Ikki yoshli bolalar ham bog'chaga borishi mumkin

 

Endi davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yurituvchi maktabgacha ta`lim muassasasiga (MTT) bolalarni 3 yoshdan emas, 2 yoshdan qabul qilish mumkin. Bu haqda davlatimiz rahbarining tegishli qarorida belgilandi. Shunda nimalar o'zgaradi va qanday qulaylikr yuzaga keladi?

Hozirgi kunda tadbirkorlardan nodavlat MTTlar qurish, rekonstruksiya qilish, jihozlash uchun olgan kreditlarni qaytarishda qiyinchiliklarga duch kelayotgani sababli muddatlarini uzaytirib berilishida amaliy yordam so'rab, ko'plab murojaatlari kelib tushmoqda.

Yangi qabul qilingan qaror bilan respublikada 2018-2019 yillarda moliyalashtirilgan 966 ta yirik davlat-xususiy sheriklik loyihasiga ajratilgan 1,7 trillion so'm imtiyozli kreditlarni navbatdagi asosiy qarzini qaytarish muddatini 2023 yilning 1 avgustiga qadar uzaytirilishiga ruxsat berildi.

Shuningdek, yirik davlat-xususiy sheriklik loyihalariga avval faqat foydalanilgan tabiiy gaz uchun 50 foiz miqdorida kompensasiya to'langan bo'lsa, endilikda 1 sentyabrdan isitishning boshqa turlaridan, jumladan, suyultirilgan gaz yoki ko'mir mahsulotlaridan foydalanuvchi nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotlariga ham kompensasiya puli ajratilishi belgilandi. Shu o'rinda aytish joizki, respublikada faoliyat ko'rsatayotgan nodavlat MTTlarning 512 tasida markazlashgan gaz mavjud emas va bu tashkilotlar alternativ isitish vositalaridan foydalanib kelmoqda.

Yana bir jihati, ana shunday tashkilotlarga avval bu turdagi kompensasiya to'lab berilmagan edi. Demak, xususiy bog'chalar faoliyati yaxshilanishi kerak.

Barcha davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat MTTlariga qatnayotgan bolalarga 7 yoshga to'lib, hali maktabga chiqqunga qadar MTTga qatnagan kunlariga subsidiya to'lanishi yoki to'lanmasligi masalasi aniqlashtiriladi. Boquvchisini yo'qotgan ayollarning 2 yoshli bolalariga ham subsidiya to'lanishiga ruxsat berildi.

Shu bilan birga, oilaviy shakldagi MTTlarga ham bir qator yengilliklar joriy etildi. Xususan, ota-onalar to'lovi miqdorini mustaqil ravishda belgilagan holda 3 yoshga to'lmagan bolalarni ham qabul qilishga ruxsat etildi. Oilaviy MTT faoliyatini boshlash uchun sog'liqni saqlash organlari bilan majburiy ravishda tarbiyalanuvchilarga tibbiy yordam ko'rsatishga oid shartnoma tuzish tartibi bekor qilindi.

Eng muhimi, qaror bilan barcha nodavlat MTTlarga 3 yoshga to'lmagan bolalarni ham qabul qilishga ruxsat etildi. Bunda 3 yoshga to'lmagan bolalarga ota-onalar to'lovi miqdorini mustaqil ravishda belgilashiga ruxsat etildi.

 

Zilola UBAYDULLAEVA,

«O'zbekiston ovozi» muxbiri.

«O'zbekiston ovozi», 10.08.2022, №32

 

 

 

 
← Roʻyxatga qaytish