O'tgan haftada Oliy Majlis Senati bir qator muhim qonunlarni ma`qullab, yana ayrim qonunlarni yanada takomillashtirish kerakligi haqida xulosa berdi. Lekin bu o'sha qonunlarning zarurligi jihatidan ahamiyatini tushirmaydi. Uy-joy kodeksining yangi tahriri ana shunday muhim qonunlardan biridir.
Nima uchun?
Hamma bilib turibdi, keyingi yillarda davlatning uy-joy siyosatida izchil o'zgarishlar yuz berdi. Xususan, ehtiyojmand aholi qatlamlarini uy-joy bilan ta`minlash maqsadida qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bozor munosabatlariga o'tish turar joy binolaridan shartnoma asosida foydalanish bilan bog'liq munosabatlarni tartibga solishning yangi yondashuvlari va mexanizmlarini shakllantirishga yordam berdi. Uy-joy munosabatlarini huquqiy tartibga solish masalalarini o'z ichiga olgan amaldagi Uy-joy kodeksi normalari hozirgi zamon talablariga to'liq javob bermay qoldi.
Uy-joy munosabatlarini huquqiy tartibga solishning yaxlit tizimi mavjud emasligi siyosatni tizimli amalga oshirishni murakkablashtirmoqda. Qonunchilikdagi holatlar uy-joy sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni qayta ko'rib chiqish, amaliyotda o'z ahamiyatini yo'qotgan hamda aholining ehtiyojlari va zamon talablariga javob bermaydigan normalarni bekor qilish, uy-joy munosabatlarini tartibga soluvchi qonun hujjatlari normalarini to'g'ridan-to'g'ri Uy-joy kodeksida aks ettirish zaruriyati ham mavjud edi.
Shu va boshqa muhim masalalarga huquqiy yechim topish maqsadida Uy-joy kodeksining yangi tahriri ishlab chiqilgan. Bir qator ijobiy o'zgarishlar ko'zda tutilgan.
Birinchidan, kodeksning yangi tahriri qabul qilinishi natijasida uy-joy to'g'risidagi qonun hujjatlarining to'g'ridan-to'g'ri amal qilishi ta`minlanadi.
Ikkinchidan, sohada davlat nazorati mexanizmlari o'rnatiladi, davlat va jamoat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, qurilish, rekonstruksiya qilish va buzish ishlarini amalga oshirish tartibi yanada takomillashtiriladi.
Uchinchidan, jismoniy va yuridik shaxslarning uy-joydan foydalanishda qonunchilik va normativ hujjatlarga rioya etishdagi mas`uliyati oshadi.
To'rtinchidan, uy-joy ob`ektlarini qurishga tadbirkorlik sub`ektlarini keng jalb qilishga erishiladi.
Beshinchidan, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan izchil davlat uy-joy siyosati amalga oshiriladi.
Eng muhim jihatlardan yana biri, Uy-joy kodeksining fuqarolik qonunchiligi bilan chegarasi aniq belgilanmoqda. Ya`ni, turar joyga bo'lgan mulk huquqi, uning vujudga kelish tartibi, ko'p kvartirali uydagi yashash uchun mo'ljallanmagan joylar mulkdorlarining umumiy mol-mulki, o'zboshimchalik bilan imorat qurish va uning oqibatlari, uy-joy ijarasi, turar joyni ijaraga berish haqi, turar joyni almashtirish va ayirboshlash kabi fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan masalalar mazkur kodeksdan chiqarilmoqda.
Qonun hujjatlari normalari to'g'ridan-to'g'ri amal qilinishini ta`minlash maqsadida uy-joy munosabatlariga oid masalalar tartibga solinmoqda. Xususan, turar joylarni noturar joy toifasiga o'tkazish yoki noturar joylarni turar joy toifasiga o'tkazish, bog'dorchilik va boshqa yer uchastkalarida joylashgan imoratlarni uylar, deb tan olish tartibi va asoslari, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida berilgan yer uchastkalarida turar joy qurish, mulk huquqi yoki foydalanish huquqi asosida yuridik shaxslarga tegishli bo'lgan yer uchastkalarida turar joy qurish asoslari va tartibi, mulkdor oila a`zolarining, shuningdek, u bilan doimiy yashayotgan fuqarolarning huquq va majburiyatlari, mulkdor va uning sobiq oila a`zosi o'rtasidagi munosabatlar tartibga solinmoqda.
Shuningdek, yotoqxonalardan joy berish asoslari va tartibi, yotoqxonadagi turar joylardan foydalanish, ushbu turar joylardan ko'chirishga oid qoidalar, vaqtinchalik uy-joy fondining turar joylarini berish va undan foydalanish tartibi, nogironligi bo'lgan shaxslar, keksalar, yetim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalar uchun beriladigan maxsus uylar, jumladan, “Muruvvat” va “Saxovat” internat uylarining, “Mehribonlik” uylarining maqomi va ulardan turar joy berish tartibi, uy-joyni rekonstruksiya qilish (qaytadan qurish, qayta rejalashtirish)ga oid umumiy qoidalar aks ettirilyapti.
Qolaversa, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarni turar joy bilan ta`minlashning davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash shakllari va ularning mazmuni ochib berilmoqda. Jumladan, ipoteka krediti bo'yicha davlat byudjeti mablag'lari hisobidan subsidiyalar to'lash, namunaviy loyihalar bo'yicha uy-joylar qurish va ularni sotish, aholining alohida toifalari uchun turar joylar qurish va ularni sotish, yetim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni turar joy bilan ta`minlash, harbiy xizmatchilar, ichki ishlar organlari xodimlari va boshqa ayrim toifadagi davlat xizmatchilarini uy-joy bilan ta`minlashni tartibga soluvchi alohida boblar kiritilmoqda.
Uy-joyni saqlash xarajatlarini va kommunal xizmatlar haqini to'lash, uy-joy fondini boshqarish bilan bog'liq qoidalar bugungi kun talablaridan kelib chiqib, takomillashtirilayotgani ham ayni paytda dolzarb ahamiyatga ega.
Yuqorida sanalgan masalalar huquqiy tizimga solinishi mamlakatimizdagi har bir oila, har bir fuqaroga taalluqli bo'ladi. Uy-joy kodeksi yoshidan, kasbidan, ijtimoiy holatidan qat`i nazar, hammaga birdek tegishli hujjat. Uning yangi tahrirda, fuqarolarga qulaylik yaratadigan holatda qabul qilinishi juda muhim. Xalqimiz bu kodeksga ancha muhtoj.
Oliy Majlis Senatida kodeksdagi ayrim me`yorlarni yanada aniqlashtirish bilan bog'liq asoslar ham keltirilgani qayd etiladi.
Xususan, kodeksning 23-moddasida uy-joy fondidan foydalanuvchi ustidan davlat nazorati mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda. Shuningdek, kodeksning 38-moddasida ko'p kvartirali uydagi turar joy o'zboshimchalik bilan rekonstiruksiya qilinib, oldingi holatiga qaytirilishi to'g'risidagi talab o'z vaqtida bajarilmasa, vakolatli organ mazkur talabni da`vo bilan sudga murojaat qilishi belgilangan. Biroq kodeksda vakolatli davlat organlari va ularning vakolat doirasi aniq ko'rsatilmagan. Bu holat amaliyotda turlicha talqin qilinishiga olib kelishi mumkinligi aytib o'tiladi.
Kodeksning 35-moddasida mulkdorlar bilan kelishuvga ko'ra, shartnoma asosida turar joy qonunchilikda belgilangan tartibda buzilishi va uning o'rniga yangi turar joy qurilishi mumkinligi, shartnoma esa notarial tartibda tasdiqlanishi va tegishli tartibda turar joyni qurish uchun tegishli ruxsatnoma olgandan so'ng kuchga kirishi belgilangan. Tahrirda ushbu moddada shartnoma taraflar kimligi, shartnomaning qaysi turi haqida so'z yuritilayotganligi noma`lum bo'lib qolgan. Agar unda qurilish pudrati to'g'risidagi shartnoma nazarda tutilayotgan bo'lsa, bu turdagi shartnoma uchun fuqarolik kodeksining tegishli bobiga asosan notarial tasdiqlash tartibi nazarda tutilmagan. Shu sababli bu moddani qayta ko'rib chiqish lozim bo'lishi qayd etilgan.
Uy-joy kodeksida ulush kiritish asosida qurishni tartibga soluvchi normalar kiritish zarurati mavjudligi ta`kidlandi. Shuningdek, qonun loyihasida keltirilayotgan 90 dan ortiq havolaki normalar ertaga tor doiradagi idoraviy manfaatlarga xizmat qilishi uchun vositaga aylanib qolishi mumkinligi bois ularni qisqartirish taklifi berildi.
Senat tomonidan bildirilgan taklif va fikrlar bo'yicha, albatta, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining ham o'z munosabati va xulosalari bo'ladi. Bunday holatlarda qonunchilikka muvofiq ish ko'riladi.
Oliy Majlis Senati tomonidan rad etilgan qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga qaytariladi. Qonun yuzasidan Qonunchilik palatasi va Senat yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun har ikki palata a`zolari orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasi tuzilishi mumkin. Palatalar kelishuv komissiyasi takliflarini qabul qilganda qonun odatdagi tartibda ko'rib chiqiladi.
Qonun bo'yicha parlament palatalari tomonidan o'zaro hamkorlikda, hamjihatlikda ish tutilishi, savollarga birgalikda javob izlanishi qonun ijodkorligining bir qismi hisoblanadi. Bunday hamkorlik qonunlarning mukammal bo'lishiga, fuqarolarning huquq va manfaatlari kafolati kuchayishiga xizmat qiladi.
Gulruh ODAShBOEVA,
“O'zbekiston ovozi” muxbiri.
«O'zbekiston ovozi», 10.08.2022, №32