshirishga xizmat qiladi, deb oʻylayman.

Toʻgʻri, amaldagi konstitutsiyamizning 64-moddasida “Ota-onalar oʻz farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar” deb yozib qoʻyilgan. Lekin ota-onalik faqat bolani dunyoga keltirish, qornini toʻqlash va ustini butlashdan iborat emas-ku. Mana shunday notoʻgʻri qarash tufayli aksar hollarda taʼlim-tarbiya masalasi maktab zimmasiga yuklab qoʻyildi. Aslida, mutaxassislar fikricha, inson 70 foiz bilimni 6-7 yoshgacha, 30 foizini qolgan umri davomida oʻzlashtirar ekan. Demak, 70 foizlik oʻzlashmalar vaqtida bola qayerda boʻladi?! Bu yoshda bola asosan oilada boʻladi. Mana shu davrning sifati uchun huquqiy asos boʻldi bu taklif.

Toʻlaqonli va barkamol rivojlanish oiladan boshlanadi. Hatto, yana mutaxassislarning fikriga tayanadigan boʻlsak, bolaning qoʻlida 3-4 yoshgacha kitob tutqazsangiz, butun umri davomida kitobga qiziqishi, muhabbati boshlanishiga asos tayyorlagan boʻlar ekansiz. Shu maʼnoda bugun Uchinchi Renessans gʻoyasi ilgari surilayotgan, mana shunday katta maqsad sari qadam tashlayotgan ekanmiz, Bosh qomusimizda ota-onaning farzand oldidagi maʼnaviy burch va masʼuliyatlarini kafolatlab qoʻyilishi har jihatdan muhim sanaladi.

Ikkinchi bir jihatdan ham ayni paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali norasida bolajonlarga, goʻdaklarga yosh onalarning vahshiyona munosabatlarini koʻrib – menimcha butun xalqimiz bu taklifni yurak-yuragidan qoʻllab-quvvatladi, deb oʻylayman. Toʻgʻri, hayotda inson har turli mashaqqatlarga, muammolarga duch kelishi mumkin. Qiynalishi, azob chekishi mumkin. Lekin, norasida, begunoh goʻdaklarni azoblashga, ulardan alamini olishga hech kimning haqqi yoʻq. Tabiiy onalik instinkti, mehri yetishmadimi? Marhamat, Konstitutsiyaviy burchi hech boʻlmasa ushlab tursin, tiyib tursin.

 

OʻzA

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish