Komissiya tomonidan har bir masala atroflicha o‘rganilmoqda

 

Avval xabar berganimizdek, shu kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2022 yil iyul oyida yuz bergan holatlar va voqealarni o‘rganish bo‘yicha Komissiya aʼzolari guruhlarga bo‘lingan holda o‘rganishlar olib bormoqda.

Xususan, komissiya aʼzolari bo‘lib o‘tgan voqealardan jabr ko‘rgan fuqarolar — Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida yashovchi Umid Muhamedov va Iskandar Ikramovlar bilan uchrashib, ularning murojaatlarini ko‘rib chiqishdi. Maʼlum bo‘lishicha, ularga tegishli bo‘lgan avtomashina bo‘lib o‘tgan voqealar oqibatida yonib ketgan. Avtomashinaning holati voqea sodir bo‘lgan joyga borgan holda o‘rganildi.

Shuningdek, komissiya aʼzolari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorgi Kengesi maʼmuriy binosiga o‘tkazish punktida xizmat olib borayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan suhbatlar o‘tkazildi. O‘rganishlar jarayonida xizmat olib borayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan voqealar vaqtida amalga oshirilgan harakatlar, tartibsizliklarni bartaraf etish bo‘yicha qilingan choralar haqida batafsil so‘zlab berishdi.

Bundan tashqari, komissiya aʼzolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari bilan muloqotlar qilishdi. Deputatlar bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha aholining xabardorligi, ushbu tartibsizliklarning kelib chiqish sabablari to‘g‘risidagi fikrlar almashildi.

Komissiya aʼzolari shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi maʼmuriy binosi va hududi xavfsizligini taʼminlovchi va ushbu voqealar bo‘lgan kuni xizmatda bo‘lgan xodimlar bilan uchrashishdi. Suhbat davomida Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan voqealar vaqtida xodimlar tomonidan amalga oshirilgan harakatlar, ko‘rilgan choralar haqida maʼlumotlar olindi.

Komissiya aʼzolarining o‘rganishlari davom etmoqda.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)

Axborot xizmati.

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish