Bilim har qadamda kerak

 

Davlat rahbarining barcha ma'ruzalarida, ta'lim tizimining rivojiga juda katta hissa qo‘shgan olimlar va ekspertlar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishlarda, qolaversa, sohani rivojlantirishga oid qabul qilingan qarorlarda bu borada jiddiy, kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar belgilab berildi. Bu o‘z navbatida, jamoatchilik tomonidan yuksak baholanib, ta'lim sohasini rivojlantirish allaqachon umummilliy maqsadga aylanib ketdi.

Maqsad – Yangi O‘zbekistonning maktab bitiruvchisi zamonaviy ko‘nikmalarni egallagan, axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirgan, kreativ fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, dunyoqarashi keng shaxs bo‘lib shakllanishiga erishish.

“Bo‘sh qop tikka turmaydi”, degan dono xalqimiz, bu yilda Qoraqalpag‘iston va Xorazmda 285 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yildi. Kelgusi yildan ushbu amaliyot qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun byudjetdan 2,3 trillion so‘m ajratiladi. Bu ham ta'lim sifatiga ijobiy ta'sir etuvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.

Islohotlarning avvalida jamiyatda o‘qituvchining mavqeini, o‘qituvchilik kasbining nufuzini oshirishga katta e'tibor qaratildi. Pedagog xodimlarning maqomini har tomonlama mustahkamlash davlat va jamiyatning eng muhim vazifasi, deb e'tirof etilishi, pedagog xodimlarning huquqlari, sha'ni va obro‘-e'tibori davlat himoyasida ekanligi konstitusiyaviy kafolatlanmoqda. Shuningdek, pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashishga, ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga monelik qilishga yo‘l qo‘ymaslik qat'iy belgilab berildi.

Mamlakatimizda barkamol avlodni shakllantirish, yoshlarni ma'naviy-axloqiy va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash, ularni olib borilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirishga to‘sqinlik qilayotgan omillardan biri sifatida o‘qituvchi va murabbiylarning ijtimoiy mavqei va nufuzi pasayib ketganligi, ularni moddiy va ma'naviy rag‘batlantirish tizimi bugungi kun talabiga mutlaqo javob bermasligida, deb belgilandi.

Shuning uchun ham, so‘nggi yillarda pedagoglar oylik maoshi 1,5 barobar oshirildi. O‘qituvchilarning mehnatlari turli xil yo‘llar bilan rag‘batlantirilmoqda. Umumta'lim muassasasida o‘quv-tarbiya jarayoni sifatini yanada yaxshilash, fanlararo integratsiyani kuchaytirish, ta'lim va tarbiya jarayonini zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etish, STEAM yondashuvini samarali tatbiq etish, ta'lim jarayonida pedagog xodimlarga o‘z vaqtida metodik yordamni tashkil etish, ularning kasbiy va metodik mahoratini hamda malakasini oshirishda faolligi uchun rag‘batlantirish tizimlari ham yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, CEFR bo‘yicha 15–30 foizlik ustama olsa, TESOL yoki C1 daraja sertifikatiga ega bo‘lganidan so‘ng uning ustiga yana 50 foiz ustama qo‘shiladi. Oddiy o‘qituvchi 30 foiz ustama olsa, yana 50 foiz ustama olishini tasavvur qiling. Endi shu o‘qituvchi agar ta'lim sifati past bo‘lgan boshqa hududga borsa, yana qo‘shimcha 100 foiz ustama oladi.

Avvallari olimpiadada g‘olib bo‘lgan bola faqatgina maqtov yorlig‘i bilan taqdirlangan bo‘lsa, ayni paytda xalqaro olimpiada g‘olibi 122 million so‘m bilan taqdirlanyapti. Uni olimpiadaga tayyorlagan ustoziga ham deyarli shuncha pul beriladi va bu ko‘plab xalqaro olimpiadalar uchun ham tatbiq etildi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston tarixida birinchi marta boshlang‘ich sinflarda fanlarni o‘zlashtirish darajasini aniqlaydigan nufuzli xalqaro baholash dasturlari yo‘lga qo‘yildi. Shu yil davlat byudjeti hisobidan barcha zamonaviy sharoitlarga ega 70 ta yangi maktab bunyod etiladi, 460 ta maktab kengaytiriladi. Xususiy investisiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurilish loyihalari boshlanadi, kelgusi besh yilda esa ularning soni mingtaga yetkaziladi.

O‘qituvchilarning bilimi va kasbiy mahoratini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. O‘qituvchilarga muddatidan avval attestasiyadan o‘tish imkoniyati yaratildi, ana shunday chora-tadbirlar tufayli keyingi bir yilda malaka toifasiga ega muallimlar soni 300 mingdan oshgani ta'lim sifatiga ijobiy ta'sir ko‘rsatishi shubhasiz. Qolaversa, bu o‘z navbatida pedagoglar o‘z ustida muntazam ishlashiga sharoit yaratib berdi. Davr talabidan kelib chiqib, pedagog kadrlar malakasini oshirish kurslarining o‘quv dasturiga asosan o‘qituvchilarga metodik yordam ko‘rsatish maqsadida elektron resurslar yaratildi. O‘qituvchilarning malakasini oshirish maqsadida Kembrij, YuNESKO bilan hamkorlikda loyihalar ishlab chiqilgan.

Maqsad – butun umr davomida uzluksiz kasbiy ta'limni yo‘lga qo‘yish. Avvallari pedagog o‘zi faoliyat olib borayotgan maktabdan uzilib, viloyat markazida malaka oshirgan. Bu ortiqcha ovoragarchilikka sabab bo‘lgan. Ayni paytda www.onlinedu.uz uzluksiz kasbiy ta'lim platformasi orqali muallim o‘zining vaqti va imkoniyatiga qarab malaka oshirishi mumkin.

Ayni paytda malaka oshirish markazlarida AQSh va Rossiyadan jalb qilingan o‘qituvchilar faoliyat olib boryapti. Maqsad – chekka hududdagi o‘qituvchilarning kasbiy malakasini oshirish. Maktablar uchun zamonaviy o‘quv dasturlari va darsliklar yaratish bo‘yicha YuNISEF, YuSAID xalqaro tashkilotlari bilan hamkorlikda, AQSh, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Finlyandiya kabi rivojlangan davlatlarning tajribali ekspertlari ishtirokida keng qamrovli izlanishlar davom ettirilmoqda.

Ixtisoslashtirilgan yoki an'anaviy maktablar o‘quvchilari uchun ham bir xilda davlat ta'lim standartlari belgilangan yoki o‘quv dasturlari mukammal darajada yaratilmagan edi. Hozirda o‘quvchi bilim, malaka, ko‘nikmalariga alohida darajalar belgilanganligi o‘quv dasturlari orqali o‘quvchining bilim darajasini belgilash imkoniyatini yaratadi. Sodda qilib aytganda, iqtidorli o‘quvchi past o‘zlashtiruvchi o‘quvchi bilan bir xilda topshiriqlar olmasligi, dars jarayonlarida o‘quvchining imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, individual yondoshuv imkoniyatini beradi.

Xalq ta'limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida «PISA» (The Programme for International Student Assessment) O‘quvchilarni baholash xalqaro dasturi reytingida O‘zbekistonning 2021-yilda birinchi 70 talikka, 2025-yilda 60 talikka va 2030-yilga borib esa birinchi 30 ta ilg‘or mamlakatlar qatoriga kiritish ko‘zda tutilgan. Xalq ta'limi tizimida o‘quvchilarning bilim darajasini baholashda ta'lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro dasturlar va izlanishlar (PISA, TIMSS, PIRLS va boshqalar)da O‘zbekiston Respublikasining doimiy ishtiroki ta'minlanadi.

Ta'lim taraqqiyoti uchun belgilangan jasoratli mehnat yo‘li aniq. Prezidentimiz barcha maktablardagi mehnat jamoalariga yuzlanganlaridek, jondan aziz farzandlarimiz maktabdan chet tillarini, kasb-hunar va kompyuter savodxonligini puxta o‘rganib chiqishi jamiyatni o‘zgartirib yuboradi. Inonamanki, pedagoglarimiz bu vazifalarni jasorat va sharaf bilan uddalashadi.

 

Shohista TURG‘UNOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a'zosi.

«O‘zbekiston ovozi», 11.01.2022, №1

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish