Samarqand sammiti muhim muloqot maydoniga aylanadi

 

Bugun dunyo jamoatchiligi e`tibori mamlakatimizga qaratilgan, desak, hech mubolag'a bo'lmaydi. Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida qanday masalalar muhokama etilishi davlat rahbarlari, yetuk siyosatchilar hamda jahon hamjamiyati faollari diqqat markazida bo'lib turibdi.

Xalqaro sammit oldidan Prezidentimiz Shavkat ­Mirziyoev ham o'z fikrlarini bildirib o'tdi. Dunyoning turli davlatlari va mahalliy OAVda e`lon qilingan maqolada davlatimiz rahbari ShHTning asosiy prinsiplari va muvaffaqiyat garovi nimada ekanini ko'rsatib o'tgan.

Joriy yil davomida o'tkazilgan saksondan ortiq yirik tadbirlar doirasida ShHT uchun keng qamrovli kun tartibi shakllantirildi. Bunda xavfsizlik sohasidagi aloqalarni yanada kengaytirish, transport va iqtisodiy o'zaro bog'liqlikni kuchaytirish, mintaqa va a`zo davlatlar o'rtasida madaniy-gumanitar hamkorlikni kuchaytirish, Tashkilotning xalqaro maydondagi o'rnini mustahkamlash, rivojlanishning yangi yo'llari va nuqtalarini izlash kabi ko'plab muhim masalalar qamrab olindi. O'z taraqqiyotining yangi tarixiy bosqichida turgan ShHT uchun katta istiqbolga ega bu yo'nalishlar O'zbekistonning raisligi davrida tayyorlangan o'ttizdan ortiq konseptual dastur, kelishuv va qarorlarda o'z aksini topdi.

Ma`lumot o'rnida aytadigan bo'lsak, O'zbekiston shu paytga qadar uch marta – 2005–2006, 2009–2010 va 2015–2016 yillarda ShHTga raislik qilgan. Mana shu davrlarda O'zbekiston 54 ta tashabbusni ilgari surdi va ularning asosiy qismi amaliyotga joriy etildi. Masalan, ShHT doirasida mintaqaviy aksilterror tuzilmasini tashkil etish mamlakatimizning taklifi va bu tuzilma Toshkent shahrida faoliyat olib bormoqda.

O'zbekiston Prezidenti ShHTni “madaniy-sivilizasion qarashlari turlicha, o'z tashqi siyosiy yo'nalishlari va milliy taraqqiyot modellariga ega mamlakatlarni birlashtira olgan o'ziga xos davlatlararo tuzilma”, deb atadi. Shu sababli Tashkilotga qo'shilish istagidagi davlatlar soni ortib bormoqda. Xususan, ushbu sammitda Eron davlatining ShHT a`zolari safiga qo'shilishi kun tartibidagi muhim masalalar qatoridan o'rin olgan.

Aytish kerakki, Hindiston va Pokistonning a`zoligi tashkilotga Janubiy Osiyo eshiklarini ochgan bo'lsa, Eronning qo'shilishi Yaqin Sharq eshiklarini ochadi.

Shanxay hamkorlik tashkilotining muvaffaqiyat garovi ham ana shunda – mintaqaviy xavfsizlikni ta`minlash orqali ko'p tomonli hamkorlikni ilgari surishdir. ShHT o'z mohiyatiga ko'ra, tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot yo'lida birlashish, ayirmachilik unsuridan xoli bo'lgan jozibador makonga aylanish tomon bormoqda.

Mamlakatimiz yetakchisi “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o'zaro bog'liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” maqolasining yana bir ahamiyatli tomoni Afg'oniston mamlakatiga ham e`tibor qaratilgani bo'ldi. “Afg'onistonga birgalikda yordam qo'lini cho'zishimiz, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, mintaqaviy va global taraqqiyot jarayonlariga integrasiyalashuviga ko'maklashishimiz va shu orqali ushbu davlatning ko'p yillik inqirozdan chiqishi uchun qulay sharoit yaratib berish bizning ma`naviy burchimizdir”, deyiladi maqolada.

Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitida ko'plab iqtisodiy-madaniy, siyosiy va ijtimoiy masalalarga yechim topiladi, deb o'ylaymiz. Davlatimiz rahbarining sammit oldidan e`lon qilingan maqolasi O'zbekistonning hamkorlikka har tomonlama tayyor ekanini ko'rsatmoqda.

 

Husan ABDUNIYAZOV,

xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashidagi O'zXDP guruhi a`zosi,

“Yuksalish” umummilliy harakati Jizzax viloyat hududiy bo'linmasi rahbari.

«O'zbekiston ovozi», 14.09.2022, №37

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish