Keng qamrovli islohotlar natijasida dunyo hamjamiyatida Yangi O‘zbekiston degan demokratik davlat bo‘y ko‘rsatdi. Albatta, bunga o‘z-o‘zidan erishilgani yo‘q. Jahondagi murakkab geosiyosiy vaziyatda bunday natijaga erishishning o‘zi tahsinga loyiqdir.
Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida faoliyatinining ilk kunlaridayoq jamiyat hayotining har bir sohalari bo‘yicha boshlangan islohotlar Yangi O‘zbekistonni barpo etishda mustahkam poydevor bo‘ldi.
Davlat rahbarining shijoati va harakatlari, shuningdek, xalqimizning islohotlarga bo‘lgan umid va ishonchi natijasida mana, bugun bir qancha yutuqlarga erishdik va buni jahon hamjamiyati ham yuksak e'tirof etmoqda.
Amalga oshirilgan ishlar va erishilgan yutuqlardan ruhlangan holda, Yangi O‘zbekistonning yanada ravnaq topishi, xalqning farovon hayot kechirishini ta'minlash maqsadida islohotlarni yanada davom ettirish bugungi kunda davlat rahbarini o‘ylantirayotgan masala ekaniga Murojaatnomada yana bir marta guvoh bo‘ldik.
Murojaatnomada 6 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vaziflar aniq belgilab berildi.
Birinchi ustuvor yo‘nalish, ya'ni “Ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tish” bo‘yicha amalga oshiriladigan islohotlardan ko‘zlangan bosh maqsad “Inson qadri uchun”, “Xalqni rozi qilish”dan iboratdir.
Endi mamlakatimiz boshqaruvning zamonaviy shakliga o‘tmoqda. Ya'ni, “qo‘l boshqaruvi” o‘rniga, aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruv joriy etilmoqda.
Bu bo‘yicha dastlabki qadam ham qo‘yildi. O‘tgan yilning 21-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekiston ma'muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan natijadorlikka yo‘naltirilgan ixcham va professional davlat boshqaruvi tizimini yaratish hamda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini yangilangan talablar va tamoyillar asosida tashkil etish bo‘yicha qator tartiblar belgilandi.
Endilikda vazirliklar faoliyati isloh qilinib, ularning soni qayta ko‘rib chiqiladi va kamaytiriladi. Davlat xizmatchilari soni bosqichmabosqich qisqartirilib, har bir vazirning mas'uliyati va javobgarligi kuchaytiriladi.
Boshqaruv sohasidagi islohotlarning e'tiborli jihati shundaki, tejab qolinadigan mablag‘lar ijtimoiy masalalarni hal etishga yo‘naltiriladi. Bu bilan yana bir marta islohotlar inson manfaatlari himoyasi uchun xizmat qilayotganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.
Murojaatnomada keltirilgan dolzarb masalalar bizni yanada chuqur o‘ylashga va kelgusidagi vazifalarimizni qayta ko‘rib chiqishga asos bo‘ladi.
Shu bois Murojaatnomada keltirilgan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha 2023-yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi belgilab olindi. Unda vazirlarning siyosiy mas'uliyatini oshirishga, belgilangan rejalar bajarilishi bo‘yicha jamoatchilik va parlament oldida hisobdorlik masalalariga alohida e'tibor qaratilgan.
Murojaatnomada qayd etilgan vazifalarni vaqtida va to‘laqonli bajarish, shu orqali aholi farovonligi va Vatan ravnaqiga o‘z hissamizni qo‘shish burchimizdir.
Shuhrat CHO‘LLIYEV,
Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari,
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘rinbosari,
O‘zXDPdan xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashi deputati.
«O‘zbekiston ovozi», 11.01.2022, №1