Ta’limga e’tibor – kelajakka e’tibor

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida davlatimiz rahbari an’anaga ko‘ra o‘tayotgan yil yakunlarini sarhisob qildi, kelasi yil nomini e’lon qildi va kelajak uchun qator tashabbuslar bilan chiqdi.

Prezidentimiz 2023 yilga yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berishni taklif qildi. Bu tashabbus bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.

“Shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sog‘lig‘i joyida bo‘lishi, yaxshi ta’lim olishi, oilasini tebratishi uchun qanday sharoit kerak bo‘lsa, hammasini yaratib berishga harakat qilyapmiz va bu yo‘ldan aslo to‘xtamaymiz", dedi davlatimiz rahbari.

Prezident ta’kidlaganidek, bolalarimiz maktabdan ona tili va chet tillarini puxta o‘zlashtirib, kompyuterda ishlashni o‘rganib chiqishi zarur. Farzandlarimizni kasb-hunarlarga, san’at va madaniyatga qiziqtirishimiz lozim.

O‘quvchilarda erkin, tanqidiy va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish zarur. Shu bois, 2023 yildan maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilish boshlanadi.

Kelasi yili 70 ta yangi maktab quriladi, 460 tasi kengaytiriladi. Xususiy investitsiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurish loyihalari boshlanadi, kelasi besh yilda ularning soni mingtaga yetkaziladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazmda yo‘lga qo‘yilgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish amaliyoti kelasi o‘quv yilidan ushbu qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etilishi ta’kidlandi.

“Biz Yangi O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurishni maqsad qilyapmiz. Buni Konstitutsiyada mustahkamlashimiz kerak.

Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, demakdir”, - dedi davlatimiz rahbari. Birinchi navbatda, e’tibor Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratilishi ta’kidlandi.

O‘qituvchilarning maqomi, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash zarurligi qayd etildi. Kelasi yildan boshlang‘ich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

Yangi yil biz, ta’lim xodimlari zimmasida ulkan mas’uliyatli vazifalar yili bo‘ladi. Prezidentimizning ushbu murojaatidan biz pedagoglar ruhlandik, motivatsiya oldik.

Haqiqatdan ham kelajagimiz bo‘lgan yoshlar tarbiyasiga, ta’lim olishiga va ularning ma’naviy yetuk inson bo‘lib shakllanishida bor kuchimiz va bilimimizni ayamaymiz.Ta’limning sifatini birgalikda  yanada ko‘taramiz.

 

Zavra Abdullayeva,  

To‘rtko‘l tumani Xalq ta’limi bo‘limi boshlang‘ich ta’lim va filologiya fanlari metodisti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati.

O‘zA

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish