Maqsadimiz shunchaki borib-kelish emas

 

Hududlarga borib o'rganishlar, odamlar bilan muloqot deputatlarga nima beradi? Avvalo, ularni saylovchilar bilan yaqinlashtiradi, odamlarning orzu-o'ylariga sherik bo'lish, o'ylantirayotgan masalalari yechimiga ko'maklashish imkonini beradi. Qachonki, saylovchilar bilan yuzma-yuz, qoshu ko'zlariga boqib ularni tinglasa, hududlardagi o'zgarishlar, holatlarni ko'rsa, odamlar hayotiga daxldorlik hissi shuncha ortib boraveradi.

27-30 sentyabr kunlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o'z saylov okruglarida bo'lib, yuma-yuz muloqotlarda odamlarni o'ylantirayotgan ijtimoiy masalalarni o'rganishdi, qonunchilikka doir takliflar bilan tanishishdi. Kundalik hayotda duch kelinayotgan huquqiy masalalarda maslahatlar berishdi. Hujjatlardagi nomutanosibliklar sababli yuzaga kelayotgan tushunmovchiliklarni bartaraf etish bo'yicha aholi vakillarining taklif va mulohazalari tinglandi.

 

Muqaddas O'ROZALIEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zXDP fraksiyasi a`zosi:

– Keyingi yillarda mamlakatimizda aholi, shu jumladan, xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti og'ir, ishsiz va kasb-hunarga ega bo'lmagan, huquqiy va ma`naviy-psixologik qo'llab-quvvatlashga zarurati bo'lgan fuqarolarga davlat tomonidan manzilli ko'maklashish bo'yicha mutlaqo yangicha tizim joriy qilindi. Xususan, aholini ijtimoiy himoya qilish va ko'makka muhtoj oilalarni moddiy qo'llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu yo'nalishda manzilli, har bir shaxs bilan individual va tizimli ravishda muntazam ish olib borishni tashkil qilish maqsadida moddiy yordam va ko'makka muhtoj oilalar bo'yicha mutlaqo yangi – «Temir daftar», ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo'llab-quvvatlashga, bilim va kasb-hunar o'rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo'lgan xotin-qizlar va yoshlar bo'yicha tegishlicha «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» tizimlari hayotga tatbiq etildi.

Albatta, ular bugun o'z samarasini bermoqda. Ijtimoiy himoya reestriga kiritilgan aholi vakillari biron ish boshlashlari, daromad manbaiga ega bo'lishlari uchun subsidiyalar ajratilib, qo'llab-quvvatlanmoqda.

Ammo hududlarlarga borganimizda bu masalada biroz tushunmovchiliklar, aholi vakillarini o'ylantirayotgan muammolarga duch kelayapmiz. Bu galgi uchrashuvlarda saylov okrugimdagi fuqarolardan «Temir daftar»dan chiqarish tartibi bo'yicha noroziliklar masalasida murojaat bo'ldi.

11 nafar fuqaro, tadbirkor va aholi bandlikka ko'maklashish markazi bilan tuzilgan uch tomonlama shartnoma tuzilib, ularga subsidiya asosida jo'ja tarqatilgan. 3 kun ichida ular «Temir daftar»dan chiqarilib, davlat tomonidan beriladigan bola nafaqasi to'xtatilgan.

Aholi vakillarining e`tirozga sabab bo'layotgani ular hali hech qanday daromad manbaiga ega bo'lmay, foydaga kirmay turib nafaqadan mahrum bo'lishmoqda va ijtimoiy himoya reestridan chiqarilmoqda.

«Temir daftar»ni yuritish orqali ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og'ir oilalar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash bo'yicha vaqtinchalik tartib qarorga ilova qilingan hujjatning 5-bobiga ko'ra, ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og'ir oilalar bandligi ta`minlangan yoki doimiy daromad manbaiga ega bo'lganda «Temir daftar»dan chiqarish tartibi belgilangan. Murojaatchilar esa hali daromad olmasidanoq daftardan chiqarilmoqda. Ma`lumki, jo'jalar 1-2 oyda go'shtga, 6 oyda tuxumga kiradi. 3 kun ichida beriladigan nafaqa puli bekor qilinishi ularning noroziliklariga sabab bo'lmoqda. Jo'jalarni tadbirkorga qaytib berib, nafaqa puliga kun ko'rishni lozim topishyapti. Bu esa odamlarda yana boqimandalik kayfiyatini uyg'otadi, davlatga qaram bo'lishda davom etadi.

O'zlariga notanish bo'lgan faoliyat turini puxta egallab, doimiy daromad manbiga ega bo'lmagunlaricha ularga ko'maklashish lozimligi ilovaga qo'shimcha qilinishi lozim, deb o'ylayman.

 

Zulaho AKROMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zXDP fraksiyasi a`zosi:

– Davlatimiz rahbari odamlarni rozi qilish, ularning og'irini yengil qilish, xalqqa yaqin bo'lish haqida hamisha gapiradilar. Aholiga yaqin bo'lish deganda nima tushuniladi? Bu avvalo, oddiy odamlar hayotini ko'z oldimizda tasavvur qilish degani. Ularning ko'nglidagi, dilidagi orzu-o'ylarini his etish, amalga oshira olmayotgan ishlariga ko'makchi bo'lish deganidir. Bunda uchrashuvlar, hududlardagi yuzma-yuz muloqotlar yaxshi samara beradi. Qo'ng'iroq orqali yoki yozma murojaatlardan ko'ra, ular bilan ko'z-ko'zga tushib muloqot qilganda ularni yanada yaxshiroq his qilamiz.

Har gal uchrashuvlarga otlanar ekanman, o'rganiladigan masalalar, o'tgan galgi uchrashuvlarda ko'tarilgan muammolar, odamlar bilan bo'ladigan muloqot jarayonlari haqida yaxshilab o'ylab olaman. Bu gal ularga aytar so'zim qanaqa bo'ladi, nimalar haqida suhbatlashaman, ularga qanday nafim tegadi, degan fikrlar bilan yo'lga tushaman. Bu galgi uchrashuvlarda aholidan qator takliflar tushdi. Misol uchun, Mirzacho'l tumani aholisi vakillari bog'chalarga elektron navbat masalasida yuzaga kelayotgan nohaqliklar xususida gapirishdi.

Vazirlar Mahkamasining «Bolalarni davlat maktabgacha ta`lim muassasalariga qabul qilish bo'yicha davlat xizmatlari ko'rsatishning ma`muriy reglamentini tasdiqlash to'g'risida» 2018 yil 28 martdagi 244-son qaroriga kiritilgan o'zgartirishlarga asosan maktbgacha ta`lim tashkilotlaridagi bo'sh joylar hisobini yuritish, elektron navbatni shakllantirish hamda tashkilotga yo'llanma berishning Maktabgacha ta`limni boshqarish axborot tizimi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Ariza beruvchilarga elektron navbatni onlayn kuzatish, navbat kelganligi yoki navbatdagi holat o'zgarganligi haqida sms-xabar olish imkoniyatini yaratilgan.

Davlat xizmatlari portali orqali ro'yxatga kiritilgan bolalar elektron navbat turaveradi, bu yoqda bog'cha mudiralarining o'zlari alohida ro'yxat shakllantiradi. Bolalar bog'chaga qabul qilinaveradi, elektron tizimda boshqacha navbat, amalda esa vaziyat boshqacha…

Shu bois saylovchilar tomonidan Davlat xizmatlari agentligi bilan Maktabgacha talim vazirligining elektron navbatga ko'yish masalasida nomutanosibliklar borligi sababli bu ishlarni tizimli ravishda kelishilgan holda tashkil etish taklifi bildirildi.

Maqsadimiz murojaatlarni faqat o'zimizga belgilab olish yoki uchrashuvlarda shunchaki qatnashib kelish emas. Uchrashuvlardan qaytib ularni bir-bir tahlil qilamiz. Tegishligiga asosan mutasaddi tashkilotlarga deputatlik so'rovlari yuboramiz. Hududlardagi masalalar yechimida hissamiz bo'lishini istaymiz. Toki, kelgusi uchrashuvlarda saylovchilar oldiga yorug' yuz bilan boraylik.

 

Gulruh ODASHBOEVA,

«O'zbekiston ovozi» muxbiri.

«O'zbekiston ovozi», 5.10.2022, №40

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish