Mehnatga ma'muriy tarzda majburlash uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

 

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Xalqaro mehnat tashkilotining xodimlarni ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli yuzaga keladigan kasbiy xavf-xatardan himoya qilish to‘g‘risidagi 148-sonli Konvensiyasini ratifikasiya qilish haqidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Mazkur Konvensiya 1977-yil 1-iyunda Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh konferensiyasining 63-sessiyasida qabul qilingan bo‘lib, 1977-yil 20-iyunda kuchga kirgan. Xalqaro hujjatda ish joylarida mehnat sharoitlarini, jumladan, zararli va xavfli ishlab chiqarish omillarini, mehnat jarayonlarining og‘irligi va tig‘izligini hamda asbob-uskunlarning jarohatlash xavfliligini baholash, shuningdek, mehnat sharoitlarini qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiqlashtirish bo‘yicha qonunchilikni yanada takomillashtirish belgilangan.

Ratifikasiya amalga oshirilishi ish joyida havo ifloslanishi, shovqin va tebranish tufayli vujudga keladigan kasbiy xavf-xatarlarning oldini olish, aniqlash va bartaraf etish borasidagi xalqaro standartlarni mamlakatimizda joriy etishga xizmat qiladi. Bu masalalar Xalq demokratik partiyasi dasturiy maqsadlariga, fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga, ish beruvchilarning xodimlar oldidagi mas'uliyatini  kuchaytirish asoslarni yanada mustahkamlaydi. Shuning uchun hujjat bir ovozdan ma'qullandi.

«O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama etildi.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasida mehnatga ma'muriy tarzda majburlash uchun javobgarlik belgilangan bo‘lib, qonun loyihasi bilan shunga qo‘shimcha me'yor taklif etilmoqda.

Xususan, xuddi shunday huquqbuzarlik ta'lim muassasasining pedagog xodimiga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.

Shuningdek, Jinoyat kodeksida ham mehnatga ma'muriy tarzda majburlaganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Agar bunday huquqbuzarlik ta'lim muassasasining pedagog xodimiga nisbatan  ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi ham belgilanmoqda.

Sifatli ta'lim strategik vazifa sifatida qo‘yilgan davrda pedagog xodimlarning huquq va manfaatlarini yanada qat'iy kafolatlash muhim ekani ta'kidlanib, qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.

Deputatlar  Ma'muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonun loyihasini ham ko‘rib chiqdi. Sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik prosessual kodeksi, Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi, Iqtisodiy prosessual kodeksi, Jinoyat-prosessual kodeksi, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga 2021 yil 12 yanvardagi qonunlar bilan tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Ushbu Qonunlarda, ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini ma'muriy sudlardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazish va boshqa shu kabi masalalar nazarda tutilgan. Qonun loyihasi bilan Ma'muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi qonunning 5- va 24-moddalaridagi tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda. Hujjatning muhimligi inobatga olinib, loyiha deputatlar tomonidan ma'qullandi.

Yig‘ilishda fraksiya faoliyatiga oid masalalar ham ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston XDP fraksiyasining 2023 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi deputatlar fikr-mulohazalari va takliflari asosida tasdiqlandi.

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish