Qaysidir jamiyatda kuchli inson eng yaxshi va eng qadrli hisoblangan bo'lsa, boshqa bir jamiyatda hukmdor, amaldorlar qadr topgan. Aslida esa kuch, mansab, ko'rk va molu dunyo hayotning mohiyati emas.
O'zbekistonda ham, avvalo, inson kim bo'lishidan qat`i nazar, uning haq-huquqlariga katta e`tibor qilinmoqda. Keyingi yillarda xalq bilan bevosita muloqot qilish, uning dardu tashvishini, muammolarini ijobiy hal etish bo'yicha tizim yaratildi. Hayotimizda “davlat – insonlar uchun”, degan xalqchil g'oya qaror topdi va bu tobora mustahkamlanib bormoqda.
Prezident farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha Milliy strategiyamizda belgilangan «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun», degan tamoyil davlat idoralarining fuqarolarga nisbatan munosabatining asosiy mezoniga aylanishi zarur.
Shunga muvofiq Bosh qomusimizga “Insonning davlat organlari bilan o'zaro munosabatlarida qonunchilikda yuzaga keladigan, bartaraf etib bo'lmaydigan barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinadi”, degan norma kiritilmoqda.
Huquqiy davlatda barcha munosabatlar aniq qoidalar bilan tartibga solingan bo'lishi, hech bir munosabat huquqiy yechimsiz qolmasligi kerak. Hayotda shunday vaziyatlar yoki holatlar vujudga kelishi mumkinki, davlat va inson o'rtasidagi ayrim munosabatlarning yechimi qonunchilikda ko'rsatilmagan yoki aniq aks etmagan bo'lishi mumkin. Mana shunday holatlarda muammo kimning foydasiga va qanday tartibda hal etilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Inson foydasiga tamoyili odatda jinoyat prosessi ishtirokchilarining huquqlarini, tadbirkorlik sub`ektlari huquqlarini himoya qilish doirasida keng qo'llanib kelinmoqda. Endilikda bu masalaning Konstitusiyada mustahkamlanishi uning qo'llanilish doirasini kengaytiradi.
Davlat va inson o'rtasidagi o'zaro munosabatlarda kelib chiqadigan noaniqliklar turli tushunmovchilik va shikoyatlarning oshishiga olib kelishi mumkin. Bu esa fuqarolarning sarson-sargardonligiga sabab bo'ladi. Masalan, o'tgan yili Prezident Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga 1 mln. 600 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan bo'lsa, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili ofisiga 2021 yilda 18,7 mingdan ko'proq murojaat kelib tushgan. Tabiiyki, ushbu murojaatlar orasida muammoli masalalar ham ko'pchilikni tashkil etadi.
Insonning davlat organlari bilan o'zaro munosabatga kirishishida qonunchilikdagi bartaraf etib bo'lmaydigan barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishining Konstitusiya darajasida belgilanishi, eng avvalo, inson qadrini ulug'lash bo'yicha ulug'vor g'oyaning amalga tatbiq etilishi, davlat manfaatlari emas, inson manfaatlari ustunligi ta`minlanishiga olib keladi.
Inson foydasiga talqin qilish deganda, davlatning da`vodan voz kechishi ham tushuniladi. Bunday jonbozlik, kerak bo'lsa, mardlik, albatta, xalqimiz ruhiyatini ko'tarishga, shaxs sifatidagi kamolotini yuksaltirishga, insonning qadr-qimmatini, hurmatini joyiga qo'yishga xizmat qiladi.
Keksalar bejiz “odam bolasi hayotdan rozi bo'lsa, tog'ni talqon qiladi”, deb aytishmaydi. Zero, davlatimiz rahbari har bir inson umid bilan yashar ekan, ertaga, indin yoki undan keyin emas, hozir, shu bugun niyatiga yetishini, umridan, hayotidan, har bir kunidan rozi, mamnun bo'lishini istaydi. “Inson foydasiga” nafaqat tamoyil, balki ulug'vor maqsaddir. Bu ezgu amal odamlarning ishonchini oshiradi, yurtimizni yanada fayzli qiladi, deb ishonaman.
Zulfiya TUYEVA,
O'zXDP Buxoro viloyat kengashi raisi.
«O'zbekiston ovozi», 27.07.2022, №30